Muhammad

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad sollallohu alayhi vasallam
مُحَمَّد صلى الله عليه وسلم
Inscription proclaiming Muhammad as the messenger of God
„Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisi“
Madinada joylashgan Al-Masjid an-Nabaviyning darvozasiga oʻyib ishlangan yozuv
Unvoni Islom dini paygʻambari, Allohning soʻnggi paygʻambari, Allohning elchisi
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi tax. 570 (yoki 571) BE (53 HY)[1]
Vafoti 8-iyun 632-yil (11 HY) (61–62 yoshda)
Madina, Hijoz, Arabiston
Al-Masjid an-Nabaviydagi Al-Qubbah Al-Khaḍrāʾ (Yashil gumbaz)ga dafn etilgan

24°28′03″N 39°36′41″E / 24.46750°N 39.61139°E / 24.46750; 39.61139 (Green Dome) G O
Dini Islom
Turmush oʻrtoq(lar)i Qarang: Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ayollari
Farzandlari Qosim (598–601)
Zaynab (599–629)
Ruqayya (601–624)
Ummu Kulsum (603–630)
Fotima (605–632)
Abdulloh (611–615)
Ibrohim (630–632)
Qarang: Muhammadning farzandlari
Ota-onasi Abdulloh ibn Abdulmuttalib (otasi)
Omina binti Vahb (onasi)
Tanilgan sohasi Islom asoschisi
Boshqa nomlari
  • Rasūl Allāh (Allohning elchisi)
Taxallusi Abu al-Qosim, Abu at-Toyib
Kasbi Savdogarlik
Qarindoshlar Muhammadning shajara daraxti, Ahl ul-Bayt
Imzosi

Muhammad sollahu alayhi va sallam , Muhammad ibn Abdulloh (arabcha: مُحَمَّد بنِ عَبْد ٱللَّٰه; tax. 570-yil, Makka — 8-iyun 632-yil, Madina)[2][3] — islom dini va birinchi musulmonlar jamoasi asoschisi. Musulmonlar eʼtiqodiga koʻra, Allohning oxirgi paygʻambari va uning elchisi. Shu maʼnoda uni Rasululloh, Rasuli Akram deb atash odat tusiga kirgan. Islom taʼlimotiga koʻra, Muhammad ismini aytgan yoki eshitgan kishi „sallalohu alayhi vasallam“ yoki „alayhissalom“ deb salavot aytib qoʻyish vojib hisoblanadi. Muhammad sollahu alayhi va sallam orqali odamlarga Qurʼon nozil qilingan.

Quraysh qabilasining hoshimiylar urugʻiga mansub, uncha boy boʻlmagan, lekin Makka zodagonlariga yaqin oilada tugʻilgan. Muhammad sollahu alayhi va sallamning bolalik va oʻsmirlik yillari haqidagi maʼlumotlar juda kam. Muhammad sollahu alayhi va sallam goʻdakligidayoq yetim qolgan; tugʻilmasidan avval otasi Abdulloh, 6 yoshligida esa — onasi Omina vafot etgan. Muhammad sollahu alayhi va sallamni oʻz tarbiyasiga olgan bobosi Abdulmuttalib ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtadi. Yetim bolani tarbiya qilishni amakisi Abu Tolib oʻz zimmasiga oladi. 12 yoshida Muhammad sollahu alayhi va sallam bir muddat Abu Tolibning podasini boqadi, keyin tijorat ishlariga jalb qilinadi. Abu Tolib Muhammad sollahu alayhi va sallamni 21 yoshida Huvaylid ibn Asʼadning qizi, badavlat beva ayol Xadicha xonadoniga dastyorlikka beradi. Xadichaning savdo ishlari bilan shugʻullangan Muhammad sollahu alayhi va sallam Suriyaga safar qiladi, xususan, Halab va Damashq shaharlariga boradi. Muhammad sollahu alayhi va sallam 25 yoshida (595-yil) 40 yoshlarga borib qolgan Xadichaga uylanadi. Muhammad sollahu alayhi va sallam 3 oʻgʻil (Qosim, Abdulloh, Ibrohim) va 4 qiz (Ruqayya, Zaynab, Ummu Kulsum, Fotima) farzand koʻrgan. Joriyasi Mariyadan boʻlgan Ibrohim ismli oʻgʻlidan boshqa barcha farzandlari Xadichadan edi. Oʻgʻillari goʻdakligidayoq vafot etgan. Qizlaridan Fotima roziyallohu anhogina Muhammad sollallohu alayhi vasallam naslini davom ettirgan. Xadicha roziyallohu anho vafotidan soʻng Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir necha bor uylanganlar (lekin, Oysha roziyallohu anhodan boshqa bokira xotin olmaganlar), biroq ulardan farzand koʻrmagan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam 40 yoshga toʻlganlarida oʻzlarini boshqacha seza boshlaydi. Yolgʻizlikni qoʻmsab, Makka yonidagi Hiro togʻida joylashgan gʻorga borib ibodat bilan mashgʻul boʻlar, oʻyga tolardilar. Taxminan 610-yilda Muhammad Makkada oʻzining Alloh taolodan vahiy olayotganligini eʼlon qiladi. Buni birinchilardan boʻlib Xadicha roziyallohu anho, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalari Ali ibn Abu Tolib hamda asrandi oʻgʻli Zayd ibn Horisa roziyallohu anhumlar eʼtirof etib iymon keltirishgan. Koʻp oʻtmay, Makkaning eng nufuzli savdogarlaridan Abu Bakr, Zubayr, Talha, Saʼd ibn Abu Vaqqos,Usmon ibn Affon roziyallohu anhumlar va keyinchalik Madinaning eng nufuzli savdogari boʻladigan Abdurahmon ibn Avf Muhammad sollallohu alayhi vasallam ni chin paygʻambar deb tan olishgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam izdoshlari jamoasi dastlabki paytlarda 50 kishidan oshmagan. Makkaning asosiy aholisi, ayniqsa, nufuzli qurayshliklar esa Muhammad sollallohu alayhi vasallam taʼlimotini ochiqdan-ochiq dushmanlik bilan qarshi olgan. Buning natijasida Muhammad sollallohu alayhi vasallam tarafdorlaridan 11 xonadon Habashiston (hozirgi Efiopiya) ga koʻchib ketgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam jamoasiga jasur jangchilar sifatida tanilgan Hamza va Umar ibn Xattobning qoʻshilishi jamoaning mavqeini oshirdi. Ayni vaqtda quraysh zodagonlarining Muhammad sollallohu alayhi vasallam va uning tarafdorlariga dushmanligi yanada kuchaydi. 620-yilda Xadichaning, soʻngra Abu Tolibning vafotidan soʻng Makkada vaziyat yomonlashadi, Muhammad sollallohu alayhi vasallam muayyan xatar ostida qoladi. Har yilgi anʼanaviy Makka ziyoratiga kelgan yasriblik Avs va Hazraj qabilalarining vakillari Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashib, sodiqlik bildirishadi va yordam qilishga vaʼda berishadi, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Yasribga koʻchib borishga daʼvat qilishadi. Avval Muhammad sollallohu alayhi vasallamning izdoshlari (asʼhoblar) oʻz oilalari bilan quraysh zodagonlaridan maxfiy ravishda guruh-guruh boʻlib koʻchadi. Oxirida Muhamad sollallohu alayhi vasallamning oʻzi Abu Bakr bilan joʻnab ketadi. 622-yildada yuz bergan bu koʻchish payti (arab, hijrat)dan musulmonlar erasi — hijriy yil hisobi boshlanadi. Yasrib esa Madina an-Nabiy („Paygʻambar shahri“) yoki qisqacha, Madina deb ataladigan boʻldi.

Madinada birinchi masjid qurildi, islom arkonlari ishlab chiqila boshlandi, Kaʼba qibla qilib belgilandi. Jamoani jipslashtirish va uni kengaytirish uchun makkalik mushriklarga qarshi kurashish zarur edi. Makkaliklarga qarshi uyushtirilgan iqtisodiy urush ular farovonligining asosiy manbai boʻlgan savdo karvonlari ishini chippakka chiqardi. 624-yil>da Badr quduqlari oldida Badr jangi, 625-yilda Uhud togʻi etagida Uhud janglari boʻldi. 626-yilda makkaliklar madinaliklarga uzil-kesil zarba berish maqsadida yirik harbiy safarga otlanishdi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Madinani uzoq qamal sharoitiga tayyorladi, shahar atrofiga chuqur xandaqlar qazildi va u yerlarga kamonchi oʻqchilar joylashtirildi. Kutilmagandagi izgʻirin, kuchli shamollar qamal qiluvchilarni toliqtirdi, ular orasida nizolar boshlandi. Natijada Madina qamali bekor qilindi, bu gʻalaba Madina jamoasini yanada jipslashtirish bilan birga, unga yangi-yangi badaviy qabilalarning qoʻshilishiga olib keldi. Hijratning 6-yilida makkalik quraysh zodagonlari mavjud muammolarni kelishuvchilik yoʻli bilan bartaraf etish uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan tengma-teng muzokara olib borishga majbur boʻlishdi. Madinaga qarshi kurashning yetakchilaridan biri boʻlgan Abu Sufyon Muhammad sollallohu alayhi vasallam tarafiga oʻtdi. 630-yilda Makka Muhammad sollallohu alayhi vasallamga jangsiz taslim boʻldi, makkaliklar Muhammad sollallohu alayhi vasallam jamoalariga qoʻshildi. 631-yilda koʻp qabilalar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga boʻysundi va islomni qabul qildi. Hijratning 10-yili (632-yil martida) Muhammad sollallohu alayhi vasallam oʻz oila aʼzolarini olib, Madina atroflaridagi 100 mingdan ortiq kishi bilan Makkaga birinchi va oxirgi marta ziyorat (haj)ga bordi. Bu vidolashuv haji boʻlgan. Mana shu ziyorat Makkaning islom dini markazi sifatidagi mavqeini uzil-kesil hal etdi. Oʻshandan buyon oʻtgan barcha asrlar davomida musulmonlar bu shaharni ziyorat qiladi. Haj safaridan 81 kun keyin uzoq davom etmagan kasallikdan soʻng Muhammad sollallohu alayhi vasallam Madinada vafot etdi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oʻz hujrasiga dafn qilishgan, maqbarasi keyinchalik u yerda qurilgan katta masjid ichida qolgan, musulmonlarning ziyoratgohiga aylantirilgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayoti va tarjimai holi siyratda, uning soʻzlari va qilgan ishlari haqidagi rivoyatlar hadislarda bayon etilgan. Islom taʼlimotida Muhammad sollallohu alayhi vasallam komil inson sifatida taʼriflanadilar. Sunnat paygʻambarning hayoti barcha musulmonlar uchun namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlanadi. Islom anʼanasida Muhammad sollallohu alayhi vasallam hech qanday gʻayritabiiy, ilohiy xususiyatga ega emasligi, balki hamma kabi oddiy odam, lekin Allohning chin va oxirgi paygʻambari ekanligi qayd etiladi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shakl-u shamoyillari, siyrat-u sifatlari, insoniy fazilatlari, boshqa paygʻambarlardan farq etadigan xususiyatlari toʻgʻrisida u bilan birga yurgan, suhbatlaridan bahramand boʻlgan sahobalar hamda nikohida boʻlgan ayollari tomonidan naql qilingan rivoyatlar asosida koʻplab asarlar bitilgan. Ulardan Abu Iso Termiziyning „Shamoili nabaviya“, Muhammad Busiriyning „Qasidai burda“, Abu Jaʼfar Barzanjiyning „Mavlidin-Nabiy“, Muhammad ibn Solihning „Muhammadiya“, Mavlono Muʼinning „Siyari sharif“, Akbarobodiyning "Nodirul-meʼroj“, Sayyid Mahmud Taroziyning „Shirin kalom“, „Nurul kalom“, „Nurulbasar“ va boshqa koʻplab mualliflarning asarlarini misol qilib keltirish mumkin. Imom Termiziyning „Shamoili Muhammadiyya“ kitobi ular ichida qadimiyligi va rivoyatlarining sahihligi bilan ajralib turadi. Unda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning jismoniy va axloqiy xususiyatlariga batafsil taʼrif berilgan. Masalan, ikki kiftlari oʻrtasida „Muhammadun rasululloh“ deya bitilgan muhri nubuvvatlari boʻlgani, soch-soqollarining oqu-qorasi nechta boʻlganidan tortib, kiyim-kechaklari, oyoq kiyimlari, taqqan uzuklari, qilich-qalqonlari, salla-choponlari, yegan va yoqtirgan taomlari, ovqatdan oldin va keyin oʻqigan duolari, suv ichishlari, xushboʻy narsalarni isteʼmol qilishlari, soʻzlashish odoblari, xulq-odoblari, kulish va hazil-mutoyibalari, musiqa va sheʼriyatga munosabatlari, ibodat va riyozatlari, tilovat va munojotlari, yotish-turishlari, tibbiyotga munosabatlari, kundalik tirikchiliklari, goʻzal ismlari-yu laqablari, umrlarining miqdori, xastalik va vafotlari, qoldirgan meroslari va boshqa sifatlari toʻgʻrisida alohida-alohida bob va fasllar orqali bayon etilgan. Jismoniy tuzilishlari toʻgʻrisida jumladan shunday naql qilinadi: „Ul zot sollallohu alayhi vasallamning boʻylari unchalik novcha ham, past ham emas, bosh, qoʻl, oyoq va kiftlari yoʻgʻon, yuzlari qizgʻish, koʻzlari katta, oqi juda oq, qorasi oʻta qora, oʻtkir, sochlari quloqlarining yumshoqlarigacha yopib, yelkalariga tegib-tegmay turar, boʻyinlari sochlari orasidan tovlanib, goʻyo kumush koʻzdek koʻrinib turar, terlasalar, marjondek terlaridan muattar hid taralar, biror kishiga qayrilib qaramoqchi boʻlsalar boshlarinigina burib qaramay, balki butun gavdalari bilan oʻgirilib qarar edilar. Old tomonlarini qanday koʻrsalar, orqa tomonlarini ham shunday koʻrar edilar“.

Manbalar

  1. Conrad 1987.
    • Conrad, Lawrence I. (1987). „Abraha and Muhammad: some observations apropos of chronology and literary topoi in the early Arabic historical tradition1“. Bulletin of the School of Oriental and African Studies. 50-jild, № 2. 225–40-bet. doi:10.1017/S0041977X00049016.
    • Sherrard Beaumont Burnaby. Elements of the Jewish and Muhammadan calendars: with rules and tables and explanatory notes on the Julian and Gregorian calendars. G. Bell, 1901 — 465 bet. 
    • Hamidullah, Muhammad (February 1969). „The Nasi', the Hijrah Calendar and the Need of Preparing a New Concordance for the Hijrah and Gregorian Eras: Why the Existing Western Concordances are Not to be Relied Upon“ (PDF). The Islamic Review & Arab Affairs. 6–12-bet. 5–noyabr 2012–yilda asl nusxadan (PDF) arxivlandi.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  2. Elizabeth Goldman (1995), p. 63, gives 8 June 632 CE, the dominant Islamic tradition. Many earlier (primarily non-Islamic) traditions refer to him as still alive at the time of the Muslim conquest of Palestine. See Stephen J. Shoemaker,The Death of a Prophet: The End of Muhammad’s Life and the Beginnings of Islam, page 248, University of Pennsylvania Press, 2011.

Adabiyotlar

  • Hadis (Al-Jomiʼ assahih), 1—4-j.lar (2-nashri), T., 1997; Imom atTermiziy, Shamoili Muhammadiyya, T., 1991; Sogʻuniy A., Tarixi Muhammadiy (1—2-kitob), T., 1997; Hazrati paygʻambar hayoti (2nashri), T., 1997; Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1kitob: Joqiliya asri). T., 2001.; Lutfiy Ahmad, Saodat asri qissalari [1-kitob. Intizor kutilgan tong], T., 2003.
  • Mansur, Abdulaziz. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil</ref>
  • Ali, Tariq, „Winged Words“ (review of Maxime Rodinson, Muhammad, tarjimon — Anne Carter, NYRB, March 2021, 373 s., ISBN 978 1 68137 492 5), London Review of Books, vol. 43, no. 12 (17 June 2021), s. 11-14.
  • Muḥammad, in The Oxford Encyclopedia of the Islamic World, by Ahmad S. Moussalli, Gordon D. Newby, Ahmad Moussalli
  • Muhammad: Prophet of Islam, in Encyclopædia Britannica Online, by Nicolai Sinai and W. Montgomery Watt

Havolalar