Absurd drama

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Absurd drama, absurd teatr, gʻayrimantiqiy teatr — dramaturgiyadagi oqimning shartli nomi. 50 — 60-yillarda oqim tarafdorlari inson hayoti maʼnosiz, mavhum degan nuqtai nazarni ilgari soʻradi. Ular fikricha, inson hatto nima uchun yashayotganini ham anglab yetolmaydi, u doimo yolgʻon burch, yolgʻon axloq, yolgʻon munosabatlar qurboni boʻlaveradi. Absurd drama asoschisi va nazariyotchisi S. Bekketning „Godoning kutilishi“ (1952) fojiali komediyasida Vladimir va Estragon tashlandiq yoʻlda uchrashib qolishadi, asar davomida ikkalasi ham Godoni ku-tib oʻtirishadi. Asarda boshqa voqea yoʻq. Godo balki boylikdir, balki baxtdir, balki oʻlimdir? Asarda bu haqda hech nar-sa deyilmaydi, undan chiqadigan xulosa shuki, inson hayoti ham Godoni kutish kabi yolgʻon, mavhum, maʼnisiz, umidlarga toʻla. Uzoq vaqt Absurd drama namoyandalari asariga quruq safsata deb qarab kelindi, biroq 70-yillarga kelib, ular davr oldiga qoʻygan muammolar dolzarb ekanligi ayon boʻldi. Absurd drama oqimi teatr, dramaturgiyaga sahna shart degan tushunchani olib kirdi, uni nazm va nasrdagi ilgʻor anʼanalar bilan moslashtirdi, teatr, sahna haqidagi tasavvurlarni bir qadar yangiladi, unga zamonaviylik bagʻishladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Absurd drama" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil