Mazdakiylik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mazdakiylik - diniy-falsafiy taʼlimot. Asoschisi Mazdak. Mazdikiylar harakati davrida Eronda keng tarqalgan. M. taʼlimotiga ko'ra, olamda boʻladigan jarayonlar ongli va biror maqsadni koʻzlab harakat qiluvchi yaxshilik, yorug'lik manbai bilan koʻr-koʻrona va tasodifiy harakatlanuvchi yomonlik, qorong'ulik (johillik) manbai oʻrtasidagi kurashdan iborat. Bu kurash "yaxshilik"ning "yomonlik" ustidan gʻalabasi bilan tugallanadi. M.da birinchi o'rinda sof falsafiy va diniy masalalar emas, ijtimoiy masalalar turadi. M.da asosiy yovuzlik boylikka hirs qo'yish va kambag'allik, deb taʼkidlanadi. Ijtimoiy zulmga qarshi kurash muqaddas vazifa sifatida talqin etiladi va unga diniy tus beriladi. M.ning asosiy gʻoyasi mulkiy tenglikni oʻrnatishdan iborat. Bu tenglik barcha moddiy boyliklarga dehqonlar jamoasi orqali egalik qilish, yaʼni moddiy boyliklar odamlarga teng taqsimlanishi kerak deb tasavvur etiladi. Bu gʻoya xalq ommasi ichida keng tarqalib, mazdakiylik harakatining mafkurasi sifatida xizmat qilgan. Bu taʼlimot garchi hayoliy boʻlishiga qaramay, uning adolatsizlik va zulmga qarshi qaratilgani, tinchlikka chaqirishi ijobiy ahamiyat kasb etdi. M. keyingi asrlar davomida Eron, Oʻrta Osiyo va Ozarbayjondagi dehqonlarning va shahar kambagʻallarining (Abu Muslim, Muqanna, Bobak qoʻzg'oloni) kurash bayrog'i boʻlib qoldi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil