Xonaqoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xonaqoh — katta bino yoki uning asosiy xonasi: diniy meʼmoriy inshootlardagi (masjid, madrasa va boshqalardagi) katta xona (zal), ziyoratchilar uchun qurilgan jamoatxonalar, hujralar ham shunday ataladi; sufiylar mashgʻulotlarini oʻtkazishga moʻljallangan katta xona va uning atrofiga qurilgan xujralardan iborat meʼmoriy maskan; mahalla, qishloq masjidlarining tomi (yopmasi) gumbazli yoki tekis boʻlgan qishki qismi.

Oʻrta asrlarda xonaqoh odam, borliq, Tangri munosabatlariga oid murshid va muridlar suhbatlari oʻtkaziladigan maskan edi[1].

Xonaqoh, odatda, murabba yoki toʻrtburchak tarhli boʻlib, bir necha kirish eshigiga ega boʻlgan. Mujassamotida, ayniqsa, ochiq muhitda markaziylikka moyillik seziladi. Asosiy kirish eshigi anʼanaviy usulda baland peshtoqli qilib qurilgan, eshiklar tobadoniga yogʻoch panjaralar oʻrnatilgan, ichi oddiy, ravoqli, tokchali, mexrobi serhasham bezatilgan. Binolar tarkibidagi xonaqoh maqbara boʻlgan yoki tunga oʻxshash vazifani bajargan (masalan, Toshkent shahridagi Baroqxon madrasasidagi Suyunchxoʻja maqbarasi, Abulqosim madrasasidagi Moʻyi muborak xonaqohi va boshqalar). Mahalla masjidlari xonaqohi gumbaz tomli qilib qurilsa ham, ayvonining shifti tekis boʻlgan. Koʻp holatlarda xonaqoh ham, ayvon ham bir xil toʻsinli qilib qurilgan. Yirik xonaqohlar amaliy bezak sanʼati namunalari (ganch va yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik va boshqalar) bilan jozibador bezatilgan (Buxorodagi Xoʻja Zaynuddin, Chor Bakr, Qosim Shayx xonaqohlari diqqatga sazovor). Xonaqoh maxsus bino sifatida Markaziy Osiyoda Amir Temur davrida ham maʼlum boʻlgan, XVI asrdan keng miqyosda qurila boshlagan. Vaqt oʻtishi bilan xonaqohning vazifasi oʻzgarib borgan, soʻnggi oʻrta asrlarga kelib xonaqoh darvishlar zikru samoʻ qiladigan maskanga aylana boshlagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Jumanazar 2017, s. 55.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]