Oqsaroy (Shahrisabz)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Saroy
Oqsaroy
Shahrisabzda joylashgan Oqsaroy yodgorligi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Qashqadaryo
Shahar Shahrisabz
Mulkdor Davlat mulki
Binokorlik tashabbuschisi Amir Temur
Binokorlik 1380-yil1404-yil
Maqomi Davlat himoyasida
Oqsaroyning umumiy koʻrinishi

Oqsaroy (13801404) — Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. Mazkur majmua 1380-yilda Amir Temur tomonidan qurib bitkazilgan[1].

Qurilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oqsaroyning qurilishi 1380-yilda boshlangan, hamda 1386-yilda oʻz nihoyasiga yetgan. Ammo bezaklash ishlari 1404-yilga qadar choʻzilgan. Saroy Amir Temurning onasi Takinaxotun xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan. Saroyni barpo etish davomida Xorazm, Eron va boshqa koʻplab mamlakatlardan keltirilgan hunarmandlar ishtirok etgan. Jumladan, gumbazli arkni yasash va bezashda tosh kesuvchi usta Muhammad Yusuf Tabriziyning ishtiroki boʻlganligi gumbaz yozuvlarida saqlangan.

Inshoot avvaliga 73 metrlik boʻlishi kerak edi. Uning tom qismida kichik suv hovuzi joylashtirilgan, undan quvurchalar orqali oʻtgan suv sharshara hosil qilgan. Saroy poyedevorini bunyod etishda oltin qum ishlatilgan. Bino poydevori ancha chuqur qilib qurilgan[2]

Oʻtmishdoshi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oqsaroyning oʻtmishdoshi unga juda oʻxshash inshoot saroy boʻlib, u XI-XII asrlar oraligʻida Termiz hukmdorlari saroyi vazifasini oʻtagan. Mazkur inshoot ham Oqsaroy bilan shaklan oʻxshash, saroy tipida bunyod etilgan. Uning darvozaxona qismi ulkan peshtoq bilan bezatilgan, hovlining markazida qabulxona (koʻrinish xonasi), yon tomonlarida esa boshqa qoʻshimcha inshoot va binolar qurilgan.

Joylashishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oqsaroy shaharning shimoliy-sharqiy qismidagi bosh maydonda joylashgan boʻlib, oʻz davrida muhtasham, xashamatli boʻlgan bu saroyning bizgacha yetib kelgan qismi yemirilib, haroba holiga kelib qolgan.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saroyning faqatgina ulkan peshtogʻi, ikki chekkasidagi minorasi, saroy poydevorining bir qismigina saqlanib qolingan. Oqsaroyning hozirgi koʻrinishi ham salobatli va goʻzaldir. Bu salobatlilik va goʻzallikka gʻishtlarning yaxlit boʻlib koʻrinishini taʼminlash — old va shimoliy devor yuzasini sirkor parchinlar bilan bir tekisda ishlash tufayli erishilgan. Peshtoq ravogʻining eni 22,5 m, balandligi 40 m, umumiy balandligi 50 m dan oshiqroqni tashkil etadi. Peshtoq minorasi ichidagi aylanma zina orqali yuqoriga chiqilgan.

Saroy qabulxonasi arkining kirish qismida sher va quyosh, shu bilan birgalikda Temur davlatining ramzi boʻlmish uchta halqa shakli tasvirlangan.

Ichki va tashqi devorlarda kufiy yozuvlar, ziynatli bezaklar, girih uslubidagi islomiy naqshlar mavjud.

Saroy haqidagi fikrlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oqsaroyning saqlab qolingan xarobalari

Oqsaroyning avvalgi holati toʻgʻrisida faqat yozma manbalarga qarab fikr yuritish mumkin. 20 yil davomida qurilgan bu bino toʻgʻrisida Abdurazzoq Samarqandiy quyidagicha maʼlumot beradi:

„Temur ishga yaroqli boʻlganlarning hammasini Xorazmdan Movarounnahrga koʻchirish uchun buyruq berdi… Xorazmlik ustalar baland va salobatli saroy qurishdi, hozir u Oqsaroy nomi bilan mashhur.“

Klavixo saroyni koʻzdan kechirganda (1404-yil, 29-avgust) u hamon qurib bitkazilmagan, baʼzi joylarining koshinli naqshlari tugallanmagan edi. Shunga qaramay, juda hayratlanganligini, uning nihoyatda goʻzalligini yozadi. Saroy qurilishida xorazmlik ustalar qatori, mahalliy va boshqa davlatlardan kelgan ustalar ham qatnashgan. Peshtogʻidagi yozuvlar orasida eronlik Muhammad Yusuf Tabriziy nomi 2-marta takrorlangan.

Yozma manbalarga koʻra, Oqsaroy turar joy va jamoat binosi sifatida qurilib, xonalar hovli atrofida joylashgan. Bobur maʼlumotlariga koʻra, hovli oʻrtasida hovuz, toʻrida gumbazli katta xona — devonxona, yonlarida maslahatchilar uchun kichik xona, hashamatli ravoqli bostirmalar, ichki tomonida haram va amirning xonasi joylashgan. Devonxona peshtogʻida arslon va quyosh tasviri va Temur davlatining 3 halqa shaklidagi nishoni boʻlgan. Gumbaz ichi va yonlariga, burchaklardagi minoralarga koshin-gʻishtlardan qalqon shaklidagi girih naqshlar ishlangan. Bu naqshlar silliqlangan gʻisht va feruza rangli sirkor parchindan yozilgan kufiy xatlar zamini yoʻgʻon koʻk belboqqa oʻxshash mujassamotni tashkil etgan. Oqsaroy devorlaridagi ranglar jilosi, tarixiy, falsafiy va diniy mavzudagi, kufiy, suls yozuvlari, koshinkori bezaklar, islimiy, girih naqshlarning oʻzaro uygʻunligi binoga ajoyib va sehrli mazmun bagʻishlagan. Ranglarning oy yorugʻida jilolanib, oqarib koʻrinishidan bino Oqsaroy deb nomlangan.

Saroyning oʻziga xos xususiyatlaridan biri — tom tepasiga ishlangan hovuzdir. Hovuzga suv Taxtaqoracha dovonidan qoʻrgʻoshin quvurlar orqali oqib kelib, undan sharshara hosil qilib pastga tushirilgan[3].

1707-yilda Buxoro xoni Ubaydullaxon Oqsaroy peshtogʻi ostida toj kiyib, taxtga oʻtirganligi peshtoqning oʻsha paytda butun ekanligidan darak beradi. 1973— 1975-yillarda arxeologik tadqiqotlar, 1994—1996-yillarda konservatsiya ishlari olib borilgan[4].

Ashtarxoniylar hukmronlik davrida Oqsaroy Shahrisabzdagi kenagas beklari uchun ham qarorgoh vazifasini bajargan[5].

Arxeologik izlanishlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

19731975-yillar davomida Oqsaroy majmuasida arxeologik tadqiqotlar oʻtkazilgan.

Arxeolog X.Sultonov rahbarligi ostida 1970-1980-yillarda bir qator qazishmalar olib borilgan. Natijada poldagi mozaik toʻshamaning bir qismi va hovlining maʼlum hududi aniqlangan.

19941996-yillarda esa Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan saroyda konvertatsiya ishlari amalga oshirilgan.

Muhofazaga olinilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

2002-yili Shahrisabz shahrining 2700 yillik bayrami vaqtida UNESCO hamkorligida saroy qisman qayta taʼmirlangan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mankovskaya L. Y., Qashqadaryo vohasining arxitektura yodgorliklari, Toshkent, 1979-yil
  • Oqsaroy“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 6-jild (Miriy — Parxish). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003 — 704 bet. 
  • Poyon Ravshanov, Oqsaroy tarixi, Toshkent 2016-yil

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Oqsaroy“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.
  2. „Oqsaroy“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
  3. „Shahrisabzdagi Oqsaroy haqida 10 ta fakt“. O'zFA (2020-yil 30-aprel). Qaraldi: 08-2023.
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. „Tarixiy haqiqat izidan – Oq saroyni Abdullaxon vayron etganmidi?“. kun.uz (2019-yil 15-iyun). Qaraldi: 08-2023.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

39°03′14″N 66°50′47″E / 39.05398983757339°N 66.846398°E / 39.05398983757339; 66.846398 G OKoordinatalari: 39°03′14″N 66°50′47″E / 39.05398983757339°N 66.846398°E / 39.05398983757339; 66.846398 G O