Morfologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Morfologiya (yun. morphe – shakl va… logiya) (tilshunoslikda) – 1) tilning morfologik qurilishi; 2) soʻz shakllari haqidagi taʼlimot. Birinchi maʼnosida obyektni anglatsa, ikkinchi maʼnosida tilshunoslikning shu obyektni oʻrganuvchi boʻlimini bildiradi. U shuningdek 3ta katta guruhga boʻlinadi: 1) mustaqil soʻz turkumlari; 2) yordamchi soʻzlar; 3) oraliqdagi sozlar (alohida olingan soʻzlar)

Morfologiya. soʻz turkumlari, ularga xos grammatik maʼnolarni, har bir turkumga xos grammatik kategoriyalar, bu kategoriyalarni yuzaga keltiruvchi grammatik shakl va grammatik maʼnolar va shahrikni oʻrganadi. Til tizimdan iborat boʻlganidek, uning M.si ham oʻziga xos tizimni tashkil etadi. Oʻz navbatida, morfologik tizim ham oʻziga xos kichik tizimlardan tashkil topadi. Ulardan har birining mohiyati yoritilishi bilan, tilning M.si yaxlit holda, tizim sifatida oʻrganiladi.

Har bir soʻz turkumiga xos ichki tizim (tizimcha)larni shu turkumga xos morfologik kategoriyalar tashkil etadi. Morfologik kategoriyalar soʻz turkumiga xos maʼlum bir hodisaga oid umumiy va xususiy maʼnolar va bu maʼnolarni ifodalovchi soʻz shakllari birligidan iborat boʻladi. Ana shu soʻz shakllari va ularga xos umumiy va xususiy maʼnolar yoritilishi bilan muayyan morfologik kategoriyalarning mohiyati belgilanadi. Boshqacha aytganda, morfologik tizim ichidagi ichki tizimlardan birining mohiyati belgilanadi. Mas, feʼlning zamon kategoriyasi feʼl M.sida alohida tizimni tashkil etadi. Shuning uchun feʼlning zamonlariga nisbatan „feʼl zamonlari tizimi“ degan ibora ham qoʻllanadi. Feʼlning zamon kategoriyasi, zamon tizimining mohiyati shundan iboratki, zamon shakllarining barchasi harakatning nutq vaqtiga (nutq momentiga) munosabatini bildiradi. Bu – zamon shakllarining barchasi uchun umumiy boʻlgan xususiyat. Shu bilan birga har bir zamonga oid feʼl shakli (shakllari) oʻziga xos xususiyatga ega. Mas, oʻtgan zamon shakllari harakatning nutq vaqtigacha, hozirgi zamon shakllari harakatning nutq vaqtida, kelasi zamon shakllari harakatning nutq vaqtidan keyin bajarilishini bildiradi. Feʼl zamon shakllariga xos ana shu umumiy va xususiyliklar zamon kategoriyasining, feʼl zamonlari tizimining mohiyatidir. Demak, feʼl turkumiga oid har bir morfologik kategoriyaning mohiyatini aniqlash bilan feʼlning morfologik tizimi yoritiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil