Muborak tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muborak tumani
Мубарекский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Muborak
hokim Muxtor Hayitmurodov
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (01.01.2022) 90,3 ming kishi
Dinlar tarkibi musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Rasmiy sayti http://muborakt.uz/
Xaritada
Muborak tumani xaritada
Koordinatalari: 39°15′30″N 65°11′27″E / 39.25833°N 65.19083°E / 39.25833; 65.19083 G O

Muborak tumani - Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1978-yil 13-sentabrda tashkil etilgan. Gʻarbda Buxoro viloyati, shimolida Navoiy va Samarqand viloyatlari, sharqda viloyatning Koson tumani, janubida Kasbi va Mirishkor tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,07 ming km². Aholisi 90,3 ming kishi (2022). Tumanda 4 qishloq fuqarolar yigʻini (Muborak, Sariq, Qarluk, Qoraqum), 1 shahar (Muborak) bor. Tuman markazi — Muborak shahri.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman Qashqadaryoning quyi qismida, Qarshi choʻli zonasida joylashgan. Yer usti tekislik, adir va qirlardan iborat. Balandligi 450– 550 m. Yozi uzun va issiq, iyulda harorat 42° gacha koʻtariladi. Yanvarda eng past harorat —27°. Noyabr oʻrtalaridan havo soviydi va namgarchilik boshlanadi. Yillik yogʻin 190–200 mm. Vegetatsiya davri 270—280 kun. Tuman hududidan Qashqadaryo oqib oʻtadi.

Muborak tuman hokimligi

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, rus, turkman, tatar, arman, ukrain, ozarbayjon va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 29,4 kishi (2022). Shaharliklar 71,7 ming kishi, qishloq aholisi 18,6 ming kishi (2022-yil).

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman hududidan neft va gaz konlari topilgan. Janubiy Muborak, Shimoliy Muborak va boshqa konlardan neft va gaz chiqarilmoqda. Muborak— Zirabuloq, Muborak—Kogon, Muborak—Navoiy gaz uzatish quvurlari ishlab turibdi. Muborak tumani hududida tabiiy gazni qayta ishlash zavodi bor. Tumanda „Muborakneftgaz“ korxonasi va unga qarashli Zevardi, Koʻkdumaloq, Alan, Oʻrtabuloq, Kultoq, Pomuq, Shimoliy Oʻrtabuloq, Kurik kabi gaz konlari ishlab turibdi. Tumanda 1 qoʻshma korxona, 850 dan ziyod kichik va xususiy korxona, 16 aksiyadorlik jamiyati mavjud. Qishloq xoʻjaligida paxtachilik, gʻallachilik va chorvachilik yetakchi oʻrinda. 4 shirkat xoʻjaligi, 6 fermerlar uyushmasi hamda naslchilik va qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik bor. Jami 23,7 ming ga ekin maydonining 22,9 ming ga si sugʻoriladi, 11 ming ga maydonga paxta, 10,5 ming ga maydonga gʻalla, 100 ga maydonga sabzavot va poliz, 108 ga maydonga yem-xashak ekinlari ekiladi, 142 ga maydonni bogʻlar egallagan. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 12,5 ming qoramol, 137 ming qoʻy va echki, 20 ming parranda bor. Tuman markazini qishloqlar va qoʻshni tumanlar bilan bogʻlaydigan yoʻllar asfaltlangan. Muborak—Koson (50 km), Muborak—Qarshi (78 km), Muborak—Buxoro (90 km) va boshqa yoʻnalishlarda avtobuslar qatnaydi. Muborak tumani hududidan temir yoʻl oʻtgan. Tumanda 2001-yildan „Yangi asr“ telestudiyasi faoliyat koʻrsatadi.

Ijtimoiy soha[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muborak tumanida umumiy hisobda 25 ta mahalla, 33 ta umumiy taʼlim maktabi, sanoat kasb-hunar, tibbiyot, ped.iqtisodiyot kollejlari va kasb-hunar maktabi, 9 kutubxona, 3 klub, 2 yoshlar klubi, yoshlar sport majmuasi, tennis korti, markaziy stadion va futbol maydonlari bor. „Mashʼal“ futbol jamoasi respublikaning oliy tabaqasida qatnashadi. Tuman markaziy kasalxonasining 12 boʻlimi va qishloq vrachlik, feldsher-akusherlik punktlari hamda b. tibbiy muassasalarda 95 vrach va 217 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. 1978-yildan „Muborak hayoti“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 1500).[1]

Moddiy madaniy meros obyektlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muborak tumanida 8 ta obyekt Oʻzbekiston Respublikasining Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[2].

Arxeologiya yodgorliklari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda jami 2 ta arxeologiya yodgorligi davlat muhofazasiga olingan.

Obyekt toʻliq nomi Obyekt davri Obyekt manzili Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq
1 Zanjirsaroytepa[3] XIII asr Koʻhnashahar MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
2 Ishonbogʻtepa[4] XVIII asr Muborak MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida

Arxitektura yodgorliklari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda jami 3 ta arxitektura yodgorligi davlat muhofazasiga olingan.

Obyekt toʻliq nomi Obyekt davri Obyekt manzili Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq
1 Bekcha Sardobasi[5] XVI asr Sariq MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
2 Maymana Sardobasi[6] XIV asr Maymanoq MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
3 Soʻfi eshon maqbarasi[7] XIV asr Sariq MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida

Monumental sanʼat yodgorliklari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda jami 2 ta monumental sanʼat yodgorligi milliy roʻyxatga kiritilgan.

Obyekt toʻliq nomi Obyekt davri Obyekt manzili Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq
1 Alisher Navoiy haykali[8] 1990-yil Alisher Navoiy MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
2 Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga oʻrnatilgan yodgorlik[9] 2000-yil Yoshlik MFY Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida

Diqqatga sazovor joylar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muborak Mervaziy maqbarasi XIV asrda barpo etilgan. Muborak tumani Sariq MFYda joylashgan[10].

Turkiston diyorining shuhratini dunyoga taratgan buyuk allomalardan biri Abdulloh ibn al-Muborak al-Marvaziydir. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha u 736 yil Turkistonning qadimiy shaharlardan biri Marvda (hozirgi Turkmanistonning Mari shahrida) tug'ilgan va 798 yilda 63 yoshida Iroqdagi Furot daryosi boʻyida joylashgan Xish shahrida vafot etib oʻsha joyda dafn etilgan. Diyorimizdan etishib chiqqan mashhur olim, iymon – e'tiqodi, ahloq-odobi, sahovatpeshaligi bilan nom qozongan ajoyib inson Abdulloh ibn al-Muborak al-Marvaziyning Sohibqiron Amir Temur hazratlari xokidan keltirib Qashqadaryoning Xoʻja Muborak qishlog'ida ramziy maqbara barpo etgan. Mustaqillik yillarida taʼmirlanib, tabarruk qadamjoga aylantirilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]