Kuril orollari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kuril orollari — Kamchatka yarimoroli va Xokkaydo (Yaponiya) orollari oraligʻidagi orollardir. Oxota dengizini Tinch okeandan ajratib turadi. Rossiya Federatsiyasining Saxalin viloyati tarkibida. Uzunligi qariyb 1200 km. Maydoni 15,6 ming km². Parallel orollar — Katta Kuril orollari va Kichik Kuril orollaridan iborat. Katta Kuril orollari 3 guruhga: janubiy (Kuvashir, Iturup, Urup va boshqalar), oʻrta (Simushir, Ketoy, Ushishir va boshqalar) va shimoliy (Lovushki, Shiashkotan, Onekotan, Paramushir va b.) guruhlarga boʻlinadi. Orollarning koʻp qismi togʻlik (balandligi 2339 m. gacha). 160 vulkan, shulardan 40 ga yaqini harakatdagi vulqonlar, issiq mineral buloqlar mavjud. Kuchli zilzilalar boʻlib turadi. Janubiy orollarda oʻrmonlar bor, shimoliy orollar tundra oʻsimliklari bilan qoplangan. Baliq (keta va boshqalar) va dengiz hayvonlari (nerpa, sivuch va boshqalar) ovlanadi. Kuvashir orolida Kuril qoʻriqxonasi joylashgan.

Kuril orollari toʻgʻrisidagi ilk maʼlumotlarni 1697-yilda rus sayyohi V.V. Atlasov maʼlum qildi. 1855-yildagi Rossiya-Yaponiya shartnomasiga koʻra, Iturup orolidan shimoldagi barcha Kuril orollari Rossiyaning mulki deb eʼlon qilindi. 1875-yildagi Rossiya—Yaponiya shartnomasidan keyin esa ular Yaponiya boshqaruvida boʻldi. 1945-yildagi Krim konferensiyasi karoriga binoan, SSSR tasarrufiga oʻtdi, 1945-yilning avgust oyida, SSSR—Yaponiya urushi jarayonida sovet qoʻshinlari tomonidan egallandi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil