Fabula

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fabula (lot. fabula — masal, ertak, hikoya) — epik, lirik-epik va baʼzan dramatik asarlarda tasvirlangan voqea va hodisalarning bayoni, hikoya qilinish usuli. Ular mantiqan sababiy-davriy izchillikda bayon qilinadi. F. bayonida ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim bir-biridan farqlanadi. F. syujetdan quyidagi tomonlari bilan ajralib turadi: 1) voqealar bayonining tartibi qahramonlar hayotida boʻlib oʻtganidek emas, balki ayrim oʻrin almashuvlar, baʼzi voqealarni tushirib qoldirish yoki keyin aniqlash tarzida amalga oshiriladi. Masalan, Ch. Aitmatoviing "Alvido, Gulsari" asarida shunday; 2) voqealar bayonining subʼyekga hadeb oʻzini namoyon qilavermaydigan (Balzak, "Gorio ota") yoki oʻzining emotsional kayfiyatlarini oshkora ifodalaydigan (Gyugo, "Kulib turuvchi kishi") muallifgina emas, balki tasvirlanayotgan voqealar guvohi boʻlgan hikoyachi (Mann, "Doktor Faustus") yoki asardagi biror qahramon (Xeminguey, "Alvido, qurol") boʻlishi ham mumkin; 3) voqealar bayonining motivi asarda esdalik xotira sifatida (Ayniy, "Esdaliklar"), kundalik shaklida, maktub shaklida (Gyote, "Yosh Verterning iztiroblari"), yilnoma tarzida (Saltikov-Shchedrin, "Bir shahar tarixi") va boshqa boʻlishi mumkin.

F. bilan syujetning farqi baʼzi asarlarda yaqqol va ravshan koʻrinishi, baʼzan esa kamroq sezilishi ham mumkin. F. vositalari orqali muallif asarda voqealar rivojini jonlantirishi, qahramonlar xarakteri taxlilini chuqurlashtirishi, nafasni kuchaytirishi mumkin.

Adabiyotshunoslikda F. atroflicha oʻrganilmagan, uni ortiqcha termin, syujet ichidagi tushuncha deb talqin qilish hollari ham uchraydi.

Nodir Ramazonov.