Qobiliyat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qobiliyatinsonning individual salohiyati, imkoniyatlari. Qobiliyat bilimdan keskin farqlanadi, bilim mutolaa natijasi hisoblanadi, Qobiliyat shaxsning psixologik va fiziologik tuzilishining xususiyati sanaladi. Qobiliyat koʻnikma, malakadan farq qiladi. Qobiliyat insonga berilgan inʼom sifatida qaraladi. Aksariyat ilmiy manbalarda mohirlik bilan qobiliyat aynanlashtiriladi. Qobiliyat inson tomonidan koʻnikma va malakalarning egallanishi jarayonida takomillashib boradi. Har qanday qobiliyat turi shaxsga tegishli murakkab psixologik tushunchadan tashkil topgan boʻlib, u faoliyatning talablariga mutanosib xususiyatlar tizimini oʻz ichiga oladi. Shuning uchun qobiliyat deganda birorta xususiyatning oʻzini emas, balki shaxs faoliyatining talablariga javob bera oladigan va shu faoliyatda yuqori koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlashga imkoniyat beradigan xususiyatlar sintezini tushunmoq lozim. Barcha qobiliyat uchun tayanch xususiyat — kuzatuvchanlikda, yaʼni insonni fahmlash, obyektdan u yoki bu alomatlarni koʻra bilish, ajrata olish koʻnikmasidir. Qobiliyatning yetakchi xususiyatlaridan biri — narsa va hodisalar mohiyatini ijodiy tasavvur qilishdir. U shaxsning shakllanishi va rivojlanishi natijasi boʻlishi bilan birga, tabiiy manbaga ham ega. Bu tabiiy manba koʻpincha zehn tushunchasi bilan yuritiladi. Zehn muayyan bir faoliyatga yoki koʻpgina narsalarga nisbatan ortiqcha qiziquvchanlikda, moyillikda, intilishda namoyon boʻladi. Zehn nishonalari deganda qobiliyat ichki imkoniyatlarining tabiiy asosini tushunish lozim. U ishtiyoq, moyillik, mehnatsevarlik, ishchanlik, talabchanlik kabilarning mahsulidir. Qobiliyat umumiy va maxsus turkumlarga ajratiladi. Umumiy qobiliyat deganda yuksak aqliy imkoniyat va taraqqiyot tushuniladi. Qobiliyat tabiiy ravishda shakllanishi va muayyan reja asosida rivojlantirilishi mumkin. Qobiliyatni maʼlum faoliyatga moyillik yoki intilish orqali, tabiiy zehn nishonalarini aniqlash, mutaxassis rahbarligida uzluksiz faoliyatga jalb etish, qobiliyatni takomillashtirishning maxsus vositalarini qoʻllash, shaxsning faollik alomatlarini maksimal darajada rivojlantirish, inson shaxsiga alohida yondashuvni umumiy talablar bilan uygʻunlikda olib borish va boshqa orqali rivojlantirish yoʻllari mavjud. Qobiliyatning yuqori darajasi isteʼdod va daholik (qarang Daho) namoyon boʻladi. Qobilyatlar, aslida, tug'ma bo'ladi. Qobiliyat tug‘ma bo‘lsada uning rivojlanishi ijtimoiy muhitga ham bog‘liq bo‘ladi