Poʻlatjon Qayyumov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Poʻlatjon Qayyumov
Tavalludi 1885-yil
Vafoti 1964-yil
Kasbi Pedagog, tarjimon
Bolalari Munisxon, Hafizxon, Azizxon,
Lazizxon, Nasimxon
Otasi Abduqayum Mirzo

Qayyumov Poʻlatjon (1885-yil, Qoʻqon — 1964) — maʼrifatparvar pedagog, tarjimon. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1942).

Poʻlatjon Qayyumov 1885-yilda Qoʻqon shahridagi Haydarbek mahallasida, xattot Abduqayum mirzo oilasida tugʻilgan. U dastlab Qoʻqondagi madrasada, keyinchalik 1906-yilda rus-tuzem maktabida taʼlim olgan. Poʻlatjon Qayyumov davr bilan hamnafas qadam tashlab, XX asr boshlarida yangi usul maktablarini tashkil etgan jadid maʼrifatparvarlarining oldingi saflarida boʻlgan. Oʻsha davrda Qoʻqon shahrida faoliyat olib borgan Hamza Hakimzoda Niyoziy, A.Ibodiy, Ibrohim Davron, M.Xoliqiy, Ashurali Zohiriy, Ismoil Afgʻoniy, S.Majidiy va boshqalar jadid muallimlari bilan hamkorlik qilgan. 1910—1917-yillarda Poʻlatjon Qayyumiy oʻzining tashabbusi bilan jadid maktablarda yoshlarga dars bergan. Keyinchalik respublikadagi oliy oʻquv yurtlarining tayyorlov kurslarida til va adabiyot fanidan taʼlim bergan. 1912-yilga kelib Qoʻqonda oʻzining yangi usul maktabini ochgan. Maktabida oʻz davrining yetuk ziyolilari mulla Mahmudjon mahdum, Muhammadjon Holiqiy, mulla Isʼhoq domulla, Umarxon muallimlarni dars berishga taklif qilgan. Oʻquvchilardan yakuniy imtixonlarni ular olishgan. 1917—1945-yillar davomida Poʻlatjon Qayyumov Sobiq Shoʻro hukumati ochgan maktab-internatda taʼlim bergan. Shu bois, unga 1942-yilda „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi“ unvoni berilgan. Undan taʼlim olgan insonlar oʻzbek xalqining fan va madaniyat fidoyilari boʻlib yetishib chiqqan. Ular qatorida Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Tesha Zohidov, Muhammadjon Oʻrozboyev, Ubay Oripov, Joʻra Saidov, Olim Aminov, Muhammadjon Qoriyev nomlarini keltirish mumkin. 1945—1955-yillarda Poʻlatjon Qayumov Qoʻqondagi oʻlkashunoslik muzeyidagi Tarix boʻlimining mudiri sifatida faoliyat olib borgan[1].

Qoʻqon shahridagi koʻchalardan biriga Po‘latjon Qayyumov nomi berilgan[2].

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otasi xattot Abduqayum Mirzo, bobosi Abdurahim Mirzo. Otasi va bobosi oʻz davrining ziyoli insoni boʻlgan. Qoʻqon xonligi saroyida kotiblik, mirza va xattot vazifalarida ishlashgan. Otasi koʻchirgan Alisher Navoiy va boshqa mumtoz shoirlarning devonlari Toshkentda litografiya usulida bosib koʻpaytirilgan. Onasi haqida maʼlumot mavjud emas. Poʻlatjon Qayyumiy 1914-yilda uylangan. 1918-yilda qizi Munisxon tugʻilgan. Munisxon Qayumova oʻqituvchilik kasbini tanlagan, Qoʻqondagi Mehribonlik uyida mudira boʻlib ishlagan. Munisxondan Fotima va Zuhra ismli qizlar tugʻilgan. Munisxon Qayumova 1975-yil 57 yoshida vafot etgan. Qizi Fotima Husainova (1937-1991) togʻasining ota izidan borib, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Qoʻqonda yashab oʻtgan shoira Anbar otin hayoti va ijodini tadqiq qilgan, filologiya fanlari nomzodi darajasiga erishgan. Poʻlat Qayyumovni katta oʻgʻli Hafizxon Qayumov (1924-1944) shaxmatchi boʻlgan. Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan. Uchinchi farzandi akademik Azizxon Qayumovdir (1926-2018). Azizxon Qayumovning ustozi oʻz davrining yetuk shoiri Asqarali Charxiydir. U Qoʻqon adabiy muhiti tarixi, adabiy jarayonlarni, shoir va adiblarni oʻrgangan. 1949-yil Oʻrta Osiyo davlat Universitetining Sharq fakultetini tugatgan. 1949-yildan boshlab Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganish institutida kichik ilmiy xodim, Sharqshunoslik institutida ilmiy kotib, Til va adabiyot institutida direktor lavozimlarida ishlagan. 1961-yilda Toshkent davlat madaniyat instituti rektori. 1979—1998-yillarda Qoʻlyozmalar instituti direktori lavozimida, 1998-yildan to shu kunga qadar Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim boʻlib ishlab kelmoqda. Aziz Qayumovning xizmatlari davlat tomonidan yuksak baholanib, „El-yurt hurmati“ (2003), "Oʻzbekiston belgisi" (1995), „Shuhrat“ medali (1995) „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni (2014) kabi mukofotlar bilan taqdirlangan.

Poʻlatjon Qayyumovning toʻrtinchi farzandi Laziz Qayumov (1930-2004), asosan Hamza ijodi bilan shugʻullangan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980), filologiya fanlari doktori (1963), professor (1965). Oʻrta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1952). Shu universitetda oʻqituvchi (1953—1956), dotsent (1956-1965), dekan (1960-1962), SSSR xalqlari adabiyoti kafedrasining mudiri (1963-1985; 1988-yildan), „Oʻzbekiston madaniyati“ (1962-1981), „Sovet Oʻzbekistoni“ (1984-1988) gazetalarining bosh muharriri boʻlib ishlagan. Uning rahbarligida 20 dan ziyod fan nomzodlari va doktorlari yetishib chiqqan. Hamza ijodiga bagʻishlangan „Inqilob kuychisi“ (Hamza Hakimzoda biografiyasi) (1962), „Inqilob va ijod“ (1964), „Inqilobiy drama“ (1970), „Hamza“ (1973, 1989) kitoblari nashr etilgan. „Shoira Zulfiya“ (1965, 1975) „Olmos isteʼdod“ (1965), „Zamondoshlar“ (1972), „Asr va nasr“ (1975) va boshqalar asarlarida adabiyotshunoslik va oʻzbek adabiyotiga oid muammolarni ochib bergan. „Oʻqituvchi“ (1954), „Gulistoning sening“, „Mehri daryo“ (1975) voqeiy hikoyalar va „Meridiandagi uchrashuvlar“ (1976) publitsistik maqolalar toʻplamlari ham bor. „Barhayot Hamza“ (1967), „Hamza teatri“ (1968), „Farzandingman, Oʻzbekiston!“, „Gul sayli“ (1972) kabi hujjatli filmlar ssenariysi muallifi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).

Poʻlatjon Qayumovning beshinchi farzandi Nasimxon Qayumov filologiya fanlari nomzodi boʻlib, 49 ta qoʻqonlik shoirlar hayoti va ijodini oʻz ichiga olgan „Qoʻqon shoirlari“ kitobi muallifidir.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „QAYYUMOV“. qomus.info. Qaraldi: 23-iyun 2023-yil.
  2. „Po‘latjon Qayyumov (1885-1964)“. ziyouzcom. Qaraldi: 23-iyun 2023-yil.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Tazkirai Qayyumiy, 1—3-kitob, T., 1998.