Mexanik va fizik himoya usullari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mexanik va fizik himoya usullari (oʻsimliklar himoyasida) — zararkunandalar, kasallik qoʻzgʻatuvchilar va begona oʻtlarga qarshi kurashda turli mexanik moslamalar hamda tashki muhitning fizik omillaridan foydalanish. Oʻsimliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi uygʻunlashtirilgan kurash tizimida muhim usullardan biri. Mexanik himoya usulida zararkunandalarning harakatlanishiga yoki oʻsimliklarning shikastlanishga toʻsqinlik qiluvchi turli xil choratadbirlar (daraxt poʻstlogʻini tozalash, uyalar va oʻsimlik qoldiklarini yoʻqotish, tutqich belbogʻlar bogʻlash, soxta yem qoʻyish va boshqalar) koʻllanadi. Mexanik usulni ki-myoviy usul bilan birga olib borish mumkin: mas, chigirtkalarga qarshi kurashda qaziladigan chuqurlarga dori sochish, tutqich belbogʻlarga esa insektitsid shimdirish. Mexanik himoya usulida ayrim zararkunandalarni (koʻsak qurti, Kolorado qoʻngʻizi, zararli xasva va boshqalar) qoʻlda terib yoʻqotish mumkin. Fizik himoya usuli turli tabiiy omillarni qoʻllashga asoslangan (sunʼiy yoritish, oʻta yuqori yoki past harorat, radioaktiv nurlar, past bosim, yuqori chastotali elektr toki va boshqalardan foydalanish). Yorugʻlik tutqichlardan dalalarda hasharotlar miqdorini aniqlashda foydalaniladi. Don va mevalarni zararsizlantirishda sovitish usuli ishlatiladi. Koʻpgina hasharot va kanalar — ombor zararkunandalari 0° da nobud boʻladi.

Kasalliklarga qarshi fizik kurash usulida yuqum (infeksiya) ni yuqori harorat taʼsirida, mas, urugʻlarni issiq suvda (48—50°) qizdirib yoʻqotish mumkin. Urugʻlikni zararsizlantirishda quruq issiklik (donni 6—8 sutka davomida 40—45° da qizdirish) qoʻllanadi.

Najmiddin Maxmudxoʻjayev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil