Jun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jun – bu sut emizuvchilarning yigiriluvchanlik yoki namatlanish sifatlariga ega boʻlgan qil (tuk) qoplami hisoblanadi. Junni qayta ishlash sanoatida ishlatiladigan xom ashyo, asosiy toʻqimachilik tolalaridan biri. Sanoatda ishlatiladigan junni asosiy qismini qoʻy juni tashkil etadi; shuningdek, echki, tuya, quyon, qoʻtos, ot, sigir, bugʻu, it va boshqalar. Hayvonlardan olinadigan jun ham ishlatiladi. Jun tolasining sifati uning yigirilish xususiyati, ingichkaligi, uzunligi, puxtaligi, rangi, choʻziluvchanligi, namlik yutishi va boshqa xossalari bilan belgilanadi. Kimyoviy tuzilishi jihatidan oqsilli birikmalarga kiradi. Jundan gazlamalar, trikotaj, gilam, texnik movut, adyol, poyabzal, namat, fetr va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.

Jonivorlardan qirqib olinadigan (qoʻy, echki va boshqa), tarab olinadigan (tuya, it, echki va quyon momigʻi) yoki tullash paytida yigib olinadigan (sigir, ot) jun tabiiy jundir, soʻyilgan hayvonlar terisini qayta ishlash korxonalarida olinadigan jun zavod deyiladi.

Jun tolasi tangachasimon, qobiq va quvur qatlamlaridan iborat. Tangachasimon qatlam tolani tashqaridan qoplab turgan shoxsimon, yarim halqasimon va doirasimon boʻlishi mumkin. Bu qatlam tola tanasini yemirilishdan saqlaydi, tolani tovlantirib turadi va tolalarning namatlanish xossasini yaxshilaydi. Qobiq qatlam jun tolasini hosil qiladigan urchuqsimon hujayralardan iborat boʻlib, pishiqligi, qayishqoqligi va boshqa sifatlarini belgilaydigan asosiy qatlam hisoblanadi. Jun tolasi terining mahsuli hisoblanadi. Jun tolasi uzunligi va ingichkaligi muhim oʻrinda turadi. Jun qatlami qildan va qil osti (tuk, tivit) qismdan iborat.

Qoʻy jun tolalar tipiga qarab bir tipli tolalardan iborat bir turli va har xil tolalardan iborat bir turli boʻlmagan junga boʻlinadi. Bir turli junda tivit tolalar guruxlarga birlashib, shtapel hosil qiladi (uzun junli qoʻy zotlaridagi oraliq, tolalar – bir turli oʻrama). Bir turli boʻlmagan junda tivit, oraliq va oʻzak tolalar oʻramachalarga birlashadi. Junning fizik xususiyatlari uning texnologik va buyumlarda koʻrimlilik sifatlarini belgilaydi (ingichkalik, uzunlik, buramdorlik, mustahkamlik, qayishqoklik va b.). Oʻrtacha ingichkaligi (mkm): tivit tola 10—25; oraliq tola —30—50; oʻzak (qil) —50 va un-dan ortiq; uzunligi 50 dan 300 mm gacha boʻlishi mumkin. Jun rangi uning qobiq qatlamida tolaning butun uzunligi yoki maʼlum bir qismida melanin pigmenti mavjudligi va uning yorqinligi (jigarrang-qora yoki sariqqizil) bilan belgilanadi.

Texnologik jihatdan har qanday rangga boʻyash imkoni mavjud oq jun qadrlanadi. Qoʻy juni tarkibidagi tolalar tipiga koʻra bir tipdagi bir turli (mayin, yarim mayin) va turli tipdagi tolalardan iborat (bir turli boʻlmagan) (yarim dagal, dagal) junlarga ajratiladi. Jun qirqib olingach, navlarga ajratiladi, 35—46% li sovun-soda eritmasida yuvilib, soʻngra quritiladi. Sanoatda qayta ishlash uchun asosan sof (yuvilgan) jundan ishlatiladi. Yuvilgan (sof) jun ogʻirligining yuvilmagan jun ogʻirligiga nisbatining foiz miqdori sof jun chiqishi miqdori deb ataladi. Yuvilib, yogʻ va b. aralashmalardan tozalangach, mayin tolali jundan 40—50%, yarim mayin jundan 45-65%, dagʻal jundan 55-80% toza jun olinadi. Mayin jun bir turli boʻlib, tivit tolalardan iborat (ingichkali-gi 18—25 mkm). Shtapeldagi tolalarning ingichkaligi va uzunligi boʻyicha bir tekisligi, tolaning uzunligi boʻyicha bir tekis buramdorligi yuqori fizik-texnologik xususiyatlarini taʼminlaydi. Rangi asosan oq rangda boʻladi. Yarim mayin jun – bir turli, tivit tolalardan yoki oraliq qillardan iborat (oʻrtacha ingichkaligi 25— 40 mkm). Rangi koʻpincha oq rangda. Yarim dagʻal jun – bir turli boʻlmagan, tivit tolalardan, oraliq qil va oz miqdorda ingichka oʻzak tolalardan iborat. Tolalarining ingichkaligi va uzunligi boʻyicha notekis tarkibga ega. Rangi oqdan qoragacha. Dagʻal jun – bir turli boʻlmagan tivit tolalardan, oraliq qildan, oʻzak tolalardan iborat. Yarim dagʻal jundan tolalarining ingichkaligi va uzunligi boʻyicha bir tekis boʻlmasligi bilan ajralib turadi. Bu toʻrt guruh tayyorlash va sanoat davlat standartlarida navlarga (oliy 1, 2, 3, 4) ajratiladi. Yarim dagʻal jun tolalari momiq qismining uzunligi boʻyicha oliy, 1, 2, 3, 4 navlarga, dagʻal J. esa 1, 2, 3, 4 navlarga, qorakoʻl qoʻylari J.i esa 1, 2, 3, navlarga ajratiladi.

Echki jun – bir turli (oq) va bir turli boʻlmagan (oq rangdan qora ranggacha) boʻladi; bir turli boʻlmagan echki junningasosan tiviti ishlatiladi. Tuya juni – asosan momiqdan tashkil topadi, jigarrang boʻladi.

Jundan movut gazlama, gilam, ustki trikotaj, namat, roʻmol, poyabzal va b. mahsulotlar ishlab chiqariladi. Q. Jun sanoati.

Mirpoʻlat Qulmetov, Mahmudjon Oltiyev.[1]

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil