Bosh miya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bosh miya poʻstlogʻi boʻlaklari, peshona (koʻk), chakka (yashil), ensa (qizil) va tepa (sariq) boʻlaklarini oʻz ichiga olgan. Miyacha (belgilanmagan) telensefalonning qismi emas.
Umurtqalilar embrioni miyasining asosiy yoʻnalishlarini koʻrsatuvchi diagramma.

Bosh miya (cerebrum) yoki oxirgi miya (telencephalon) miyaning katta qismi boʻlib, tarkibiga bosh miya poʻstlogʻi (bosh miya yarimsharlarining) va gippokamp, bazal oʻzaklar va [[hidlov piyozchasi]] kabi bir qancha subkortikal tuzilmalar kiradi. Odam miyasida, bosh miya markaziy nerv sistemasining eng yuqori sohasidir. Prosensefalon yoki oldingi miya embrional tuzilma boʻlib, undan bosh miya prenatal rivojlanadi. Sutemizuvchilarda, dorsal telensefalon, yoki pallium, bosh miya poʻstlogʻiga rivojlanadi va ventral telensefalon, yoki subpallium, bazal oʻzaklarga aylanadi. Bosh miya shuningdek tahminan simmetrik chap va oʻng bosh miya yarimsharlariga boʻlinadi.

Bosh miya miyacha ishtirokida odam tanasidagi barcha ixtiyoriy harakatlarni boshqaradi.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odam bosh miyasining lokatsiyasi (qizil).

Bosh miya miyaning eng yirik qismi. Hayvon tanasi holatiga koʻra miya ustunining oldida yoki ustida yotadi. Odamlarda bosh miya eng yirik va miyaning besh asosiy boʻlimlari ichida eng yaxshi rivojlangani.

Bosh miya ikkita bosh miya yarimsharlarida va ularning poʻstloqlaridan (tashqi kulrang modda qavati) va ostida yotuvchi oq modda sohalaridan iborat.[1] Uning subkortikal tuzilmalari gippokamp, bazal oʻzaklar va hidlov piyozchasini oʻz ichiga oladi. Bosh miya ikkita C-shaklidagi yarimsharlardan tashkil topgan boʻlib, ular oʻzaro chuqur bosh miyaning boʻylama tirqishi bilan ajralib turadi.

Bosh miya poʻstlogʻi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bosh miya yuzasi

Bosh miya poʻstlogʻi, bosh miyaning tashqi kulrang modda qavati boʻlib, faqatgina sutemizuvchilarda topilgan. Yirik sutemizuvchilarda, shuningdek odamlarda, bosh miya poʻstlogʻi yuzasi burmalanib pushtalar va egatlar hosil qiladi va yuza maydonini kengaytiradi.[2]

Bosh miya poʻstlogʻi toʻrt boʻlakka boʻlinadi: peshona, tepa, ensa va chakka boʻlaklari. Boʻlaklar ulardan yuqorida yotuvchi neyrokranial suyaklarga koʻra boʻlingan.[3]

Bosh miya yarimsharlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bosh miya bosh miyaning boʻylama tirqishi yordamida ikkita bosh miya yarimsharlari, oʻng va chap, boʻlinadi. Bosh miya kontralateral tuzilgan, ya’ni, oʻng yarimshar tananing chap tomonidan signallarni qayta ishlaydi va boshqaradi, chap yarimshar boʻlsa tananing oʻng tomonidan signallarni qayta ishlaydi va boshqaradi.[3] Yarimsharlar orasida kuchli lekin toʻliq boʻlmagan bilateral simmetriya mavjud. Miya funksiyalari lateralizatsiyasi ma’lum va boʻlishi mumkin boʻlgan farqlarni koʻrsatadi.

Rivojlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umurtqalilarning rivojlanayotgan embrionida nerv naychasi toʻrtta ajralmagan qismlari boʻlib, ulardan keyinchalik markaziy nerv sistemasining ma’lum sohalari rivojlanadi; bular oldingi miya (prosencephalon), oʻrta miya (mesencephalon), ortki miya (rhombencephalon) va orqa miya.[4] Oldingi miya keyinchalik telensefalon (oxirgi miya) va diensefalon (oraliq miya)ga rivojlanadi. Dorsal telensefalon pallium (sutemizuvchilar va reptiliyalarda bosh miya poʻstlogʻi)ga aylanadi va ventral telensefalon bazal oʻzaklarni hosil qiladi. Diensefalon thalamus va gipotalamusga rivojlanadi, shuningdek optik pufakchalar (keyinchalik toʻr parda)ga ham.[5] Dorsal telensefalon keyin oʻrta chiziq bilan ajralgan ikkita lateral telensefalik pufakchalarni hosil qiladi. Ular chap va oʻng bosh miya yarimsharlariga rivojlanadi. Qushlar va baliqlarda barcha umurtqalilardagi kabi dorsal telensefalon bor, lekin qavatlanmagan va shuning uchun bosh miya poʻstlogʻi deb hisoblanmaydi. Faqatgina qavatlangan sitoarxitektonika poʻstloq deb hisoblanishi mumkin.

Funksiyalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eslatma: Bosh miya koʻplab qism va sohalardan iborat boʻlgan yahlit tuzilma boʻlgani uchun, ushbu boʻlimda faqatgina bosh miyaning umumiy vazifalari keltirilganini aytib oʻtish muhim. Toʻliqroq ma’lumot uchun asosiy maqolalar, bosh miya poʻstlogʻi va bazal oʻzaklarga, qaralsin. Bosh miya miyaning asosiy qismi boʻlib, hissiyot, eshitish, koʻrish, shaxsiyat va yana koʻplab funksiyalarni boshqaradi. U barcha ixtiyoriy harakatlarni boshqaradi.

Birlamchi harakatlantiruvchi poʻstloqdagi yuqorigi harakatlantiruvchi neyronlari miya ustuni va orqa miyaga oʻz aksonlarini yuboradi va u yerda muskullarni innervatsiya qiluvchi pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinapslar hosil qiladi. Poʻstloqdagi tasodifiy oʻgarishlar natijasida harakatlantiruvchi sohalarning zararlanishi ma’lum turdagi harakatlantiruvchi neyron kasalligiga olib kelishi mumkin. Bu turdagi zararlanish natijasida total shol emas, muskul kuchi va aniqligi yoʻqolishiga olib keladi.

U sensor tushunish, xotira, fikrlar va xulosalar qilish markazi sifatida ishlaydi; bosh miya shuning ixtiyoriy harakat faoliyati markazi sifatida ham ishlaydi.

Sensor protsessing[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bosh miya nervlari

Bosh miya poʻstlogʻining birlamchi sezuvchi sohalari vizual, eshitish, somatosensor, ta’m bilish va hid bilish informatsiyalarini qabul qiladi va qayta ishlaydi. Poʻstloq assotsiatsiyalovchi sohalari bilan birgalikda bu miya sohalari sensor informatsiyalarni bizning dunyo boʻyicha tushunchalarimizga aylantiradi.

Hid bilish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hidlov piyozchasi, hid bilish sezgisi uchun javobgar boʻlib, koʻplab umurtqalilar bosh miyasining yirik sohalarini egallaydi. Ammo, odamlarda, miyaning bu qismi anchagina kichikroq va peshona boʻlagining ostida yotadi. Hid bilish sensor sitemasi unikal boʻlib, hidlov piyozchasi neyronlari oʻz aksonlarini birinchi talamusga emas, toʻgʻridan toʻgʻri hidlov poʻstlogʻiga yuboradi. Hidlov piyozchasining jarohati hid bilishning yoʻqolishiga sabab boʻladi.

Til va aloqa[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gapirish va tilni bosh miya poʻstlogʻi qismlari ta’minlaydi. Tilning harakat ulushlarini Broka sohasi ta’minlaydi. Nutqni tushunish Vernikke sohasi orqali ta’minlanadi. Bu ikki soha yirik oq modda trakti, yoysimon tutam orqali oʻzaro bogʻlangan. Broka sohasining jarohati ekspressiv afaziya (toʻliq boʻlmagan afaziya)ga olib kelsa, Vernikke sohasi jarohati reseptiv afaziya (toʻliq afaziya deb ham ataladi)ga sabab boʻladi.

Oʻrganish va xotira[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xotiraning aniq yoki deklarativ (faktli) shakllanishi gippokamp va oʻrta chakka boʻlagining unga bogʻliq sohalarida amalga oshadi. Bu bogʻliqlik chakka boʻlagi epilepsiyasini davolash uchun ikkala, chap va oʻng gippokamp xirurgik olib tashlangan HM nomi bilan mashhur bemordan soʻng tavsiflangan. Amaliyotdan soʻng, HMda anterograd amneziya, yoki yangi xotiralar shakllantira olmaslik kuzatilgan.

Soʻzsiz yoki jarayonli xotira, masalan murakkab harakatlar, bazal oʻzaklarni oʻz ichiga oladi.

Qisqa muddatli yoki ishchi xotira poʻstloqning assotsiativ sohalarini, xususan dorsolateral prefrontal poʻstloq, shu qatorda gippokampni oʻz ichiga oladi.

Boshqa hayvonlarda[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eng sodda umurtqalilar, miksina va minogalarda, bosh miya hidlov piyozchasidan nerv impulslarini qabul qiluvchi nisbatan oddiy tuzilma. Togʻayli baliqlar va panja qanotli baliqlar, shuningdek amfibiyalarda, anchagina murakkab tuzilma mavjud: bosh miya uchta alohida sohalarga boʻlingan. Eng pastki (yoki ventral) soha bazal oʻzaklarni hosil qiladi va bosh miyaning qolgan qismlarini talamus bilan bogʻlovchi tolalar tutadi. Undan yuqorida va bosh miyaning lateral qismi paleopallium va eng yuqori (yoki dorsal) qismi arxipallium deb ataladi. Bu hayvonlarda bosh miya, amniotlardagi keng doiradagi funksiyalaridan farqli ravishda, asosan hidlov sezgisiga bagʻishlangan.[6]

Shu’la qanotli baliqlarda tuzilishi birmuncha boshqacha. Bosh miyaning letral va ventral sohalari ichki yuzasi boʻrtib miya qorinchalariga shakllanadi; u bazal oʻzaklarni va palliumning turli qismlarini oʻz ichiga oladi va murakkab tuzilma boʻlishi mumkin, xususan teleostlarda. Bosh miyaning dorsal yuzasi membranali va nerv toʻqimasi tutmaydi.[6]

Amniotlarda bosh miya anchagina yirik va murakkablashadi. Sudralib yuruvchilar (reptiliyalar)da, paleopallium amfibiyalardagidan ancha yirik va uning oʻsishi bazal yadrolarni bosh miyaning markaziy sohalariga itargan. Quyi umurtqalilardagi kabi, kulrang modda oq moddaning ostida joylashgan, lekin ba’zi reptiliyalarda, u tashqi yuzaga tarqalib, primitiv poʻstloq hosil qiladi, xususan miyaning oldingi qismida.[6]

Sut emizuvchilarda, bu rivojlanish yanada davom etadi va poʻstloq bosh miya yarimsharlarini toʻliq qoplaydi, xususan rivojlangan turlarda, masalan primatlarda. Paleopallium miyaning ventral yuzasiga itrilib, hidlov boʻlaklariga aylanadi, arxipallium boʻlsa medial dorsal burchak trofida aylanadi va gippokampni hosil qiladi. Yoʻldoshlilarda, keyinchalik ikki yarimsharni bogʻlovchi qadoqsimon tana ham rivojlanadi. Bosh miya yuzasining murakkab burmalari ham yuqori sutemizuvchilarda topilgan.[6] Garchi yirik sutemizuvchilar (masalan, fillar) bosh miyasi ham mos ravishda yirik boʻlsada, delfinlar bosh miyasi tana massasining 2 foizidan koʻproqni tashkil qiluvchi yagona tur (odamdan tashqari) hisoblanadi.[7]

Qushlar bosh miyasi ham sudralib yuruvchilardan farqli ravsihda sutemizuvchilarnikiga oʻxshash yiriklashgan. Qushlar miyasining kattalashgan oʻlchamini klassik jihatdan kattalashgan bazal oʻzaklarga bogʻlashgan, qolgan sohalari ibtidoiy qolgan degan fikr boʻlgan, lekin bu qarash sezilarli darajada qolib ketgan.[8] Qushlarda ensefalizatsiyaning alternativ jarayoni kechgan,[9] ular boshqa arxozavrlardan kelib chiqqan boʻlsada, sutemizuvchilar va ularning terapsid ajdodlari boshidan oʻtkazgan tajribalari bilan kam sonli aniq parallellari bor.

Qoʻshimcha suratlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Foydalanilgan adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Arnould-Taylor, William. A Textbook of Anatomy and Physiology. Nelson Thornes, 1998 — 52 bet. 27-yanvar 2015-yilda qaraldi. 
  2. Angevine, J.; Cotman, C.. Principles of Neuroanatomy. NY: Oxford University Press, 1981. 25-yanvar 2015-yilda qaraldi. 
  3. 3,0 3,1 Rosdahl, Caroline; Kowalski, Mary. Textbook of Basic Nursing, 9th, Lippincott Williams & Wilkins, 2008 — 189 bet. 28-yanvar 2015-yilda qaraldi. 
  4. Gilbert, Scott F.. Developmental biology, 10th, Sunderland, Mass.: Sinauer, 2014. ISBN 978-0-87893-978-7. 
  5. Principles of neural science, 5th, Appleton and Lange: McGraw-Hill, 2006. ISBN 978-0-07-139011-8. 
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 Romer, Alfred Sherwood; Parsons, Thomas S.. The Vertebrate Body. Philadelphia, PA: Holt-Saunders International, 1977 — 536–543 bet. ISBN 0-03-910284-X. 
  7. T.L. Brink „Unit 4: The Nervous System.“,. Psychology: A Student Friendly Approach. (PDF), 2008 — 62 bet. 
  8. Jarvis ED, Güntürkün O, Bruce L, et al. (2005). „Avian brains and a new understanding of vertebrate brain evolution“. Nat. Rev. Neurosci. 6-jild, № 2. 151–9-bet. doi:10.1038/nrn1606. PMC 2507884. PMID 15685220.
  9. Emery NJ (2006-01-29). „Cognitive ornithology: the evolution of avian intelligence“. Philos. Trans. R. Soc. Lond. B Biol. Sci. 361-jild, № 1465. 23–43-bet. doi:10.1098/rstb.2005.1736. PMC 1626540. PMID 16553307.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]