Lavlagi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Lavlagi, San Fransisko fermalaridan birida

Lavlagi (Beta) — shoʻradoshlar oilasiga mansub bir, ikki yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi; sabzavot, xashaki, shakarli ekin. 16 turi bor. Oʻrta Yer dengizi atroflarida, Osiyo, Zakavkazye, Hndiston, Fransiya, shuningdek, Buyuk Britaniya, Skandinaviya mamlakatlarida tarqalgan. Dehqonchilikda osh Lavlagi, xashaki L. va qand L. ga boʻlinadigan oddiy L. (V. vulgaris) turi va qand L.ning tur xili boʻlgan bargli L. (yoki mangold L. — Betacica — ovqatga bargi yoki barg bandi ishlatiladi) ekiladi. Yovvoyi L. qadim zamonlardan ovqatga ishlatib kelingan. Miloddan avvalgi 2—1-ming yillikda bargli L. madaniylashtirilgan. Mil. boshlarida madaniy ildizmevali shakllari ekila boshladi. 18-asrda xashaki L. ning duragaylaridan qand L. yaratilgan. 19-asr oxiri va 20-asrda bu ekin barcha qitalarga tarqaldi.

Osh lavlagi — qizil L., qizilcha, sabzavot L. — ekilgandan soʻng birinchi yili 0,4—0,9 kg kattalikda ildizmeva va barg toʻplami hosil qiladi. Namsevar va yorugʻsevar oʻsimlik, sovuqqa, qurgʻoqchilikka chidamli. Barcha dehqonchilik mintaqalarida ekiladi. Oʻzbekistonda Bordo — 237, Bikoress (2002-yildan), Ros va boshqa navlar rayonlashtirilgan. Hosildorligi 300—400 s/ga va undan yuqori.

Xashaki L. — birinchi yili 10– 12 kg lik ildizmeva va bargtoʻplami hosil qiladi. Shirali ozuqa sifatida chorva mollariga beriladi. 100 kg ildizmevada 12,2 ozuqa birligi va 0,9 kg hazm boʻluvchi protein, 100 kg bargida 10,2 ozuka birligi va 1,8 kg hazm boʻluvchi protein mavjud. Xashaki L. namga talabchan, yorugʻsevar, sovuqqa chidamli. Amerika (AQSH, Kanada, Braziliya), Yangi Zelandiya, Afrika (Jazoir, Tunis), Yevropa, shu jumladan, Belarus, Ukraina, Boltiqboʻyi mamlakatlarida koʻp ekiladi. Hosildorligi 300-400 s/ga.

Qand L. — qand-shakar sanoati xom ashyosi. Chiqindilari chorva mollariga yem (melassa va oʻgʻit) sifatida ishlatiladi. Ekilgan yili tarkibida 14— 20% (baʼzida 24% gacha) qand boʻlgan ildizmeva (oʻrtacha ogʻirligi 300—600 g) beradi. Qand L. issiqsevar va nam-sevar, qurgʻoqchilikka chidamli. Urugʻi unib chiqishi uchun harorat 10—12°, yaxshi rivojlanishi uchun 20—22° boʻlishi lozim. —4, —5° da nobud boʻladi. Qand L. AQSH, Rossiya, Ukraina, Qo-zogʻiston, Oʻzbekistonda 20-asrning 40-yillarda va 90-yillar boshidan (Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida) yetishtiriladi. Jahon boʻyicha qand L. yalpi ekin maydonlari 6,7 mln.ga, oʻrtacha hosildorlik 392 s/ga, yalpi hosili 263 mln. t (1999). Hosildorligi intensiv texnologiyada parvarish qilinganda 350—400 s/ga. Keng qatorlab yoki punktir usulida ekiladi. Parvarish yaganalash, chopiq, oziqlantirish, sugʻorishdan iborat. Oʻzbekistonda Astro, Sado, Romeo, Eldona va boshqa navlari ekiladi.

Kasalliklari : serkosporoz, kul, nematoda kasalliklari.

Zararkunandalari: L. uzunburuni, shiralar, L. parvonasi, tunlamlar, kemiruvchi tunlamlar, dala parvonasi, L. pashshasi, L. poyaxoʻrlari. Zararkunanda hasharotlar va kasalliklarga qarshi kurash choralari: agrotexnika chora-tadbirlariga amal qilish, qator oralariga ishlov berish, begona oʻtlarning oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik, zararkunandalarning tuxumlariga qarshi trixogramma, qurtlariga qarshi esa brakon, shiralarga qarshi oltinkoʻzlar lichinkalarini qoʻllash. Kimyoviy dorilardan zolon (30% namlanadigan kukun) — 3,0—3,7 kg/ga, BI-58 (0,5-1,0 l/ga), detsis (0,25-0,5 l/ga), saraton shiralarga qarshi malfos — 0,6—0,8 l/ga va qandalalar, kovaklovchi pashsha, kuyalarga qarshi 1,0—1,2 l/ga, omayt — 1,0 l/ga, ildizqirqar tunlamlarga qarshi siraks — 0,4 l/ga oʻsuv davrida purkaladi. Ad.: Petrov V. A., Borzakovskiy I. V., Uchebnaya kniga sveklovoda, M., 1985. Botir Azimov, Zuhra Saidova.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil