Etrusklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Etrusklar (lot. Tiva, oʻzlarini — rasna deb atashadi) — miloddan avvalgi 1-ming yillikda Apennin yarim orolning shim.gʻarbida, qadimda Etruriya (hozirgi Toskana) deb atalgan viloyatda yashagan qadimiy qabilalar. E. —,Rim madaniyatidan avvalgi yuksaq madaniyat ijodkorlari. Miloddan avvalgi 7-asrdayoq E.da yozuv boʻlgan, 10 mingga yaqin qisqa bitiklar maʼlum (qarang Etrusk tili). E.ning etnogenezi nomaʼlum. Gerodot ularni Lidiyadan kelib, umbrlar yeriga joylashgan deb hisoblasa, Gellanik (miloddan avvalgi 5-asr) egeylik pelasglar tarmogʻi deydi. Galikarnaslik Dionisiy fikricha, ular mamlakatning tub aholisi boʻlgan. Miloddan avvalgi 7-asrda E.ning qalin mudofaa devori bilan oʻralgan shahar qalʼalari boʻlgan, ular keyinchalik iqtisodiy va siyosiy markazlarga aylangan. Ularni shohlar idora etgan. E.ning tarkviniylar sulolasi miloddan avvalgi 616—509 yillarda Rimni idora qilgan. Sentina (miloddan avvalgi 295) va Vadimon koʻli boʻyidagi jang (mil av. 283)dan soʻng Etruriyaning butun hududi Rimga tobe boʻlgan. E. qadimiy Italiyaning madaniy taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshganlar. Rimliklar ulardan siyosiy tashkilot tizimi xususiyatlarini, armiya tuzilishi va qurollanishi, davlat mansabdor shaxslarining belgilari (insignatsiyalar)ni qabul qilishgan; etrusk mifologiyasi va dini Rim mifologiyasi va diniga quchli taʼsir koʻrsatgan; yunon yozuvi ham ularga E. orqali oʻtganligi taxmin qilinadi.

Fatxulla Ergashev.