Palermo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Palermo — Italiyadagi shahar va port. Sitsiliya viloyati va Palermo provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 652,6 ming kishi (2001). Iqtisodiy ahamiyati jihatidan mamlakat janubida Neapoldan keyin 2-oʻrindagi shahar. Tirren dengizi sohilidagi port (chetga sitrus mevalar chikariladi). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Kemasozlik va kema taʼmirlash, samolyotsozlik, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, kimyo, yogʻochsozlik, sement, oziq-ovqat, toʻqimachilik, poyabzal, poʻlat quyish, poligrafiya, tamaki, elektrotexnika sanoati korxonalari mavjud. Palermo — turizm markazi, kishki kurort. Har yili xalqaro yarmarkalar oʻtkaziladi. Universitet (1777), Nafis sanʼat akademiyasi, konservatoriya, rasadxona, Milliy galereya, arxeologiya, milliy, etnografiya va boshqa muzeylar, botanika bogʻi, opera va drama teatrlari bor. Shaharga miloddan avvalgi 8-asrda finikiyaliklar tomonidan asos solingan. 14— 16-asrlarga oid meʼmoriy yodgorliklari saqlangan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil