Miyon hazrat madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

MIYON HAZRAT (AHAD) MADRASASI — Qoʻqondagi meʼmoriy yodgorlik (18-asr). Miyon Ahad asli Peshovar (Pokiston)lik boʻlib, evarasi Abdurahmonning hikoya qilishicha, u Abdusamadboy degan savdogar bilan tanishib, oʻz oilasi bilan Qoʻqonga koʻchib kelgan. Ahad oʻzining oʻtkir zehni, diniy bilimlarga boyligi bilan mahalliy aholi oʻrtasida katta eʼtibor qozongan, hamda xon huzurida maslahatchi darajasiga koʻtarilgan. U Pokistondan olgan meros mulkiga shu madrasani qurdirgan.

Madrasa tarhiga koʻra, murakkab, 3 hovlili; 2 hovli sharq-gʻarb oʻqi boʻylab, 3-hovli esa jan.dan yondashgan. Madrasaga kiriladigan asosiy yoʻl jan. hovlining gʻarbidan peshtoq gumbazli darvozaxona orqali kiriladi. Yogʻochdan ishlangan darvozani mahalliy usta Iskandarxoʻja oʻyma naqshlar bilan bezagan. Jan. hovli (32x26) atrofida xujralar joylashgan, uning jan. tomonidagi masjid koʻp ustunli, tarhi toʻgʻri toʻrtburchak, tekis tomli. Madrasa hovlisining jan.sharqida uncha katta boʻlmagan minora saqlangan. Sharkiy hovli (35x20 m) va gʻarbiy qovli (23 x 11 m) atrofida ham hujralar joylashgan. Sharqida ayvon (saqlanmagan), gʻarbida esa darexona bor. Madrasa tomlari kulohiy, qubbali va toʻsinli usullarda qoplangan. Tashqarisi sirkor pishiq gʻishtdan ishlangan, ichi esa ganch qorishmasida suvalgan. Uning bunday hovlilar tizimiga ajratilishi oʻqitiladigan fanlarning guruxlantirilishi bilan bogʻliq deb taxminan qilinadi. Madrasada diniy bilimlardan tashqari boshqa fanlar qam oʻqitilgan. Muqimiy ham shu madrasada taʼlim olgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Azimov I., Fargʻona vodiysining arxitektura yodgorliklari, T., 1986.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil