Kontent qismiga oʻtish

Moldo Niyaz

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Moldo Niyaz
Asl ismi qirgʻizcha: Молдо Эрназар уулу Нияз
Tavalludi 1823-yil
Vafoti 1896-yil
Rossiya imperiyasi
Ijod qilgan tillari qirgʻiz tili
Fuqaroligi Rossiya imperiyasi
Tanlangan asarlari Sanʼat digarastlar

Moldo Niyaz (qirgʻizcha: Молдо Эрназар уулу Нияз, 1823-yil — 1896-yil) — qirgʻizlarning koʻzga koʻringan oqini (shoiri), mutafakkiri, faylasufi, maʼrifatchisi va qirg‘iz tilida eng dastlabki qogʻozga tushirilgan poetik asarlar — „Sanʼat digarastlar“ nomli qoʻlyozma kitoblarning muallifi[1][2].

Moldo Niyoz oʻz davrida qirg‘iz tili, arab tili, fors tili va qadimgi turkiy tillarni yaxshi bilgan mutaxassis inson boʻlgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, u bolaligidan islomiy adabiyotlarni oʻqib, Qorategin (hozirgi Tojikistonning Togʻli Badaxshon avtonom viloyati), Qoshgʻar (hozirgi Xitoy) va Marg‘ilon (hozirgi O‘zbekiston) madrasalarida bilimini oshirgan. Uch joyda oʻqishi va uch tilni (fors, arab, chigʻatoy) oʻzlashtirgani uning oʻz davrining oʻta ilm-maʼrifatli insoni boʻlishiga sharoit yaratgan[3].

Faoliyati va ijodi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shoir maxsus madrasa ochib, bolalarga islom taʼlimini oʻrgatgan va Fargʻona vodiysida diniy taʼlimni tashkil etib, bolalarni arab harflari bilan qirgʻiz tilida oʻqitgan. U koʻp joylarni kezib, borgan joylaridan geografik, iqlimiy, etnografik va folklorga oid maʼlumotlarni toʻplagan.

Tarixchi A. Urstanbekovning „Qirgʻiz tarixi“ nomli ensiklopedik lugʻatida Moldo Niyaz „qirgʻizning eng dastlabki yozma shoirlaridan biri“ deb koʻrsatilgan. U oʻz asarlarida hayot va oʻlim, odob-axloq, yaxshilik va yomonlik kabi falsafiy mavzularni, shuningdek, Qoʻqon xonligi hududidagi tarixiy voqealarni yoritgan. Uning sheʼrlarida Olimqul Otaliq, Qurbonjon dodxoh va Po‘latxon kabi el rahbarlarining faoliyati haqida muhim maʼlumotlar beriladi.

Merosini oʻrganish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sovet davrida Moldo Niyaz haqida akademik Bolot Yunusaliyevning bir maqolasidan boshqa katta ilmiy tadqiqotlar olib borilmagan. Shoirning arab yozuvidagi sheʼrlarini kirillchaga koʻchirish va nashr etishda Omor Suronovning mehnati katta. Tadqiqotchilarning tasdiqlashicha, Moldo Niyazning oʻz qoʻli bilan yozgan 7 ta qoʻlyozma kitobi boʻlgan.

1993-yil noyabr oyida qirgʻiz jamoatchiligi shoirning 170 yillik yubileyini keng tarzda nishonladi. Qirgʻiz Respublikasi Milliy fanlar akademiyasining Qoʻlyozmalar fondida uning oʻz qoʻli bilan yozilgan uchta qoʻlyozma kitobi saqlanmoqda.

  1. Muratov, Abdikerim. Yrda qolgan Datkayim. Mudarris otiqqan Moldo Niyoz haqida 10 fakt. Sputnik Qirg‘iziston (2021-yil 5-iyun).
  2. Koç, Saadettin (2009). "Sovet Do‘neminden O‘nce Kırgız Edebiyatı". Uşak Üniversitesi Sosial Bilimler Dergisi 2 (2). https://dergipark.org.tr/tr/pub/usaksosbil/issue/21652/232779#article_cite.
  3. Irda kalgan Datkayim. Mudaris atikkan Moldo Niyaz tuuraluu 10 fakti
  • „Qirgʻiziston“ milliy ensiklopediyasi: 5-tom. Bosh muharrir Asanov U. A. K 97. B.: Davlat tili va ensiklopediya markazi, 2014. ISBN 978-9967-14-111-7