Abdullanoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Abdullanoma", "Sharafnomai shohiy" — Movarounnahrning 16-asrdagi tarixiga bagʻishlangan tarixiy asar. Hofiz Tanish Buxoriy tomonidan 1584 — 90 yillar oraligʻida fors tilida yozilgan.

Asar Buxoro hukmdori Abdullaxon II ga bagʻishlanib, „Sharafnomai shohiy“ va qisqartirilgan ayrim nusxalari „Zafarnomai Abdullaxon“ nomlari bilan ham ataladi. „A.“ nazm aralash kofiyalangan nasr bilan yozilgan. „A.“ muqaddima, ikki maqola (qism) va xotimalardan iborat. Ammo asarning oxirgi qismi yozib tugatilgani maʼlum emas. Asar muqaddimasida Abdullaxonning hokimiyatga kelguniga qadar Movarounnahrda yuz bergan siyosiy voqealar — Chingizxonning isti-losi va moʻgʻullar hukmronligi, Dashti Qipchoqda Abulxayrxon davlati (1428 — 68)ning barpo boʻlishi, Shayboniyxon (1451 — 1510)ning Xurosonga yurishlari, shayboniylar bilan Zahiriddin Bobur oʻrtasidagi harbiy toʻknashuvlar hamda Abdullaxonning nasli va nasabi toʻgʻrisida hikoya qilinadi. „A.“ning asosiy qismida Shayboniyxondan soʻng Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat, uning bir qancha mayda hokimliklarga boʻlinib ketishi, Abdullaxonning markaziy hokimiyatni mustahkamlash va mamla-katni siyosiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan harakatlari, uning Dashti Qipchoq va Xurosonga yurishlari, 16-asrning 80 — 90-yillarida Buxoro, Xorazm va Badaxshondagi siyosiy vaziyat hamda Xorazm bilan Badaxshonning Buxoro xonligiga qoʻshib olinishi kabi tarixiy voqealar bayon etiladi. Asarda 16-asrda Movarounnahr bilan Turkiya, Hindiston va Eron oʻrtasidagi munosabatlarga hamda Rossiya bilan savdo aloqalariga oid maʼlumotlar bor. Unda 16-asrda Buxoro xonligi qoʻshinlarining tuzilishi, harbiy taktikasi, qurol-yarogʻlari hamda Movarounnahrda, shu jumladan Buxoroda qurilgan meʼmorchilik obidalari va suv inshootlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltiriladi. „A.“da Movarounnahr xalqlarining etnik tarkibi, jumladan qangʻli, hipchoq, qorliq, xalaj, ogʻajiri, uryonqit, qoʻngʻirot, orlot, uygʻur, sulduz, bayovut, doʻrmon va boshqa qavmlarning kelib chiqishi va ularning urf-odatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. „A.“ni yozishda Xofiz Tanish Narshaxiyning „Buxoro tarixi“, Rashiduddinning „Jome at-tavorix“, Juvayniynnj „Tarixi jahon kushoy“, Mirxondning „Ravzat us-safo“, Sharafuddin Ali Yazdiyning „Muqaddimai Zafarnoma“, Koshifiyning „Rashahot ayn al-hayot“, Mirzo Haydarning „Tarixi Rashidiy“ va boshqa tarixiy asarlardan foydalangan boʻlsada, ammo asarning asosiy qismi 16-asrda sodir boʻlgan koʻpgina tarixiy voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shohidlardan toʻplangan materiallar asosida yozilgan. Bu asar Movarounnahr xalqlarining 16-asrdagi siyosiy, ijti-moiy, iqtisodiy va madaniy hayotini oʻrganishda birinchi darajali manbalardan hisoblanadi. „A.“ni 1942 — 51 yillarda oʻzbek sharqshunos olimi S. Mirzayev (1885 — 1961) oʻzbek tiliga tarjima qildi. B. Ahmedov uni toʻddirib va tuza-tib qayta nashr etdi (1999-2000)[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hofiz Tanish ibn Mirmuhammad Buxoriy, Abdullanoma, 1-jild, T., 1966;
  • 2-jild, T., 1969;
  • [akademik B. Ahmedov qaytatayyorlagan], 1-jild, T., 1999;
  • 2-jild, T., 2000;
  • Umnyakov I. I., „Abdullaname“ Xafiza Tanisha i yeyo issledovateli, Zapiski kollegii vostokovedov pri Aziatskom muzee Rossiyskoy Akademii nauk, t. 5, L., 1930;
  • Ahmedov B., Munirov K,., Hofiz Tanish Buxoriy, T., 1963.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil