Qora Yusuf

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qora yusuf (? - 1420.13.11, Ujon) — Qora qoʻyunli turkman qabilasi amiri Qoramuhammad turkmanning oʻgʻli. Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafar-noma" asarida qayd etilishicha, Amir Temur Gʻarbiy yurishlari chogʻida Q.Yu.ning hajga boruvchilar va savdo karvonlarini talab, qaroqchilikni kasb etganini bilgach, uni qattiq taʼqib ostiga oladi. Q.Yu. Amir Temurga qarshi Iroq hokimi Ahmad Jaloyir bilan ittifoq tuzadi, biroq ular Sohibqiron hujumiga dosh berolmay Misr va Rum sultonlaridan panoh izlaydilar. Amir Temur vafotidan soʻng, Q.Yu. Tabrizga qaytadi va tez orada oʻzini tiklab Temuriylar saltanatiga xavf tugʻdira boshlaydi.

1408 yil 13 aprelda Tabriz yaqinidagi Shanbi Gʻozonda mirzo Abubakr ibn Mironshoh bilan Q.Yu. oʻrtasida qattiq jang boʻladi va Q.Yu. lashkari gʻolib keladi, Mironshoh mirzo shu jangda halok boʻladi.

Shundan soʻng Iroqi Ajam, Ozarbayjon, Arron, Mugʻon, Diyorbakr, Iroqi Arabdan iborat hududlar uning hukmi doirasiga oʻtadi va Q.Yu. Temuriylarga qarashli Sultoniyaga daʼvogarlik qiladi. Shohrux mazkur xavfni bartaraf etish va akasi Mironshoh oʻlimi uchun ham qasos olish maqsadida katta lashkar bilan Q.Yu. ustiga yurish boshlaydi. U Rayga yetib borganida Q.Yu.ning Ujonda oʻlgani haqida xabar keladi.

Q.Yu. vafotidan soʻng, uning oʻgʻillaridan amir Iskandar Temuriylar saltanatiga tajovuz qilgan. Shohrux uning ustiga katta lashkar tortib 1429 yil 17—18 sentyabrda Salmos yaqinidagi shiddatli jangda amir Iskandar lashkarini tor-mor etgan.