Shovvoz Švejkning boshidan kechirganlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shovvoz Švejkning boshidan kechirganlari

Olmon tilidagi ilk nashrlardan biri
Asl nomi Osudy dobrého vojáka Švejka za světové války
Muallif(lar) Jaroslav Hašek
Tarjimon(lar) Nasibulla Habibullayev
Til chex
Janr(lar)i roman
Nashr etilgan sanasi 1921-1923
Nashriyot Gʻafur Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1971
Sahifalar soni 524

„Shovvoz Švejkning boshidan kechirganlari“ (talaffuzi: Shovvoz Shveykning boshidan kechirganlari) (chex. Osudy dobrého vojáka Švejka za světové války, yaʼni „Yaxshi askar Švejkning Jahon urushi davomidagi muhim sarguzashtlari“) — chex yozuvchisi Jaroslav Hašek qalamiga mansub tugallanmagan satirik roman. Roman chex adabiyotining boshqa tillarga eng koʻp tarjima qilingan asaridir. Aksar adabiyotshunoslar bu asarni ilk urushga qarshi roman deb hisoblaydi. Roman asosida bir necha oʻnlab film suratga olingan. Asarni oʻzbek tiliga Nasibulla Habibullayev tarjima qilgan.

Muallif asarni olti jildi qilishni istagan. Ammo uch jildni yakunlab, toʻrtinchisini yoza boshlagan paytda yuragi toʻxtab, vafot etgan. Yakunlangan boʻlimlar quyidagilardir: „Mamlakat ichkarisida“ (1921), „Frontda“ (1922), „Shonli qamchilash“ (1922), „Shonli qamchilash davom etadi“ (1923) (toʻliq tugallanmagan). Hašek vafotidan keyin tugallanmagan romanni jurnalist Karel Vaněk davom etgan. Bu asar „Shovvoz askar Švejkning rus asirligidagi sarguzashtlari“ (chex. Švejk v Ruském Zajetí a Revoluci nomi bilan 1923-yil chop etilgan.

Oʻzbekcha tarjima[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asarni oʻzbek tiliga 1958-yil „Pravda“ nashriyotining „Ogonyek“ jurnalida chop etilgan ruscha nashridan Nasibulla Habibullayev tarjima qilgan. Oʻzbekcha nashr 1971-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyotida chop etilgan. Oʻzbek tiliga romanning faqat „Mamlakat ichkarisida“ hamda „Frontda“ boʻlimlari oʻgirilgan xolos. Oʻzbekcha nashrni tayyorlashda yana quyidagi shaxslar ishtirok etgan: X. Ergashev – muharrir, G. Frolov – rassom, I. Siganov – rasmlar muharriri, E. Saidov – texnik muharrir, N. Roʻzimuhamedova – musahhih. Adadi – 15 000 nusxa.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]