Mulk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

MULK, Milk (koʻpligi - amlok) - ma’nodosh boʻlgan va koʻpincha aralash holda qoʻllaniladigan istiloxdar (MLK oʻzagidan -"ega boʻlmoq"). Mulk ham cheklanmagan hokimiyat (jumladan, podsho hokimiyatini) va shak-shubhasiz xususiy egalikni, ham mana shu xususiy egalik ob’ektini, milk esa - faqat xususiy egalik ob’ektini anglatadi. Xususiy egalik huquqi meros, sotib olish, in’om, xususiy egalik ob’ektini yaratish (buyumlar yasash, unumsiz yerni oʻzlashtirish, foydali qazilmalar qazib chiqarish va b.) va harbiy oʻlja sifatida bosib olish yoʻli bilan vujudga keladi. M. muddatga ega emas,shuning uchun topib olingan buyumning egasi noma’lum boʻlsa, topgan kishining xususiy mulki boʻla olmaydi - uni xayriya maqsadlariga berish yoki sarflash lozim boʻladi (bundan qad. xazinalar mustasno). Tashlandiq egasiz yer, uni qayta ishlagan shaxsning xususiy yeriga aylanadi - bu holda yer oʻz mohiyatini yoʻqotgan, foydasiz boʻlib qolgan va shuning uchun xususiy egalik ob’ekti boʻla olmaydi deb hisoblanadi. Biroq, amalda tashlandiq yer koʻpincha oldi-sotdi ob’ektiga aylangan, demak uning egasi hayotligida yerga ishlov berilmagan hodda ham xususiy egalik huquqi bekor qilinmagan. Soliq belgilashdagi farqlar, soliq maqomining oʻzgarishlari yerga xususiy egalik huquqiga ta’sir qilmagan. Butun oʻrta asrlar tsavrida katta-katta mulk yerlari davlat boshliqlari ixtiyorida boʻlib kelgan. Musulmon huquqiga koʻra, M. nafaqat moddiy ob’ektlar, balki turli huquqlar (mas., kanaldagi suvdan olinadigan ulushga boʻlgan huquq) ham boʻlishi mumkin, ularni ham sotib olish va sotish, garovga berish ham mumkin boʻlgan. Faqat musulmon kishi uchun foydasiz yoki man etilgan narsalargana (vino, choʻchqa va b.) xususiy egalik ob’ekti boʻlishi mumkin emas.

Mulkmoddiy va maʼnaviy neʼmatlarning muayyan kishilar egaligida boʻlishi va ular tomonidan oʻzlashtirilishi; mulkka egalik huquqi hamda mulk obʼyektlariga egalik, ularni boʻlish, taqsimlash boʻyicha kishilar oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlar. Mulk obʼyekti yer va yer osti boyliklari, korxona, bino, inshootlar, mashina va uskunalar, tayyor mahsulot, pul, qimmatli qogʻozlar, sanʼat va adabiyot asarlari, ilmiy va texnikaviy ishlanmalar va boshqalar boʻlishi mumkin. Moddiy va maʼnaviy neʼmatlarni amalda oʻzlashtiruvchilar mulk subʼyektlari, yaʼni egalari hisoblanadi. Bularga ayrim kishilar, oilalar, jamoalar va, nihoyat, davlat kiradi. Mulkdan amalda foydalanib, bundan naf koʻrish mulkni iqtisodiy tasarruf qilish hisoblanadi.

Kishilarning moddiy neʼmatlarni yaratishdagi, ularni taqsimlash va isteʼmol etishdagi oʻrni, siyosiy hayotda tutgan mavqei, asosan, ishlab chiqarish vositalariga egalik qilishlariga bogʻliq. Jamiyat taraqqiyoti tarixida egalik qilish shakliga koʻra mulkning bir necha turi bor: ibtidoiy jamoa tuzumida ishlab chiqaruvchi kuchlar gʻoyat past rivojlanganidan kishilar birgalikda, guruh-guruh boʻlib mehnat qilishgan. Shubhasiz, shunday sharoitda mehnat qurollari va mahsulotlari jamoaning umumiy mulki boʻlgan. Mehnat qurollari va mehnat malakasi yuksalgach, kishilar yakka holda mehnat qila oladigan boʻldi. Bu oʻzgarish tufayli jamoa mulki parchalanib, xususiy mulkka aylangan. Xususiy mulk — bu mulkni oʻzlashtirishning xususiy usuliga asoslangan shakli. U 2 xil boʻladi: 1) individual — yakka xususiy mulk, yaʼni ayrim shaxslar yoki oilalarga tegishli mulk; 2) korporativ xususiy mulk, bu ham ayrim kishilarga qarashli, lekin aksiyadorlar jamiyatidagi umumiy mulkning bir qismi sifatida mavjud boʻlgan mulk. Korporativ mulk dividend keltiruvchi mulkdir. Jamoa mulki — bu jamoaga ixtiyoriy ravishda birlashgan kishilarning umumiy mulki boʻlib, bu mulkning egalari shu jamoada mehnat qilishi shart. Bu yerda mulk egasi ayni bir vaqtda shu mulkni amalda ishlatuvchi ham hisoblanadi. Davlat mulki — davlat ixtiyorida boʻlgan mulk, davlat hokimiyati organlari tomonidan tasarruf etiladigan monopollashgan mulkdir. Bunday mulk obʼyekti — yer, tabiat resurslari, asosiy vositalar, binolar, moliya, moddiy resurslar, axborot, moddiy va maʼnaviy boyliklar boʻlishi mumkin. Bu mulk ijtimoiy neʼmatlarni yaratishga xizmat qiladi.

Davlat bor yerda uning mulki mavjud, lekin ushbu mulkning milliy iqtisodiyotdagi ulushi turli mamlakatlarda farqlanadi va mamlakat iqtisodiyotining modeliga bogʻliq. Fuqarolik jamiyati doirasida davlat mulki tobora ijtimoiy yoʻnalish olmoqda, yaʼni umummilliy manfaatlarni himoya qilishga yoʻnaltirilgan. Ijtimoiy mulk — tarixan sobiq sotsialistik mamlakatlarda mavjud boʻlgan. Bunda kishilar mulk egasi sifatida teng boʻladi, shuning uchun har bir kishining jamiyatdagi mavqei, turmush darajasi uning mehnati bilan belgilangan.

Mulkga egalik va uni tasarruf etish muayyan iqtisodiy munosabatlarni paydo etadi va u mulkchilik munosabatlari deb ataladi. Mulk paydo boʻlishi uchun mulkka aylanadigan narsalar naf keltira olishi zarur. Mulkchilik munosabatlari mulkni kishilarning oʻziniki yoki oʻzganiki ekanligini bildiradi. Bunday munosabatlarning 3 jihati bor: 1) mulkka egalik qilish, yaʼni mulkdorlik huquqining mulk egasida saqlanib turishi; 2) mulkdan foydalanish va uni amalda ishlatish. Mulkdan foydalanilganda shaxsiy ehtiyojlarni qondirish yoki daromad topish yuz beradi. Mulkdor oʻz mulkini ishlatganda egalik qilish va mulkdan foydalanish bir qoʻlda toʻplanadi, mulk keltirgan nafni uning egasi tanho oʻzlashtiradi. Mulk oʻzgalar qoʻlida ishlatilganda bundan olingan daromadni mulkdor mulkni amalda ishlatuvchi bilan baham koʻradi; 3) mulkni tasarruf etish — bu mulk taqdirini mustaqil hal qilish, yaʼni mulkni sotish, merosga qoldirish, hadya etish, garovga qoʻyish kabi xatti-harakatlarni erkin amalga oshirilishidir. Mulkiy munosabatlarda mulkni ijaraga berish muhim oʻrin tutadi. Yer, suv havzalari, bino va inshoot kabi koʻchmas mulklar oddiy ijaraga beriladi. Qimmatbaho mashina va uskunalar (traktor, kombayn, samolyot, teplovoz, paroxod, yuk avtomashinalari va vagonlar) ijarasi lizing shaklida amalga oshiriladi. Mulk boʻlgan pul mablagʻlarni oʻz egasi tomonidan, oʻzgalarga foydalanib turish uchun berish kredit shakliga kiradi. Mulk milliy boylikni hosil etadi[1].

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Shodmonov Sh., Alimov R., Joʻrayev T. Iqtisodiyot nazariyasi, T., 2002.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ahmadjon Oʻlmasov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil