Aksiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
1622 dona aksiyalar

Aksiya (nemischa: Aktie; niderlandcha: Actie; lotincha: actio — farmoyish; ruxsatnoma, faoliyat) — aksiyador jamiyat chiqargan qimmatbaho qogʻoz. Oʻz egasining aksiyadorlar jamiyati kapitalida hissasi borligini va shunga muvofiq, topilgan foydaning bir qismini dividend shaklida olishini, uni boshqarishda ishtirok etish huquqini tasdiqlaydi. A. qimmatli qogʻozlarning keng tarqalgan qismi, hissabay qogʻozlar turkumiga kiradi. A. chiqargan jamiyat emitent, uni sotib olganlar esa investorlar deb ataladi. A. dastlab emitent tomonidan birlamchi bozorda sotiladi, soʻngra u ikkilamchi bozorda (fond bozorida) qaytadan oldi-sotdi etiladi. A. bevosita emitent yoki vositachilar tomonidan sotiladi. A. davlat korxonalari aksiyador jamiyatlarga aylantirilgan chogʻda va yangidan aksiyadorlar jamiyatlari tuzilgan paytda chiqariladi. Oʻzbekistondagi A. davlat mulkini aksiyadorlash jarayonida 1989-yildan boshlab chiqarilgan. A. egasining nomi yozilgan va taqdim etgan kishiga tegishli A.ga boʻlinadi. Oʻzbekistonda aholi orasida birinchi turdagi A. tarqalgan. A. oddiy va imtiyozli turlarga boʻlinadi. Oddiy A. dividend miqdori kafolatlanmagan, lekin aksiyadorlar majlisida ovoz berish huquqini taʼminlovchi A.; imtiyozli A. dividend oldindan belgilangan, lekin ovoz berish huquqini taʼminlamaydigan A. egasining oʻzida yoki depozitariylarda saqlanadi. Mas, 1995-yilda "Vaqt" milliy depozitariysida 2040 aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy nominal miqdori 4 mlrd. soʻmlik aksiyalari saqlandi.[1]

Aksiya — bu uning egasi hissadorlik jamiyati kapitaliga oʻzining maʼlum hissasini qoʻshganligiga va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatbaho qogʻozdir. Bundan tashqari, aksiya korxonani boshqarishda qatnashish huquqini ham beradi.

Oʻzbekistonda aksiyalar, Markaziy depozitariy, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi — hozirda Moliya vazirligi  tarkibidagi department,  shuningdek, openinfo.uz — korporativ axborot yagona portali va maʼlumot oshkoraligini taʼminlovchi boshqa vositalar yordamida muomalaga kiritiladi[2].

Aksiyalar maxsus tovar sifatida sotiladi va sotib olinadi, shu sababli oʻzining narxiga ega. Aksiyada ifodalangan pul summasi uning nominal qiymati deyiladi. Aksiyaning fond bozorida sotiladigan narxi aksiya kursi deb atalib, u olinadigan dividend miqdoriga toʻgʻri mutanosib, foiz miqdoriga esa teskari mutanosiblikda boʻladi. Xaridor aksiyani undan olinadigan daromadi bankka qoʻyilgan puldan keladigan foizdan kam boʻlmagan taqdirdagina sotib oladi.

Aksiya aksiyadorga 2 xil huquqni beradi:

1) mulkiy huquq.

2) nomulkiy huquq.

Aksiyalarni roʻyxatga olish boʻyicha fond bozorida qayd etilgan va qayd etilmagan turlari bor. Aksiyalar investorni quyidagi xususiyatlari boʻyicha jalb qiladi:

1. Ovoz berish.

2. Kapitalni oʻsishi.

3. Qoʻshimcha imtiyozlar.

4. Keyingi emissiyaga yozilish huquqi.

5. Mulkka egalik qilish huquqi[3].

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]