Maximilien Robespierre

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Maximilien Robespierre
fransuzcha: Maximilien Marie Isidore de Robespierre
 Fransiya Milliy konventining prezidenti (2 bor)
Mansab davri
23-avgust-5-sentyabr 1793-yil – 4-iyun- 29-iyun 1794-yil
Imzosi

Maximilien Robespierre (talaffuzi: Maksimilyen Robespyer), toʻliq ismi Maximilien Marie Isidore de Robespierre (talaffuzi: Maksimilyen Marii Izidor de Robespyer) (1758-yil 6-may Arras—1794-yil 28-iyul Parij) — fransuz inqilobchisi, Buyuk fransuz inqilobining eng taniqli va nufuzli namoyandalaridan biri[1][2].

Bolaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maximilien Marie Isidore de Robespierre 1758-yil 6-may kuni Fransiya qirolligining Artua viloyati (provinsiyasi) markazi Arras shahrida dunyoga kelgan. Maximilienning ota tarafidan bobokaloni Rober Robespierre (1627—1707) Karven, Bali, Uani aholi punktlarida notariuslik qilgan, otasining bobosi Marten Robespierre (1664—1720) Karvenda prokuror boʻlgan, bobosi Maximilien Robespierre (1694—1762) esa Artuaning oliy majlisida advokatlik qilgan, otasi Maximilien Bartelemi Fransua de Robespierre (1732—1777) ham Artua oliy kengashida advokatlik qilgan. Robespierrening onasi Jaklin Margarita Karro (1735—1764) pivofurushning qizi boʻlgan[3].

Robespierrening ota-onasi bir-biri bilan 1757-yilda tanishgan, ular Robespierre tugʻilmasidan toʻrt oy oldin 1758-yil 2-yanvar kuni turmush qurgan. Oilada Maximiliendan tashqari yana toʻrt nafar farzand tugʻilgan: Sharlotta (1760—1834), Genriyetta-Ulali Fransuaza (1761-yil chaqaloqligida oʻlgan), Augustin (1763-y. 4-iyul—1794-y. 28-iyul). Bir haftadan soʻng Maximilien Robespierrening 29 yoshli onasi ham vafot etgan. Bu paytda Maximilien endigina 6 yoshga toʻlgandi. Oradan ikki yil oʻtib, Maximilienning otasi nomaʼlum sabablarga koʻra oilasini, Arrasni, soʻngra Fransiyani butunlay tashlab chiqib ketgan edi. Onasi oʻlgach, Maximilien va ukasi Augustinni ona tomonidan bobosi Jak Karro (1701—1778) oʻz qaramogʻiga oldi[3]. Singlisini esa xolalari boqib oladi. 1765-yil bobosi Maximilienni Arras kollejiga oʻqishga berdi. Bu kollejni bir paytlar iyezuitlar tashkil qilgan boʻlib, ular Fransiyadan quvgʻin qilingach, kollej mahalliy yepiskop nazoratiga oʻtgan edi. Maximilienning singlisi Sharlotta eslashicha, u bolaligida yolgʻiz qolib, xayol surib oʻtirishni yaxshi koʻrgan. Tarixchilar Robespierrening bolaligi haqida biladigan yagona narsa uning chumchuq va kaptarlarni qoʻlga oʻrgata olgani haqidagi hikoyadir. Pivofurush bobo Jak Karro advokatlik ishi uning qiziga va oilasiga baxt keltirmaganini vaj qilib, nabirasini buxgalter yoki dehqonlarga urugʻlik tayyorlovchi turayer (solod tayyorlashda arpa urugʻlari unib chiqishini nazoirat qilivchi kasb egasi) boʻlishini moʻljallagan edi. Biroq kollej professorlari uning rejalarini buzib yuboradi. Ular iqtidorli oʻquvchilarini shaharning eʼtiborli shaxslariga tanishtiradi. Arrasda ancha obroʻli va oʻta xudojoʻy boʻlgan ikki xolasi Maximilien haqida mahalliy qonunchi Emega gapirib beradi[3].

Buyuk Lyudovik litseyida[tahrir | manbasini tahrirlash]

1769-yilda qonunchi Eme homiyligida va uning Arras yepiskopi Lui Fransua Mark Ilerom Konziga bergan tavsiyanomasi natijasida Maximilien Robespierre Sen-Vaas abbatligi har yili toʻrt kishiga beradigan 450 livrli stipendiyalardan biriga erishdi va u Parijdagi Buyuk Lyudovik litseyiga oʻqishga yuborildi. Nima boʻlganda ham, yosh Robespierre juda muhtojlikda yashab oʻqiydi[3]. U Parijdagi kollejda boʻlgʻusi inqilob sardorlari Kamil Demulen va Lui-Mari Freron bilan birga tahsil oladi. Robespierre juda yaxshi oʻqiydi, koʻplab mukofotlar va faxriy yorliqlarga ega boʻladi. U lotin tilidan kollejning ikkinchi mukofotini qoʻlga kiritadi.1776-yilda esa ritorikadan kollejning birinchi sovriniga erishadi. Robespierre kollejda Qadimgi Rim tarixi va adabiyotiga qiziqib qoladi. Kollej oʻqituvchisi abbat Erivo uni „rimlik“ deb chaqiradigan boʻladi. Keyinchalik litseyning sobiq prefekti abbat Proyyar Robespierre haqida „Maximilien butun eʼtiborini faqat ilmga qaratgan, shovqin qilmaydigan, yolgʻiz sayr qilishni xush koʻradigan noyob oʻquvchi edi“, deb eslagan[4].

Robespierrening aʼlo oʻqishi va xulqini kollej oʻqituvchilari taqdirlab, unga 1775-yili Fransiyaning yangi qiroli Lyudovik XVI qarshisida tantanali qutlash sheʼrini oʻqib berish vazifasini topshirilgan edi. Kollej rahbariyati muhtoj boʻlgan Robespierrega yangi kiyim olishi uchun mablagʻ ajratadi[5]. 1775-yili 12-iyunda Maksimilyen Robespierre qirol Lyudovik XVI va qirolicha Mariya Antuanetta qarshisida tantanali sheʼrini oʻqib berdi. Robespierrening kollejda oladigan stipendiyasi shu yerda qolib oʻqishini davom ettirishga yetar edi. Uning oldida oʻqishni tibbiyot, ilohiyotshunoslik va yurisprudensiya yoʻnalishlarida davom ettirish tanlovi turardi. Robespierre adliya yoʻnalishini tanladi va Parijning Sen-Krua-de-la-Bretonnri koʻchasidagi prokuror Okant huzurida tajriba orttirdi. Robespierre ota-bobolari yoʻlidan ketdi. Uning familiyasi oldiga ham „de“ qoʻshimchasini qoʻshib yoziladigan boʻladi. Otasi bilan bobosi ham zodagonlar nasabiga mansub boʻlmagan boʻlsa-da, xuddi zodagonlar kabi familiyasi oldiga „de“ qoʻshimchasini yozishni maʼqul koʻrgan. Robespierrelar sulolasida faqatgina Maksimilyenning bobosi akasi, Epinua soliqchisi Iv de Robespierregina 1696-yilda aslzodalik maqomini olgan[6].

1780-yil 31-iyul kuni Maksimilyen Robespierre Sorbonna universitetining yuridik fakultetini bitirib, bakalavr darajasini oldi. Uning stipendiyasi endi ukasi Augustinega oʻtgandi. 1781-yil 15-mayda Robespierre litsenziya oladi va Parij parlamanti advokatlar reyestri roʻyxatiga kiritildi[7]. Shu yilning 19-iyul kuni Robespierre oʻzi oʻqigan litseydan tejab yigʻilgan 600 livrlik stipendiyani ola boshladi. Bu esa uning Parijda yashab ishlash huquqini yoʻqqa chiqargan edi. Robespierre shahri Arrasga ketishga majbur boʻldi[8].

1782-yil 8-noyabrda Robespierre Artua kengashining advokatlar kollegiyasiga ishga qabul qilinadi. U Fushe va Lazar Karno bilan birga „Rozatti“ adabiyot jamiyatiga ham aʼzo edi[9]. Oʻsha paytda yoshlarni sheʼriyatga, gulga va vinoga boʻlgan muhabbat va albatta maʼrifatparvarlar Monteskyo, Russo, Volter va boshqalarning ilgʻor gʻoyalari birlashtirib turgan. Bu davrda Robespierre Arras ayollariga bagʻishlab, juda koʻp sheʼrlar yozgan. 1783-yili u Arras adabiyoti, fan va sanʼati akademiyasiga aʼzo boʻldi[10][11][12]. Oʻz nutqlari bilan tezda akaqdemiyada shuhrat qozondi. 1786-yilda uning saʼy-harakatlari bilan arraslik naturachi ayol Mari Le Mason Le Golf va adiba Luiza de Karalyo ham akademiyaga aʼzo boʻlib kirdi. Robespierre ayollar huquqlari kurashuvchi shaxs sifatida ham tanildi. XVIII asr faylasuflari gʻoyalari bilan qiziqib qolgan Robespierre siyosat bilan ham shugʻullandi. Doʻstlari va oilasi yordami bilan u Artua provinsiyasidan Uchinchi tabaqa vakili sifatida General shtatlarga deputat boʻlib saylanish uchun kurashga kirishdi. Artua oʻlkasini isloh qilish masalasida tayyorlagan broshyura unga shuhrat olib keldi. Dastlab u Arrasdan saylanadigan yigirma toʻrt nomzod ichida gʻalabaga erishdi, soʻngra 1789-yil aprelida Arrasdan saylanadigan oʻn ikki deputat ichida General shtatlarga deputat boʻlib borish sharafiga ham musharraf boʻldi[13]. Aynan unga Arras saylovchilari talablarini tuzish vazifasi ham topshirilgan edi[14].

General shtatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlab bu shimol lahjasida gapiruvchi, eskicha uslubda kiyingan, provinsial deputat hech kimning eʼtiborini tortmaydi. General shtatlar yigʻilishlarini yoritib borgan oʻsha davrdagi gazetalarda doimo uning familiyasi chalkashtirib yozilganini koʻrish mumkin: Robertpiyer, Robers yoki Rober-Pyer. Ammo u bahs-munozaralarda koʻp qatnashgani uchun tanila boshladi. U 1789-yilda u 69 marta, 1790-yilda 125 marta, 1791-yilda esa 328 marta minbarga chiqib, nutq soʻzladi. Aynan shu davrda Mirabo Robespierre xaqida "U uzoqqa boradi, chunki oʻz soʻzlariga ishonad, degan edi[15].

1789-yil 20-iyunda saroyning qarshiligi bois yigʻilish uchun binodan mosuvo boʻlgan deputatlar Versalning koptok oʻynaladigan zalida yigʻildi va yangi konstitutsiya ishlab chiqilmaguncha zalni tark etmaslikka qasamyod qildi. Oʻsha qasamyod matni mualliflaridan biri ham Robespierre edi.

1789-yil 14-iyul voqealaridan keyin Robespierre harbiy holat eʼlon qilinishiga qarshi ovoz berdi. Shuningdek, u qirolning veto huquqiga, fuqarolar faol va sust guruhlarga ajratilishiga, yahudiylar, gugenotlar va aktyorlar gildiyasi aʼzolarini jamoat amallarini egallashiga qarshi ovoz beradi[16].

1789-yil 14-iyul Russoning „Umumiy irodasi“ tasdiqlandi va shuning uchun Robespierre inqilobni toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

1790-yil noyabridan 1791-yilning sentyabrigacha davom etgan bahs-munozaralarda (debat) Robespierre Milliy gvardiyaning tashkil topishida asosiy rol oʻynaydi. U1791-yilda Fuqarolar va inson huquqlari deklaratsiyasini, Fransiyaning ilk konstitutsiyasini yozishda va qabul qilishda faollik koʻrsatdi. Shuningdek, uning oʻlim jazosini va fransuz mustamlakalarida qullikni bekor qilish haqidagi qarashlari ham maʼlum[17].

Aynan shu davrda deputatlar oʻrtasida dastlabki qarama-qarshiliklar kelib chiqdi, konservativ qarashli deputatlar va „royalist demokratlar“ keyinchalik „konstitutsiyachilar“ va „monarxistlar“ deb ataladigan boʻldi. Ular inqilob natijalaridan qanoatlangach, hukumat tuzishga kirishdi. Robespierrening Taʼsis majlisi aʼzolari Qonunchilik majlisiga saylana olmasligi xususidagi taklifi partiyalar oʻrtasidagi katta ixtiloflarning oldini olgan edi. Taʼsis majlisi monarxiya davridagi tabaqalanishni yoʻqqa chiqargan va jamiyatda ijtimoiy tenglik prinsiplarini eʼlon qilgan, lekin u hali yangi prinsiplarga mos keladigan hokimiyat turlarini aniqlab olmagan edi. Bu muammo yuz yilgacha, yaʼni to Uchinchi Respublika tuzilmaguncha yechilmay qolaverdi. 30-sentyabrda Taʼsis majlisi aʼzolari Qonunchilik majlisiga saylana olmasligini eʼlon qilib, tarqab ketadi[18].

Maksimilyen Robespierning suvga choʻmish guvohnomasi, 1758-yil 6-mayda Arrasdagi Avliyo Maryam Magdalalik cherkovida. Pas-de-Kale departamenti arxivi.

Yakobinchilar klubi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Inqilobning boshlanishi oʻsha davrda juda koʻp siyosiy klublar paydo boʻlishiga olib keldi[19].

Taʼsis majlisining birinchi oylaridayoq Robespierre Mirabo, Petion, abbat Greguar, aka-ukalar Karl va Aleksandr Lamet bilan birga Breton klubiga aʼzo boʻldi. Bu klub aʼzolari Versaldagi „Amori“ kafesida toʻplanib turgan. 1789-yil oktyabrida assambleyaning Parijga koʻchishidan soʻng Robespierre Yakobinchilar klubi nomi bilan ot qozongan „Konstitutsiya doʻstlari“ jamiyatiga aʼzo boʻladi. Klub Tyuilri saroyi yaqini, Sent-Onore koʻchasidagi Yakobinchilar monastirida majlis qilgan. Fransiyadagi parlamentarizm anʼanalariga sodiq qolgan holda, butun mamlakat boʻylab klub boʻlimlari, yaʼni filiallari ochila boshladi[20][21][22]. Bu klublar Parijdagi markazlari boʻlmishYakobinchilar klubi bilan xat-xabar (korrespondensiya) orqali aloqada boʻldi va jamoatchilik fikrini petitsiya va boshqa bosim vositalari orqali Milliy kengash va soʻngra Konventga ham yetkazib turdi. Shunday qilib, bu klublarda butun mamlakatning siyosiy yoʻnalishlari shakllandi. Oʻsha klublarda saylov komissiyalariga koʻzga koʻringan shaxslarning millat namoyondalari sifatida nomzodlari taqdim etilgan[23].

Varenn inqirozi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirolning mamlakatdan qochishga urunishi inqilob tarixining asosiy voqealaridan biri boʻldi[24].

Fransiyadan emigratsiya oqimining kuchayishi 1789-yil 14-iyuldanoq boshlanib ketgan edi. Uning markazi Fransiya chegaralariga juda yaqin boʻlgan Koblens shahrida joylashgan. 1791-yil 20-iyunida qirol oilasi bilan yashirincha Fransiyadan qochib ketmoqchi boʻldi, biroq chegaraga yaqin Varenn shaharchasida uni pochta xizmatchisi tanib qoldi va u qoʻlga olinib, Parijga qaytarildi. Shundan keyin qirol oʻz saroyida asir sifatida ushlab turildi[25].

Qirolning mamlakatdan qochishga urinishi butun Fransiyani karaxt ahvolga solib qoʻydi. Bu goʻyo Fransiyaga nisbatan urush eʼlon qilinganday, qirol dushman mamlakatida turganday taassurot uygʻotdi. Aynan Varenn inqirozidan soʻng inqilobning radikallashuv davri boshlandi. Shu daqiqalardan boshlab, mamlakat aholisiga ikki toifaga: „vatanparvarlar“ va „xalq dushmanlari“ga boʻlinib qaraladigan boʻldi. Mana shu davrdan boshlab, inqilob zaxiralari torayish bosqichiga kirdi. Qirol ortidan Mirabo ham, Barnav ham, Brisso va Danton ham va nihoyat Robespierrening oʻzi ham ishdan ketdi[26].

Biroq demokratiya prinsiplari asosida eʼlon qilingan dalillarga qaramay, mamlakat monarxiyani batamom tugatishga hali tayyor emas edi. Respublika kayfiyatini deyarli hech kim, hatto inqilobning eng radikal qatlami ham qoʻllab-quvvatlamay qoʻydi. Robespierrening nutqlari, qarashlari oʻsha tushunmovchilik zamoniga mos edi. Klassik usulda tarbiya olgan Robespierre uchun inqilob Qadimgi Rim respublikasi, uning yuqori doirasi oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash, fuqarolar urushi va harbiy diktatura bilan bogʻliq edi. Bundan tashqari, umumiy saylov tarafdori boʻlgan Robespierre respublika bunday vaziyatda muqarrar tarzda oligarxiya qoʻliga oʻtishi bilan yakunlanishini bilar edi[27].

"Meni respublikachilikda ayblab, koʻp iltifot koʻrgizishyapti: men respublikachi emasman. Lekin kimda-kim meni monarxiyachi deb eʼlon qilsa, bilingki, buni xaqorat deb bilaman; men, shuningdek, hech qanaqa monarxiyachi emasman… „Respublika“ soʻzi biror aniq hukumat shaklini anglatmaydi. U insonlar oʻz vatanida ozodlikdan bahramand boʻladigan har qanday hukumat shaklini oʻz ichiga olishi mumkin. Insonlar xoh qirol hokimiyati boʻlsin, xoh senat hokimiyati boʻlsin, bab-barobar ozod boʻlishi mumkin. Hozirgi daqiqalarda Fransiya konstitutsiyasi nimani anglatadi? Bu monarxi bor respublika deganidir. U na monarxiya va na respublika hisoblanadi, shu bilan birga, unisi ham, bunisi hamdir".

--Maximilien Robespierre

Respublika kunning dolzarb masalasiga aylangan edi. Mamlakat boʻylab yana 1789-yil yozidagiday, zodagonlarga nisbatan zoʻravonlik amallari avj olib ketdi. Shu davrda respublika islohotlari tarafdorlari paydo boʻldi. Robespierre masalani konstitutsiyaviy yoʻl bilan hal qilish tarafdorlari ichida edi, lekin majlis va hukumatni saroyga yon bosishda aybladi. Biroq bu harakat 1791-yil 17-iyulda Mars maydonidagi otishma chogʻida bostiriladi.

Bu paytda yakobinchilar saflari koʻplab parijlik radikallar qoʻshilishi natijasida ancha oʻzgarib ketdi. Bundan tashqari, gʻoyalar „musobaqasi“ va Yakobinchilarning kordeleyerlarning yanada radikal klubu bilan hamkorligi boshlandi. Ammo Mars maydonidagi otishmadan soʻng klub aʼzolari oʻrtasida ilk bor boʻlinish yuz berdi. Yakobinchilar klubining soʻl qismi kordelyerlar majlisga yuborgan qirolni agʻdarish haqidagi petitsiyasini qoʻllab-quvvatladi. Yakobinchilarning, asosan, monarxiyachilardan (Barnav, Dyupor, Aleksandr Lamet va ular tarafdorlari) iborat oʻng qanoti klubni tark etdi va „Felyanlar“ nomli yangi siyosiy klub ochdi. Ular bilan birga butun mamlakat boʻylab tarqalgan Yakobinchilar klubi aʼzolari klubni tark eta boshladi. Robespierre klubda qoldi. Bir necha oy oʻtgach, yakobinchilar mamlakatning radikallashuvi, koʻplab tashviqot va targʻibot ishlari natijasida klubga qaytdi. Aynan mana shu davrda Robespierre Yakobinchilar klubining eng obroʻli va qudratli aʼzolaridan biriga aylandi.

Muxolifat va Avstriya bilan urush[tahrir | manbasini tahrirlash]

Parlament sessiyasida Taʼsis majlisining faoliyati yakun topgach, Robespierre 1791-yil kuzida fuqarolik hayotiga qaytdi, Qonunchilik majlisining birinchi sessiyasidan soʻng vatani Artuaga borib keldi. Uni hamshaharlari koʻtarinki kayfiyatda kutib oldi. 28-noyabrda Parijga qaytib kelgan Robespierre siyosatda emigrantlar masalasi haddan ortiq joyni egallab olganini taʼkidladi va Avstriya bilan uning nemis ittifoqchilariga qarshi urushning mafkuraviy jihatlariga eʼtibor qaratdi. Boʻlgʻusi jirondistlar sardorlaridan biri Brisso urushga tish-tirnogʻi bilan qarshi edi. Dastlab yoʻnalishini aniqlay olmagan Robespierre urushga qarshi boʻlgan kuchlar tarafida boʻldi, urush tarafdorlariga qarshi Yakobinchilar klubi minbarlaridan turib, 1791-yil 11-dekabridan to 1792-yil 25-yanvarigacha 11 marta nutq soʻzladi. U bu tashviqotlar, yaʼni urush tarafdorlari ortida Lyudovik XVI va uning saroyi turibdi, deb gumon qildi. Robespierre fikricha, fransuz armiyasi urushga tayyor emas, armiya gʻalaba qozongan taqdirda ham Fransiyada qirol hokimiyatining mustahkamlanishiga xizmat qiladi va natijada inqilobga dushman kayfiyatdagi qirol va vazirlarining taʼsiri kuchayar edi. Robespierre, shuningdek, Fransiya uchun haqiqiy xavf deb Koblensdagi emigrantlar uyasi emas, balki Fransiyaning ichidagi xavfni nazarda tutgan edi.

"Siyosatchining xayoliga keladigan eng gʻalati gʻoya uning, begona mamlakatga bostirib kirib, bemalol oʻz qonunlaring va konstitutsiyangni tiqishtirsang boʻladi, degan ishonchidir. Hech kim qurollangan missionerlarni yoqtirmaydi… Huquq deklaratsiyasi har qanday taxtni „ha“ deganda uradigan chaqmoq emas. Men, inqilobimiz kelajakda dunyo taqdiriga taʼsir qilmaydi, degan fikrdan yiroqman… Lekin bu bugun yuz bermaslagini bemalol aytishim mumkin".

Maximilien Robespierrening Yakobinchilar klubidagi nutqidan, 1792-yil 2-yanvar.

Ammo inqilobning jangavor idealizmi va messianizmi (masihiylik) kayfiyati oshib bordi, bu esa eng ashaddiy tanqidchilar Demulen, Danton va hatto Maratning ham ovozi oʻchishiga olib keldi. Shuhratiga soya solishiga qaramay, Robespierregina oʻz fikrida sobit qoldi. Garchi u nutqlarida jirondistlarni saroy bilan til biriktirgan fitnada toʻgʻridan-toʻgʻri ayblamagan boʻlsa-da, tinimsiz urushga intilish sabablarini aytmasdan qolmadi. Bu esa siyosiy va shaxsiy masalalarda ochiqdan-ochiq toʻqnashuvlarga olib keldi. Jironda va Gora oʻrtasida kurash boshlanayotgan edi.

Qonunchilik majlisida 745 nafar aʼzodan, bor-yoʻgʻi,7 kishi urushga qarshi ovoz berdi.

1792-yil 20-aprelida Fransiya Bogemiya va Vengriya qiroliga qarshi urush eʼlon qildi. Oʻsha paytda bu urush 25 yil davom etishini hech kim xayoliga ham keltirmagan. Bu urushni xohlagan Lyudovik XVI ham, Brisso ham va uning doʻstlari ham, umuman, juda koʻpchilik uning fojiali tugashini hali bilmas edi.

Monarxiyaning qulashi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urush juda ayanchli magʻlubiyat bilan boshlandi. Raqibni koʻrgan qoʻshinlar tum-taraqay qochdi. Royalistik kayfiyatda boʻlgan bir necha polk ochiqdan-ochiq dushman tarafiga oʻtib ketdi. Generallar ham oʻzini qatʼiyat bilan tuta olmay, barcha aybni qoʻshinlardagi tartibsizliklarga agʻdarayotgan edi. Bu vaqtda fransuz qoʻshinlari boshboshdoqlik jarayonini boshidan kechirayotgandi. Zobitlar tarkibining yarmiga yaqini urush boshlanishi bilanoq chet ellarga chiqib ketdi. Qolganlari ham oʻz joylarini (postlarini) tashlab keta boshladi. Bir necha provinsiyada royalistlar isyon koʻtardi. Vandeyada esa diniy-royalistik qoʻzgʻolon boshlandi.

Frontdagi magʻlubiyat xabarlari jamoatchilik gʻazabiga va keskin muhokamalariga sabab boʻldi. Koʻpchilik buning ortida Tyuilri saroyi va Mariya Antuanetta boshchiligidagi „Avstriya qoʻmitasi“ turganini gumon qilgan.

Robespierre frontdagi magʻlubiyat uchun generallarni ayblab chiqdi va ularni vatanparvarlik ruhidagi kishilar bilan almashtirish kerak, degan taklifni berdi. U, shuningdek, Qonunchilik majlisini konservatizmda va qirol saroyiga, shuningdek, inqilobni armiya yordamida bostirishni xohlayotgan Lafayetga yon bosayotganlikda aybladi. Brissochilar bilan ham duel avj oldi, ular jamoatchilik oldida oʻz gʻoyalarini amalga oshira oladigan darajada koʻpchilikni tashkil qilmagan boʻlsa-da, hukumat tarkibiga kirib, obroʻsini toʻkib boʻlgan edi.

Robespierre „Vatan xavf ostida“ shioriga „labbay“ deb javob berib, Parijga yetib kelgan federatlarni olqishladi va inqilob ular himoyasiga muhtoj ekanini aytib, ulardan Parijni tark etmaslikni iltimos qildi. Federatlarning Parijga kelishi milliy harakatlarning battar avj olishiga turtki bergan edi.

Qirol esa oʻz navbatida jirondistlar safiga felyanlarni tiqishtirishga va shu bilan vaqtdan yutishga harakat qildi. U Yevropa monarxlari qoʻshinlari yordamga kelishidan umidvor edi.

29-iyulda Robespierre Yakobinchilar klubida Qonunchilik majlisiga ishonch yoʻqolganini va uning oʻrniga umumiy saylov orqali Milliy Konventni tuzish kerakli haqida dasturiy nutq soʻzladi U hukumatni hokimiyatdan chetlatishni talab qildi, maʼmuriy va harbiy amallarni bir-biriga aralashtirib yubormaslikni, sud tarkibini yangilash masalalarini ham koʻtardi. 3-avgust kuni Braunshveyg gersogining manifesti eʼlon qilindi. Unda Parijda qirolga nisbatan zoʻravonlik qilinayotgani bayon etilgan va Fransiyaga harbiy ekzikutsiya (jazolash) bilan tahdid qilingan edi.

Vaziyat kun sayin ogʻirlashib borar edi. Parij seksiyalari toʻxtovsiz majlislar boʻlajagini, majlislardagi sust fuqarolar, shuningdek, Milliy gvardiyani tarqatib yuborilishini eʼlon qildi. Parij meri (hokimi) Petion 47 ta seksiya nomidan Qonunchilik majlisiga qirolni taxtdan agʻdarish va Konventni tuzishga chaqirish haqida ultimatum — petitsiyani taqdim etdi. Ikki haftalik bahs-munozaralardan soʻng majlis har qanday ayblovni rad etdi, natijada 9-avgust kuni butun Parijda isyonga koʻtarilishni soʻrab, jom chalindi. Sen-Antuan qoʻrgʻonidagi Kenz-ven seksiyasi Parijdagi barcha seksiyalarga isyonchilarning markaziy qoʻmitasini tuzishni taklif etdi. Parijdagi 28 ta seksiya bu chaqiriqqa qoʻshildi va 10-avgust kuni Parij isyonchilar kommunasi tashkil topdi.

Monarxiya qulagan kunning ertasi Kommunaning bosh kengashi 288 kishiga qadar kengaytirildi. Robespierre bu kengashga Parijning Vandom maydoni seksiyasidan taklif qilindi va kiritildi. U darrov yuqori lavozimlarni egalladi va uning har bir maslahatiga amal qilinadigan boʻldi. U majlisga seksiyalar harakati bemaslahat safarbar qilinmasligini, Milliy majlisni chaqirish va Lafayet xoin deb eʼlon qilinishi kerakligini, Kommuna barcha departamentlarga vaziyatni tushuntirish uchun komissarlarini yuborishi zarurligini, seksiyalarda faol, sust fuqarolar degan tushunchalarni yoʻqotib, oʻrniga doimiy faoliyat yuritadigan inqilobiy qoʻmitalarni tuzishni taklif etdi.

Qonunchilik majlisida bu paytda 745 deputatdan 285 nafari qolgan, uning butun oʻng va royalistlar qismlari tarqab ketgan edi. Qirol Tampl qalʼasiga qamalgach, majlis Kommuna bosimi bilan fuqarolarni faol va sust qatlamlarga boʻlmaslik, saylovlarda ishtirok etish yoshini 25 dan 21 yoshga tushirish va eng muhimi, Milliy Konventni chaqirish toʻgʻrisidagi dekretlarni qabul qildi.

Konvent[tahrir | manbasini tahrirlash]

10-avgustdagi isyondan keyin 6 hafta davomida Kommuna ijro hokimiyatini deyarli toʻliq oʻzi boshqarib turdi va shu vaqt mobaynida royalistlar va inqilobga qasamyod qilmagan ruhoniylar — dindorlarni jazolashni talab etdi. Royalistlar matbuoti va Felyanlar klubi toʻliq yopildi. 26-avgust kuni prussaklar Longvini olgani, 2-sentyabrda esa Vandeya qulagani haqidagi xabarlar tarqaldi. Bu paytda na Gersog Braunshveyg qoʻshinlari va na Parij oʻrtasida boshqa himoya qalʼasi qolgan edi. „Qamoqxonalarda inqilobga qarshi tayyorlanayotgan fitnalar“ haqidagi mish-mishlar paydo boʻldi, fuqarolar armiyaga ketishidan oldin fitnachilarga oʻlim jazosi berishga oid talablar yangray boshladi. Natijada 2-6-sentyabrda Parij, Lion, Versal va boshqa shaharlardagi qamoqxonalarda „Sentyabr qirgʻini“ nomini olgan xunrezlik uyushtirildi.

Milliy Konventga oʻtkazilgan saylov Fransiya tarixidagi umumiy saylov huquqini bergan ilk siyiosiy tadbir boʻlgan edi. Bu tarixiy saylov 1792-yil 2 — 6-sentyabrda oʻtkazildi. Saylovda oldingisiga nisbatan kam odam qatnashgan boʻlsa-da, inqilob noyob, umumxalq demokratik davriga qadam qoʻygandi. Saylovda kambagʻal tabaqa sankyulotlar va kam sonli respublikachilar tom maʼnoda gʻalaba qozondi. Inqilob sankyulotlar va respublika tarafdorlari bosimi ostida yangidan turtki olgan, Robespierre bu saylovda Parijdan berilgan 525 ta ovozdan 338 tasini olib, gʻolib boʻlgan edi. Shuningdek, Robespierre yana Pa-de-Kaledan ham 721 ta ovozdan 525 tasini olib, saylovda yutdi. Robespierre Konventda Parijdan vakil boʻlishni istagan edi[28].

Jirondistlarga qarshi kurash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Milliy Konvent oʻz majlislarini 1792-yil 20-sentyabridan oʻtkaza boshladi. 21-sentyabr monarxiya bartaraf etilgani va Fransiyaning yagona va boʻlinmas respublika deb eʼlon qilingan kuni sifatida tarixga kirdi. Parij sankyulotlari, koʻngillilar va federatlardan tashkil topgan fransuz armiyasining „Valmi yonidagi jang“da gʻalaba qozongani haqida quvonchli xabar keldi.


Keyingi uch oy davomida Majlisda hukm surgan masala inqilob zoʻravonliklari, Parij va departamentlarning roli, qirol ustidan boʻladigan sudga oid edi. Konventda jami 749 nafar deputat boʻlib, shundan 160 nafari jirondistlarni, 200 nafari montanyarlarni va 389 nafar deputat esa Tekislik (fr. Plaine) deb ataluvchi qismni tamsil qilgan. Deputatlarning uchdan bir qismi oldin ham saylanganlar boʻlib, ular Konventga oʻzi bilan oldingi siyosiy qarama-qarshiliklar va ayovsiz bahslarni ham olib kelgan edi. Konventning katta qismi jirondistlarni qoʻlladi va montanyarlarni sentyabr qirgʻinida va ularni diktaturaga intilayotganlikda ayblab chiqdi. 5-noyabr kuni Robespierre bu ayblovlarga qarshi nutq soʻzladi. U sentyabr qirgʻini 10-avgust inqilobi davomi boʻlganini, xalqning qahri bu inqilobning qonuniy huquqi boʻlganini taʼkidladi.

"Nahotki inqilobsiz inqilobni istasangizlar? Bu harakatlaringiz qayerdan paydo boʻldi, nimani qayta koʻrib chiqishimiz kerak, boshqacha aytganda, inqilob halovatingizni buzdimi? Bunday qattiq silkinishlarning oqibati haqida nima deyish mumkin? Kim bu allaqachon boshlanib, avj olib ketgan xalq isyonining toʻlqini aniq chegaralari qayerda tugashi kerakligini ayta oladi? Bunday sharoitda qaysi xalq istibdod atalmish boʻyinturuqni uloqtirib tashlay oladi?.. Ozodlikka sodiq boʻlgan fransuzlar shu yil avgustida, barcha departamentlar bilan kelishgan holda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qildi, demak, harakatlarini yoki toʻliq qoʻllash, yoki butunlay rad etish kerak. Baʼzi oʻylab topilgan yoki rostdan sodir boʻlgan tartibsizliklarda ularni ayblash fidoyilik uchun jazolashday gap… Qonun yoʻli bilan jazolanishi zarur, ammo xalqning odil sudlovidan halok boʻlgan aybdorlar uchun aza tuting: ammo qaygʻuning ham chegarasi boʻlishi lozim. Deyarli faqat ozodlik dushmanlariga motam tutayotgan hissiyot menga shubhali tuyulyapti. Koʻz oʻngimda mustabidning qonli koʻylagini silkitishni bas qilinglar…

--Maximilien Robespierrening Milliy Konventdagi nutqidan, 1792-yil 25-noyabr.

Robespierrerning inqilobni himoya qilib soʻzlagan mazkur nutqidan keyin, inqilobning yarim rasmiy gazetasi boʻlmish „Le Moniteur universel“ Yakobinchilar klubining har kunlik bahs-munozaralari millat uchun ahamiyatli ekanini inobatga olib, ular hisobotini berib boradigan boʻldi.  


Robespierre qirol taqdiri haqida 3-dekabr kuni nutq soʻzladi va masalani yuridik nuqtadan siyosiy nuqtaga koʻtarish zarurligini aytdi. Lyudovik sudlanuvchi, siz esa hakam emassiz, siz davlat odamlarisiz, millat vakillarisiz… Vazifangiz sud qarorini chiqarish emas, jamiyat foydasi uchun chora koʻrishdir… deb takidladi Robespierre (Milliy Konventdagi nutqdan 1792-yil 3-dekabr). 10-avgust inqilobi qirolga allaqachon oʻlim jazosini chiqarib boʻlgan edi.

"Hali adolatli qonunlarini yaxshi oʻrnata olmagan inqilob qirolni taxtdan agʻdarib tashladi, ammo uning shaxsi inqilob qilgan millat taqdirini xavf ostiga qoʻyadi, uning nomi urush balosini olib keladi, qirolni na qamoqda ushlash va na quvgʻin qilish xalqning xavfsizligini taʼminlay oladi. Bu adolat tan oladigan oddiy qonunlardan keskin farq qiluvchi qaror uning tabiiy kelib chiqish mohiyati bilan bogʻliqdir. Shuni afsus va nadomat bilan aytamanki, vatan yashab qolishi uchun Lyudovik oʻlishi kerak". (Robespierrening Milliy Konventdagi nutqidan, 1792-yil 7-dekabr.)

Robespierre fikricha, Konventning moʻtadil qismi talab qilayotgan xalqqa murojaat endigina eʼlon qilingan respublika tuzumiga xavf solishi mumkin edi. Referendumda yengilgan royalistlar uchun oʻch olishga yaxshigina imkoniyat paydo boʻlishi va bu qirol taqdiri uchun ovoz berishda „monarxistlar“ va „konstitutsiyachilar“ga qoʻl kelishi mumkin edi.


20-yanvar kuni Lyudovik XVI oʻlim jazosiga hukm qilindi va u 1793-yil 21-yanvarda Parijdagi Inqilob maydonida qatl etildi.

Bal zalida qasamyod qilish

Bu vaqtga kelib, jirondistlar Konventda koʻpchilik ovozidan mahrum boʻla boshlagandi. Konvent majlislaridagi bahslar, deputatlarning bir-biriga tashlanishi, gʻoyalar oʻrtasidagi kurash, cheksiz nafrat va ayblovlar ijro hokimiyati faoliyatini ham falajlab qoʻyayotgan edi. Jirondistlar avgustda qirolni himoya qilib, keyin sud ishiga ham xalaqit berib, oʻzini royalistlar bilan bir qatorga qoʻshgan va endi noqulay ahvolga tushib qolgan edi.

Monarxiyadan meros qolgan moliyaviy inqiroz muammosi ham yechilmay qolayotgan edi. Tinimsiz emissiya, assignatlar (Buyuk fransuz inqilobi davridagi qogʻoz pul birligi) qadrsizlanishi va narxlar koʻtarilib ketishiga olib keldi. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari tinmay oshib bordi. Yirik shaharlarda sankyulotlar gʻalayonlari boshlandi. Xalqning nonga eng yuqori narx belgilash haqidagi ilk talablari yangrab turdi. Ammo yakobinchilar ham, jirondistlar ham, Robespierre va hatto Marat ham iqtisodiy nazorat siyosatini qoʻllab-quvvatlamadi. „Quturganlar“ (fr. Enragés) talab qilayotgan shafqatsiz chora-tadbirlarni Konvent rad etdi.

Valmi yonidagi jangdagi gʻalabadan soʻng jirondistlar yana inqilobiy tashviqotga zoʻr berdi, ular „Kulbalarga — tinchlik, saroylarga — urush“ (fr.  paix aux chaumières, guerre aux châteaux) soʻzlarini oʻziga shior qilib olgan edi. Fransuz inqilobini bostirishga kuch topa olmagan Yevropa Fransiyaga qarshi birinchi koalitsiyani tuzdi. Assignatlarning qadrsizlanib ketishi fransuz armiyasi ishgʻol qilgan Belgiyada noroziliklarga sabab boʻldi. Valmidagi koʻtarinki vatanparvarlik ruhi uzoq davom etishi mumkin emasdi, askarlar burchini bajarib uyga qaytayotgan edi. Muvaffaqiyatsiz hujum va Neyervinden jangidagi magʻlubiyatdan soʻng Fransiyaga yana xalqaro intervensiya (bosqin) xavf sola boshladi. Ayniqsa, Dyumuryening xoinligidan soʻng jirondistlar ham xoinlikda ayblandi. Konvent shoshilinch choralar koʻrib, emigrantlarga qarshi qonun qabul qildi va 300 ming kishilik inqilobiy tribunalni tuzish xususida qaror chiqardi. Vandeyada isyon va Fransiyaning gʻarbida respublikachilarni qirgʻin qilish boshlanib ketdi. Inqiroz ikkala partiyani ham ittifoqchilar izlashga va anʼanaviy tarafdorlarga tayanishga majbur etdi. Yakobinchilar Parij seksiyalariga, jirondistlar esa provinsiyalarga yaqinlashishga harakat qildi. Robespierre 10-aprel kuni Konventda jirondistlarni ayblab otashin nutq soʻzladi. Kamil Demulen esa „Brissochilar tarixi“ nomli fosh qiluvchi pamfletini eʼlon qildi.

Jironda qarshiligiga qaramay, sankyulotlar va yakobinchilar ittifoqi ish berdi va Konvent birinchi maksimum qonunini qabul qildi. Biroq jirondistlar ham qoʻl qovushtirib oʻtirmadi, ular departamentlarga armiyaga chaqiruv masalalari boʻyicha missiya bilan yuborilgan 82 nafar montanyar Konventda yoʻqligidan foydalanib, Maratga impichment eʼlon qildi va Kommunaning bir necha aʼzosini hibsga oldirishga muvaffaq boʻldi. Jirondistlardan boʻlgan deputat Iznar Konventda „Kommuna anarxistlari“ga tahdid qilib shunday degan edi: "Men sizlarga butun Fransiya nomidan gapiryapman, Parij yaqinda yoʻq qilinadi".

Siyosiy inqiroz 15-aprelda yuqori nuqtasiga yetdi. Shu kuni Parijdagi 48 ta seksiyadan 35 tasi Konventga suveren xalqqa nisbatan ashaddiy jinoyatlarda, korrupsiyada ayblanayotgan 22 nafar deputat ustidan arz qildi. Robespierre 26-may kuni Yakobinchilar klubi minbarida nutq soʻzlarkan, shunday dedi: "Barcha qonunlar oyoq osti qilinsa, istibdod haddidan oshsa, halollik toptab tashlansa, xalq qoʻzgʻolon koʻtarishi shart. Shunday vaqt keldi".

U 29-may kuni Yakobinchilar klubida shu gaplarini yana takrorladi: "Men sizlarga aytyapman, agar butun xalq koʻtarilmasa, ozodlik halok boʻladi".

Oʻsha kunlari Robespierre quyidagi soʻzlarni yon daftarchasiga yozib qoʻygan edi:

"Yagona iroda zarur. U yoki respublikachilarniki yoki royalistlarniki boʻlishi kerak. Agar respublikachilarniki boʻlsa, bizga respublikachi vazirlar, respublikachi matbuot, respublikachilar hukumati vakillari kerak boʻladi. Ichki xavf-xatar burjuaziyadan kelib chiqadi, burjuaziyani yengish uchun xalq birlashishi shart. Xaqiqiy qoʻzgʻolon to respublikani qutqarish uchun zarur boʻlgan choralar koʻrilmaguncha davom etishi kerak. Xalq Konvent bilan birga boʻlishi, Konvent esa xalq koʻmagidan foydalanishi darkor…"

Maximilien Robespierre

1793-yil 31-may kuni Parijda qoʻzgʻolon boshlandi[29].

Yakobinchilar konventi[tahrir | manbasini tahrirlash]

31-may qoʻzgʻoloni xuddi 10-avgustda monarxiya singari Jirondani ham agʻdarib tashladi, chunki jirondistlar ham inqilob mudofaasi yoʻliga toʻgʻanoq boʻlayotgan edi. Jirondaning 29 nafar deputati uy qamogʻiga olindi, ammo koʻpchiligi departamentlarda isyon koʻtarish uchun Parijdan qochib ketdi. 31-mayda boshlangan federal qoʻzgʻolon keng tarqalib, tez orada Lion, Marsel, Bordo, Tulon va Vandeyani qamrab oldi. Bu paytda u royalistlar, aksilinqilobchilar makoniga aylanib ulgurgan edi. 82 ta departamentdan taxminan 60 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri yoki qisman isyonga qoʻshildi[30]. Respublikachilar armiyalari Yevropa monarxiyalari hujumi bois chekinishga majbur boʻldi[31][32].

Yakobinchilar klubi

Jirondaga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan seksiyalarning Konventdagi gʻalabasidan soʻng, hokimiyatga montanyarlar keldi. Endi ular oʻz loyihalarini amalha oshirish imkoniga ega boʻlgandi. 3- va 10-iyun hamda 17-iyul kunlari chiqarilgan dekretlar monarxiyadan meros qolgan oxirgi senyorlik haqlarini ham bekor qildi. 24-iyunda qabul qilingan 1793-yil Konstitutsiyasi butun XIX asr demokratiyasi ramziga aylandi[33]. 23-avgust kuni Konvent „Levée en Masse“ qonunini qabul qildi, unda qonun kuchga kirgan daqiqalardan boshlab, dushman kuchlari respublika hududlaridan toʻliq quvib chiqilmaguncha, barcha fransuzlar armiyaga doimiy tarzda safarbar qilinishi koʻzda tutilgan edi[34]. Montanyarlar iqtisodiy reglamentatsiyaga qarshi boʻlsalar-da, 4-5-sentyabr kunlari Parij seksiyalarining bosimlari ostida „umumiy maksimum“ qonunini imzolashga majbur boʻldi. Inqilob mudofaasi XX asrda „total urush“ deb nomlanadigan tizimga aylanayotgandi. Biroq bu saʼy-harakatlarni yoʻnaltirish va muvofiqlashtirisdh uchun sankyulotlarning ishonchiga va Milliy Konventning tayanchiga ega kuchli ijro hokimiyati kerak boʻlar edi[35][36].

Inqilobiy hukumat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tinchlik sulhi tuzulmaguncha, Fransiyaning muvaqqat hukumati inqilobiy hukumat boʻlib qolaveradi“ (Konvent dekreti, II yil19 vandamyer/ 1793-yil 10-oktyabr).

Konvent ijro hokimiyatining mohiyati uning qoʻmitalarida edi, ulardan ikkitasi: 1) Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasi va 2) Ijtimoiy xavfsizlik qoʻmitasi eng ahamiyatlisi boʻldi. Ikkinchi qoʻmita huquqiy va politsiya funksiyalarini (Inqilobiy tribunal va terrorizmga qarshi kurash yoʻnalishi) bajargan. U birinchi qoʻmitadan kamroq maʼlum boʻlgan. Birinchi qoʻmita koʻproq hokimiyat va vakolatlarga ega edi. Uning tarkibi 1793-yil aprelida shakllantirildi, biroq yozga kelib, toʻliq oʻzgartirildi va oradan yarim yil oʻtib, haqiqiy kuchga toʻldi. Unga dastlab doimiy tarkib, nufuz, Konvent va boshqa joylardan koʻmak yetishmayotgan edi.

Konvent 10-iyulda qoʻmitani yangiladi va Danton uning yangi tarkibiga saylanmay qoldi. Biroq respublikaning II yilidagi Buyuk ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasini shakllantirish uchun yana ikki oy sarflandi. Eng qatʼiyatli montanyarlar: Kuton, Sen-Jyust, Janbon Sen-Andre va Marnalik Priyor qoʻmitaning oʻzagini tashkil qildi, ular qatoriga Barer va Linde ham qoʻshildi.

Robespierre Konventda qoʻmitada qabul qilingan qarorlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini muvaffaqiyatli himoya qila boshlagandan soʻng Konvent majlislariga taklif qilinadigan boʻldi va 27-yulda uning tarkibiga kirdi. 4-avgustda armiya tajribasiga ega boʻlgan kot-dorlik Karno va Priyor qoʻmitaga, 6-sentyabrda esa seksiyalar vakillari sifatida Kollo DʻErbua va Biyo Varenn ham kirdi. Ular turli mizoj, tajriba va ijtimoiy moyilliklarga ega shaxslar edi. Masalan, Lindega terror yoqmagan, Biyo-Varenn va Kollo d’Erbua koʻproq sankyulotlarga yaqin boʻlgan. Ularning asosiy qismi bitta ijtimoiy tabaqaga mansub boʻlsa-da, siyosiy qarashlari baribir oʻzaro farq qilgan. Karno va Linde ancha konservativ, Robespierre va Sen-Jyust esa ijtimoiy masalalarda ancha demokrat odamlar edi.

Ularning koʻpchiligi avtoritar, kuchli idrokka ega, halol va ehtirosli kishilar boʻlib, maqsadi hokimiyatni boshqarish, kurash va gʻalaba edi. Shuning uchun oradan maʼlum vaqt oʻtib, fikrlari qarama-qarshiligi oʻzaro shaxsiy adovatga aylanib ketdi. Inqilobga tahdid soluvchi xatarlar mavjud boʻlgani uchungina muqarrar boʻlinish orqaga surilib turgan edi, ammo bu tahdid alal-oqibat ularni mahv etdi.

Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasi kollegial organ edi va Konvent uning tarkibini har  oy tasdiqlab turgan. Siyosiy yoʻnalishdagi qonun va dekretlar kengashdagi bahs-munozaralardan keyingina tasdiqlanib, Konventga oʻtkazilgan. Oʻta ahamiyatli va jiddiy qarorlar, masalan, Dantonchilar qamoqqa olinishi haqidagi qaror qutqaruv va xavfsizlik qoʻmitalarida kelishilgan holda koʻrib chiqilgan edi.

Aynan Robespierre Barer, Sen-Jyust va Biyo-Varen bilan birga qoʻmitaning doimiy doimiy faoliyatini taʼminlab turgan va shu yoʻl bilan ijro hokimiyati faoliyati yoʻnalishini Konvent oldida himoya qilgan. Robespierre juda katta taʼsiri va obroʻsi bilan Konvent, Yakobinchilar klubi va Parij seksiyalarini bir-biriga bogʻlab turuvchi zanjir vazifasini oʻtagan.

"Inqilobiy hukumat nazariyasi xuddi uni dunyoga keltirgan inqilob kabi yangidir. Uni bu inqilob jarayonlarini oldindan koʻra bilmagan biror siyosiy yozuvchining kitobidan yoki oʻz mustabid hokimiyati qonuniy emasligidan qaygʻurmagan, bor eʼtiborini hokimiyatidan noxolis foydalanib kelgan mustabidlardangina izlamaslik kerak. Shuning uchun „Inqilobiy hukumat“ soʻzi zodagonlar yuragiga faqat dahshat va qoʻrquv soladi, shu sabab ular tuhmat qiladi, mustabidlar uchun bu soʻzlar faqat sharmandalikni, boshqa koʻpchilik uchun esa sirli jumboqni anglatadi. Bu soʻzlarni barchaga tushuntirish, iloji boricha yaxshi vatardoshlarni jamiyat manfaati yoʻlida birlashtirish kerak. Hukumatning asosiy vazifasi aslida millatning maʼnaviy va jismoniy kuchlarini qoʻyilgan ezgu maqsadlarga yoʻnaltirishdan iborat. Kontitutsiyaviy hukumatning maqsadi esa Respublikani saqlab qolishdir, inqilobiy hukumatning maqsadi — uni asoslash. Inqilob dushmanlarga qarshi ozodlik yoʻlida urushishdir. Konstitutsiya gʻolib va tinch ozodlik rejimidir".

Maximilien Robespierre inqilobiy hukumat prinsiplari haqida. Milliy konventdagi nutqdan, 25-dekabr, 1793-yil/ 5-nivoz, respublikaning 2-yili.

Hatto 1793-yilga kelib ham, ular uslubidagi mohiyat shakllanib boʻlmagan edi. Bular barchasiga 1793-yildagi xalq gʻalayonlari, siyosiy, iqtisodiy, harbiy inqiroz turtki bergan edi.

Terror[tahrir | manbasini tahrirlash]

Konventning istalgan qismi, xoh montanyarlar boʻlsin, xoh magʻlubiyatga uchragan jirondistlar boʻlsin, Fransiyaning ozchilik qismidan iborat edi. Shuning uchun hokimiyatni ushlab qolish, yengib boʻlmas xavf-xatarni bartaraf etish uchun Terrordan boshqa usulni qoʻllab boʻlmas edi. Mexanizmning oʻzi kabi buni ham tushunish oson boʻlgan emas: bunga qadam-baqadam, qisman zaruratni anglash, qisman shart-sharoit bosimi ostida erishildi.

1793-yili bahoridagi xoinlik, frontdagi xizmatdan boʻyin tovlab qochish hollari va magʻlubiyat, shu bilan birga, isyon koʻtarish yoʻlidagi fitnalar va fuqarolik urushi Fransiyani falokat yoqasiga olib kelib qoʻydi. Avstriya qoʻshinlarining yoz faslida bostirib kirishi Vandeyaning respublika ustidan erishgan ketma-ket gʻalabalari, dengiz boʻyidagi yirik savdo portlari: Lion, Marsel, Tulon, Bordo kabi shaharlarda inqilobga qarshi isyon koʻtarilishi, shundoq ham ogʻir vaziyatda boʻlgan Fransiyaning ahvolini yanada murakkablashtirayotgan edi. Gora yetakchilari (Konventdagi koʻpchilikni tashkil qiluvchi guruh „Gora“ deb atalgan) Fransiyani parchalanib ketishdan va Inqilobni halokatdan saqlab qolish uchun zoʻravonlik choralariga qoʻl urib, milliy mudofaa diktaturasini tuzdi, Marat uni „ozodlik zulmi“ deb atagan edi. Diktatura Respublika dushmanlarini qaysi ijtimoiy tabaqaga mansubligiga qarab oʻtirmay otib tashlayverdi. Inqilobga qarshi kayfiyatda boʻlgan barcha kishilar yoki isyonga moyilligi boʻlgan hududlarda yashovchi odamlar uning qurboni boʻldi.

Mars maydonidagi otishma

Provinsiyalardagi qaqshatqich, ayovsiz choralar isyon koʻtarilishi ehtimoli oldini olishga qaratilgan edi. Konvent sankyulotlar bosimi ostida terror siyosatini qoʻllashga majbur boʻldi. Montyanyarlar, ular orqasidan Tekislik deputatlari bosimi ostida urush, qamal va pul qadrsizlanishi oqibatida oziq-ovqat mahsulotlarining muttasil yetishmasligi, narx-navo toʻxtovsiz oshib borishi oldini olish uchun Konvent terrorni qoʻllashga qaror qildi. Quturganlar talabi qondirildi; albatta hammasi birdaniga boʻlgani yoʻq, bu asta-sekinlik bilan, yaʼni sankyulotlarni zoʻravonlik va qoʻrqitish yoʻli bilan montanyarlar tarafiga oʻtishga majburlash edi.

"Demokratiya shunday davlatki, unda mustaqil xalq oʻzi qabul qilgan qonunlar asosida, oʻzi saylagan vakillar yordamida oʻzi bajara olmaydigan ishlarni bajara oladi, oʻzi xohlagan istaklarni roʻyobga chiqara oladi…. Tashqaridan sizni mustabid hukmdorlar oʻrab olgan; ichkarida esa oʻsha mustabid hukmdorlar tarafdorlari turli fitnalar uyushtiradi. Ular toki muvaffaqiyatga ishonar ekan, fitna uyushtirishdan toʻxtamaydi. Respublikaning ichki va tashqi dushmanlarini mahv qilishimiz yoki ular bilan birga halok boʻlishimiz kerak; hozirgi vaziyatda siyosatingizning birinchi qoidasi aql-tafakkur yordamida xalqni va terror yordamida uning dushmanlarini boshqarish boʻlishi shart".

Qirolning Konventda sudlanishi

— Maximilien Robespierre ("Siyosiy mafkura prinsiplari haqida". Milliy Konventda Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasi nomidan soʻzlangan nutqdan 1794-yil 5-fevral).

Parij Inqilob Tribunali 1793-yil 9-10-mart kunlari tashkil etildi. Birinchi maksimum va olibsotarlarga qarshi qonun 5-may kuni qabul qilindi. Asosiy terrorchilik harakatlari sentyabrda yuz berdi, bu shubhalilarga qarshi qonun qabul qilinishida, Inqilobiy armiyaning tashkil etilishida, Inqilobiy Tribunalni qayta shakllantirishda, majburiy rekvizitsiyada va seksiyalar bosimi ostida qabul qilingan Umumiy Maksimum qabul qilinganda yaqqol koʻzga tashlandi. Terror hukumatni agʻdarib tashlanishdan saqlab turardi. Rekvizitsiya va Maksimum oʻrta qatlam va dehqonlar sinfining inqilobdan yuz oʻgirishiga olib keldi, oʻrta sinflar noroziligini aytmasa ham boʻladi.

Sankyulotlar minimal turmush sharoitini qoʻllab-quvvatlab turgani uchun ham Inqilobiy hukumatni dastaklayotgan, agar hukumat narx-navoni eplay olmasa, sankyulotlar ularni qoʻllamasligi aniq edi.

Bunga qanday erishish mumkin boʻldi? Yakobinchilar javobni Respublikaning II yilidagi terror choralarida koʻrayotgan edi.

"Agar tinchlik davrida xalq boshqaruvi quroli ezgulik boʻlsa, inqilob davrida ezgulik bilan birga terror ham uning quroliga aylanadi: ezguliksiz terror halokatga mahkumdir, lekin terrorsiz ezgulik ham kuchsizdir. Terror shiddatli, qattiqqoʻl va bukilmas adolatdan boshqa narsa emas; shunga koʻra, terror ezgulikning namoyon boʻlishidir, u alohida prinsipning koʻrinishi emas, vatan demokratiya jiddiy xavf ostida qolgan payt qoʻllaydigan umumiy prinsipdan kelib chiqadi".

Maximilien Robespierre („Siyosiy axloq prinsiplari“. Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasi nomidan Konvetdagi nutqdan, 1794-yil 5-fevral).

Terror majburiy qoʻllanganini eʼtirof etgan Robespierre joylardagi Konvent vakillari oʻzboshimchaliklarini qoraladi. Inqilobiy hukumat tuzgan ijro hokimiyatining markazlashuvini inobatga olib, Karrye, Fushe, Talyen kabi koʻplab ultra (ashaddiy) terrorchilar hududlardan chaqirib olindi. Masalan, Fushe Inqilobiy Tribunal aybdor deb topgani uchun Yakobinchilar klubi aʼzoligidan chetlatildi. Aynan mana shu ijtimoiy tartib buzilishlari va eberchilarning xristian diniga qarshi qarashlari Robespierre va tarafdorlari Dantonchilar bilan 1794-yil qishida vaqtincha birlashuviga sabab boʻlgan, bu esa oʻz navbatida eberchilar Qoʻmitani terrorni susaytirganlikda ("mudrayotganlar", fr. Endormeurs) aylashiga olib kelgan edi.

Yakobinchilar diktaturasi inqirozi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Konstitutsiyaviy hukumatning maqsadi Respublikani saqlab qolish, inqilobiy hukumatning maqsadi esa uni barpo etish edi“. Barpo etish nima degani ? Bu birinchi navbatda Respublikani tashqi dushmanlardan; shuningdek, ichki dushmanlardan asrashni bildiradi: Robespierre va boshqa inqilobchilar oʻz manfaatlari yoʻlida hokimiyatni qoʻlga olmoqchi boʻlayotgan ichki guruhlar katta xavf tugʻdiryapti, deb hisoblar edi. 1794-yil qishidagi turli fraksiyalarga qarshi kurash mantigʻi shundan iborat boʻldi.

Maximilien Robespierre, Claude-André Deseine[en] taroshlagan byust, 1791-yil

Fraksiyalarga qarshi kurash

1793-yil oxirida Konventning aksariyat qismi Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasini qoʻllab-quvvatladi. Dastlabki harbiy gʻalabalarga ham erishila boshladi, ammo inqilobchilar oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash iqtisodiy inqiroz va nazorat qilinayotgan iqtisodiyotning ogʻirlashtiruvchi sharoitida yanada keskinlashdi. Danton va Demulen atrofiga yigʻilayotgan kuchlar terrorning nihoyatda chuqurlashib ketganini taʼkidlay boshladi, ular „moʻtadillar“ deb nom oldil (fr. d’Indulgents ou citra-révolutionnaires). Radikal kayfiyatdagi Kordilyerlar klubi (fr. Cordeliers) aʼzolari esa, sankyulotlar jurnali „Dyushen ota“ (fr. Peʼre Duchesne) muharriri, harbiy vazirlik bosh kotibi Vensan, Inqilobiy armiya rahbari Ronsen va boshqalar Kommunaning arzimas koʻmagi bilan ultra-inqilobchilar (fr. ultra-révolutionnaires) yoki kordelyerlar deb nom oldi (tarixshunoslikka ular eberchilar nomi bilan kirdi).

Dastlab qoʻmitalar va Robespierre fraksiyalar oʻrtasidagi kurash xavfli ekanidan ogohlantirib, siyosiy raqobatchilar orasida hakamlik yoki vositachilik vazifasini zimmasiga olgan edi:

"Fransuz xalqining ichki dushmanlari, xuddi armiyaning ikki otryadiday, ikki fraksiyaga boʻlinib olgan. Ular turli rangdagi bayroqlarni koʻtarib olib, boshqa-boshqa yoʻllardan bormoqda. Ammo bitta maqsad sari yo ‘l olmoqda; bu maqsad — xalq hukumatini parokanda qilish, Konventni qulatish, yaʼni zulm tantanasiga olib borish.

Bu fraksiyalardan biri bizni ojizlikka daʼvat qilsa, ikkinchisi harakatlarga chorlayapti. Birinchisi ozodlikni vakxanka (aysh-ishrat ishtirokchisi) boʻlishga boshlasa, ikkinchisi uni fohishaga aylantirmoqchi…

…Surbetlarcha parodiya yordamida inqilobning buyuk dramasini buzib koʻrsatish hamda riyokorona moʻtadillik va yasama gʻayriodatiylik bilan ozodlik ishini obroʻsizlantirish uchun vatanparvarlik niqobini taqib yurish juda qulay…

…Moʻtadil va soxta inqilobchilarning umumiy vazifasi bizni muttasil yo u, yoki bu muammolar girdobiga tashlashdir…"

Maximilien Robespierrening Konventdagi nutqidan, 1794-yil 5-fevral.

Robespierre dekabr-yanvar oylarida eberchilarning xristianlikka qarshi kampaniyalariga oid keskin chiqishlar qildi. Oʻsha paytda u Danton bilan eberchilar siyosatiga qarshi bitta umumiy platformaga birlashganday taassurot uygʻongan edi. Robespierrening sukutli roziligi bilan eberchilar yetakchilariga qarshi kampaniya boshlanib ketdi. Bu hujum Kamil Demulen tashkil qilgan yangi jurnal „Keksa Kordelyer“ (fr. Le vieux Cordelier) sahifalari orqali uyushtirildi. Dastlab jurnal juda ommalashib ketdi, ammo 15-dekabrdan boshlab, unda Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasi siyosati tanqid qilingan maqolalar chop etila boshladi. Bu esa Inqilobiy hukumat ahvoliga xavf tugʻdirar edi.

Ikki fraksiya ikki oy mobaynida oʻzaro kurash olib bordi. Qish oxirlarida eberchilar iqtisodiy tanglikdan foydalanib, isyon koʻtarishga urinib koʻrdi. Biroq ularni na Kommuna va na Parij seksiyalarining katta qismi qoʻllab-quvvatladi. Qoʻmita zudlik bilan ebertchilarni hibsga ola boshladi. Eber, Ronsen, Vensan, Momoro va boshqa eberchilar, shuningdek, chet elliklar Kloots, Proli va Pereyra „xalqaro fitna“ hamtovoqlari sifatida sud qilinib, 24-mart qatl etildi[37].

Eberchilar qamoqqa olinganidan ruhlangan Danton va doʻstlari hujumni davom ettirdi. 30-martda Qoʻmita Danton, Delakrua, Demulen va Filipponi qamoqqa olish haqida buyruq berdi. 2-aprelda Danton va doʻstlari ustidan sud jarayoni boshlandi. Ular taqdiri hal boʻlgan edi. 5-aprelda Danton va doʻstlari gilotinada qatl etildi.

Qoʻmita kengash va seksiyalar oʻrtasida vositachi boʻlib kelayotgan edi. Qoʻmitalar seksiyalar yetakchilarini mahv etgach, 31-maydagi qoʻzgʻolondan beri ular bosimidan qattiq qoʻrqib qolgan Konvent hokimiyat manbasi boʻlgan sankyulotlar bilan aloqani uzdi. Dantonchilarni mahv qilgan qoʻmita osonlik bilan qoʻzgʻolonga koʻtarilishi mumkin boʻlgan Majlis aʼzolari koʻngliga gʻulgʻula solib, qoʻrqitib qoʻygandi. Hukumatga Majlis aʼzolarining katta qismi oʻz tarafida turganday koʻringan edi. Ammo u qattiq adashdi. Konventni seksiyalar bosimidan xalos etgandan soʻng hukumat Majlis iltifotiga qarab qolgan edi. Faqat hukumat bartaraf qilishi kerak boʻlgan ichki boʻlinishi qolgan edi.

Tuileries boʻroni, 1792-yil 10-avgust

Oliy mavjudotga sigʻinish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maʼrifat davri maqsadlaridan biri inson tafakkuri yordamida inson hayotining (tabiiy din, tabiiy huquq va b.) tabiiy prinsiplarini topishdan iborat edi. Bunday aqliy va tabiiy asoslar nuqtai nazaridan barcha tarixan tarkib topgan va amalda mavjud boʻlgan shakllar va munosabatlar (ijobiy din, ijobiy huquq va b.) tanqid qilingan. Maʼrifat davri gʻoyalari taʼsirida butun jamiyat hayotini qayta shakllantirish boʻyicha islohotlarni amalga oshirishga urinishlar boʻldi.

Fransuz inqilobining koʻplab arboblari bu qarashlarga toʻliq qoʻshilgan edi. Buni inqilob davrining prinsipial hujjatlarida ham koʻrish mumkin.

Fransuz Inqilobi hujjatlaridagi Oliy Mavjudot xaqida eslatmalar

(fr. Déclaration des Droits de lʻHomme et du Citoyen)

Inson va fuqaro huquqi deklaratsiyasi (1789-yil 26-avgust)

…Shunga koʻra, Milliy majlis Oliy Mavjudot oldida va homiyligi ostida quyidagi inson va fuqaro huquqini tan oladi va eʼlon qiladi…

Inson va fuqaro huquqi deklaratsiyasi (1793-yil 23-iyun)

…Shuning natijasida Oliy Mavjudot oldida navbatdagi inson va fuqaro huquqini eʼlon qiladi…

Inson va fuqaro huquqi deklaratsiyasi (III yilning 5-fryuktidori /1795-yil 22-avgust)

…Oliy Mavjudot oldida fransuz xalqi navbatdagi inson va fuqarolar huquqi deklaratsiyasini eʼlon qiladi…

„Fransuz xalqi Oliy Mavjudot va qalbning barhayotligini tan oladi“ (Oliy Havjudot haqidagi dekret, II yilning 18 floreali /1794-yil 7-may)[38].

20-prerialda (1794-yil 8-iyun) Oliy Mavjudotga atab oʻtkazilgan bayram tantanalari Robespierre hayotidagi eng baxtli kuni edi.

Robespierre moviy frakda, respublikaning uch rangli bayrogʻi tusidagi boʻyinboqda ulkan guldastalar, meva-cheva va boshoqlar qurshovida Konvent aʼzolarining old qatorida oldida odimlardi. U bayramdan toʻrt kun avval prezident etib saylangandi. Ortidan Parijning 48 seksiyasi vakillari va Milliy gvardiya borardi. Qatnashcilar bayram uchun maxsus tashkil etilgan „Muqaddas togʻ“ (Konventdagi togʻ majozi sifatida) deb atalmish tepalik tomon borardi. Uning eng yuqori qismida inqilob birligi va sadoqati ramzi boʻlgan Ozodlik daraxti bor edi. Robespierre oʻsha yerda Fransiyani birlashtirish uchun bu kunning naqadar ahamiyatli ekani haqida nutq soʻzladi hamda Dahriylik, Kibr, Xudbinlik va Jaholat ramzlari boʻlgan haykallarga oʻt qoʻydi. Ularning kulidan Donishmandlik haykali paydo boʻldi[39].

Festivalni inqilob rassomi David tashkillashtirdi. Oʻsha voqealar ishtirokchilaridan baʼzilari guvohlik berishicha, tantanalarda Parijning 600 ming aholisidan qariyb 400 mingi qatnashgan. Yakshanbaning quyoshli kuni edi va barcha ishtirokchilar bayramona kiyinib olgandi. Butun shahar gullar va gulchambarlar bilan bezatilgan edi. Bayram nafaqat Parij, qolaversa, butun mamlakat boʻylab oʻtkazildi va koʻpchilik, ayniqsa, katolik ruhoniylar buni dinning qaytishiga yoʻyib zavqlandi[40].

Bayram taassurotlari shu qadar kuchli ediki, emigratsiyadagi royalist Malle dyu Pan bu haqda shunday deb yozdi: „Biz rostdan ham endi Robespierre inqilob oqibatida boʻlinib ketgan jamiyatni birlashtira oladi, deb oʻylay boshlagan edik“[41].

Milliy konventsiya qurbongohi (Autel de la Convention Nationale or Autel respublikasi)
Fransua-Léon Sikard, Panteon, Parij, 1913-yil
Qoʻzgʻolon 31-may — 2-iyun
Jandarm Charlz-Andre Meda Robespierni otib tashlaydi.
Oliy zot bayrami 1794-yil 8-iyun Parij.
9-termidor
Marseldagi Robespierre maydoni: „Advokat. 1758-yilda Arrasda tugʻilgan. Sud va tergovsiz u 1794-yil 27-iyulda gilotinada qatl etilgan. Sotilmas degan laqabi boʻlgan. Xalq himoyachisi. Respublika shiorimiz muallifi: Ozodlik Tenglik Qardoshlik“
Robespierning qatl etilishi. 10-termidor / 1794-yil 28-iyul
SSSR pochta markasi, 1989-yil. Fransuz inqilobining 200 yilligi: J. P. Marat, J. J. Danton, M. Robespierre

9 Termidor[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yakobinchilar hech qachon bir xil yoki birlashgan partiya boʻlmagan[42]. Fraksiyalarning tor-mor etilishi siyosiy oʻyin maydonida qolganlarni (ular „bugʻdoiy chorisi“ deb ham atalgan) yashirinishga majbur qildi, ochiq kurashni fitna va dasisaga aylantridi. Lekin boshqa chuqurroq sabablar boʻlmaganda, bunchalik tez va kutilmagan qulash (yakobinchilar qulashi) yuz bermas edi.gar boʻlardi[43][44].

Respublikaga haqiqiy tahdid saqlanib qolayotgan paytda koʻpchilik qoʻmitalar siyosatiga ergashishga rozi boʻldi[45]. Maksimum qonuni hech kimga yoqmas va u doimiy tarzda buzilayotgan, ammo Yevropa monarxiyalariga qarshi kurashayotgan mamlakat uchun bu qonunning joriy etilishi mantiqan toʻgʻri edi. Yakobinchilarning hokimiyatga kelishi va hokimiyatda qolishiga sabab Parij seksiyalaridan kelayotgan bosim edi, eberchilar bostirilgach, seksiyalar faoliyati sustlashib qoldi. Qoʻmitalar iqtisodiy siyosatidan ham ularning hafsalasi pir boʻlgandi. „Inqilob muzlab qoldi, uning prinsiplari zaiflashdi, endi fitnaning boshida qizil qalpoq (Frigiya qalpogʻi) qoldi, xolos“, deb yozgandi Sen-Jyust oʻsha payt. Seksiyalar konservatizmi sabablaridan yana biri vatanparvarlik ruhidagi koʻplab yoshlarning frontga joʻnab ketgani bilan ham bogʻliq edi. Seksiyalar faollari hukumat qoʻmitalari saflarini toʻldirib, nomenklaturaga aylanib qolgan, inqilobning suronli toʻrt yili koʻpchilikni toliqtirgani sezilayotgan edi[46].

Aynan ilk gʻalabalarga erishilgan (Flyoryus 26-iyun) va qoʻmitalar hokimiyatiga hech kim qarshi turmayotgan paytda Inqliobiy Hukumat aʼzolari oʻrtasida shaxsiy kelishmovchiliklar yuzaga qalqib chiqqanidan ajablanmasa ham boʻladi. Agar qoʻmitalar yakdil boʻlganda, termidordan qutulib qolish mumkin boʻlar edi. Aynan mana shu qarama-qarshiliklar, shubhalar, bir-birini ayblashlar robespierrechilarning, ortidan esa Inqilobiy Hukumat tanazzuli, Togʻ va Konventning va umuman, butun Yakobinchilar partiyasining qulashiga olib keldi[47][48].

Fraksiyalar qulashidan, Oliy Mavjudot sharafiga oʻtkazilgan bayramdan soʻng Robespierre shaxsi yaqqol koʻzga tashlanib qolgan, u endi Yakobinchilar klubi himoyachisi sifatida Konvent va qoʻmitalar oʻrtasidagi vositachilik rolini ham yoʻqotgan edi[49]. Unga endi deyarli hukumat rahbari sifatida qarala boshladi va barcha noroziliklar endi aynan uning shaxsiga qaratiladigan boʻldi. Aslida Ijtimoiy qutqaruv qoʻmitasida uning vakolatlari deyarli yoʻq edi, koʻpchilik oʻylaganday, Robespierre qoʻlida hokimiyat boʻlmagan. U qoʻmitaga oxirgilardan boʻlib aʼzo boʻlgan va hatto qoʻmita vakillarini saylash huquqiga ham ega emasdi, kengash raisi ham boʻlmagan. Qoʻmita aʼzolarining barcha amallari qolgan aʼzolar roziligiga bogʻliq edi. 22-prerialdagi janjalning mohiyati oʻsha kuni chiqarilgan qonunda emas, u Konventga qoʻmitaning barcha aʼzolaridan rozilik olmay taqdim etilganida edi. Robespierre Ijtimoiy Qutqaruv Qoʻmitasining 12 nafar aʼzosidan faqat Sen-Jyust va Kutonning koʻmagiga suyana olardi, xolos. Kollo d’Erbua va Biyo-Varenn esa koʻproq eberchilikka moyil shaxslar edi. Rober Lende dantonchilarga, Lazar Karno va Klod-Antuan Priyor moʻtadillarga yaqin odamlar hisoblangan. Ustiga-ustak, Ijtimoiy Qutqaruv Qoʻmitasi va Ijtimoiy Xavfsizlik Qoʻmitasi oʻrtasida hukumatning siyosiy faoliyati va shaxsiy munosabatlar borasida qarama-qarshiliklar mavjud edi[50].

Robespierre haqida turli mish-mishlar tarqatilayotgan edi, odamlar esi ogʻib qolgan bashoratchi kampir Katrin Teoning oʻzini Bibi Maryam deb atagani va Robespierre uning oʻgʻli ekani haqidagi gaplariga quloq soladigan boʻldi. Robespierreni oʻldirish uchun uyushtirilgan ikkita suyqasd ham uning shaxs sifatidagi ahamiyatini oshirishga xizmat qildi. 3-prerialda uni Anri Admir oʻldirmoqchi boʻldi. Ertasi kuni esa xonadonida yosh Sesil Reno ismli qiz ikkita pichoq bilan qoʻlga olindi.

Bahs-munozaralar, gap talashish qizib ketishi oqibatida ahvol Robespierre 1-iyuldan boshlab Ijtimoiy Qutqaruv Qoʻmitasiga kelmay qoʻyishigacha borib yetdi.

Hukumat tarkibidagi qarama-qarshilik boʻlinishga olib kelishini yaxshi tushunganlar 5-termidorda Vantoz dekretlari muhokamasi bahonasida yarashishga urinib koʻrdi. Sen-Jyust bilan Kuton yarashuvni ijobiy baholadi, ammo Robespierre raqiblari samimiyligiga shubha bilan qarayotgan edi. U 8-termidorda Konventdagi oxirgi nutqida raqiblarini siyosiy oʻyinchilikda aybladi va boʻlinish urinishlarini Konvent sudiga chiqarishni taklif qildi hamda Ijtimoiy Qutqaruv Qoʻmitasi tarkibini yangilash, Ijtimoiy Xavfsizlik Qoʻmitasi tarkibini tozalash, Konvent boshchiligida hukumatni birlashtirish kerakligini taʼkidladi. Undan aybdorlarning familiyalarini nomma-nom aytishi talab qilina boshladi. Sharlye shunday dedi: „Kimda-kim ezgulik jasoratiga ega boʻlsa, u haqiqatni ayta olish jasoratiga ham ega boʻlishi shart. Sen oʻzing ayblayotgan kimsalarni nomma-nom ayt!“ Ammo Robespierre aybdorlarning ismini ayta olmadi. Har bir Konvent aʼzosi bu sukutda oʻzi uchun qonundan tashqari shaxslar roʻyxatiga kirib qolish xavfini sezdi va majlis u cheklangan vakolat (kart-blansh) talab qilayotganini taxmin etdi[51].

9-termidorga oʻtar kechasi ultra-inqilobchi terrorchilar, qolgan-qutgan dantonchilar, Tekislik yoki „Botqoq“ (fr. La Plaine ou le Marais) deputatlar guruhi aʼzolari Robespierrega qarshi kelishuvga erishdi. Fitna markazida oʻzi uchun katta xavf seza boshlagan Konvent aʼzolari: Talyen, Fushe, Karye va b. turardi, Fushe Lionda, Talyen Bordoda, Karye Nantda haddan ziyod shafqatsiz ommaviy qatl uyushtirgani uchun Parijga chaqirib olingan shaxslar edi. Ular Ijtimoiy Qutqaruv Qoʻmitasi aʼzolari Kollo d’Erbua, Biyo-Varenn va Lazar Karno bilan kelishuvga erishdi. Robespierrening Konventdagi oxirgi nutqidan keyin ikkala qoʻmita aʼzolari ham oʻz taqdiridan qoʻrqib qolgan va ayni omil ularning Robespierrega qarshi birlashishiga sabab boʻlgandi. Tekislik yetakchilari boʻlgan Siyes, Kambaseres, Donu va Buassi d’Angla harbiy gʻalabalardan keyin terror yoʻli bilan iqtisodiyotni nazoratda ushlab turish endi notoʻgʻri boʻlishini anglab yetayotgan edi. Shuningdek, ular Parij seksiyalaridan va turli radikal oqimlardan keladigan xavf-xatar kamaygani uchun Konvent respublika boshqaruvini toʻliq qoʻlga olishi zarurligini ham eʼtirof etdi[52].

Qamoq[tahrir | manbasini tahrirlash]

9-termidorda (27-iyul) Sen-Jyust Konventda qoʻmitalar maʼruzasini oʻqib eshittirishi kerak edi. U bir necha soʻzni aytib-aytmayoq, oldindan kelishib olgan fitnachilardan biri Talyen gapini boʻldi. Fitnachilar Robespierre va tarafdorlari gapirishiga yoʻl bermaslikka kelishib olgan edi[53]. Minbarda faqat ular gapirardi; dastlab Biyo-Varenn, soʻngra Barer, Vadye va yana Talyen soʻzga chiqdi. Ulardan biri hatto Robespierreni inqilob dushmanlariga nisbatan oʻta murosasozlikda, boshqa biri esa haddan ortiq terror qilishda aybladi. Robespierre eʼtiroz bildirmoqchi boʻldi. Lekin uning soʻzlarini Togʻ vakillarining „Zolim yoʻqolsin!“ degan qichqiriqlari bosib ketdi. Koʻpchilik ovoz bilan Milliy gvardiya boshligʻi Anrioni va Inqilobiy Tribunal raisi Dyumani qamoqqa olish haqida qaror qabul qilindi. Shunday keyin boshlanib ketgan sarosima va shovqin paytida deyarli hech kim tanimaydigan dantonchi va montanyar Lushe Robespierreni qamoqqa olish taklifini kiritdi. „Yashasin Respublika!“ xitoblari ostida Robespierre, Sen-Jyust va Kutonni qamoqqa olish haqidagi qaror bir ovozdan tasdiqlandi. Robespierrening Konventdagi oxirgi soʻzlari mana bular boʻldi: „Respublika? Respublika halok boʻldi — qaroqchilar saltanati oʻrnatildi!“ Leba bilan Robespierrening ukasi ham oʻzini hibsga olishlarini talab qildi. Hibsga olinganlar qamoqqa olib ketildi. Robespierre esa Lyuksemburg qamoqxonasiga joʻnatildi, ammo qamoqxona noziri mashhur mahbusni qabul qilishdan bosh tortdi[54][55][56].

Voqealar shiddat bilan rivojlana bordi. Ular haqidagi xabar Parij meriyasiga (fr. Hôtel de Ville de Paris) taxminan soat 17 da yetib bordi. Parij Kommunasi shahar isyon holatida ekanini eʼlon qildi. Parij meri Flerio-Lesko shaharga olib kiruvchi yoʻllarni yopishga va bong urib, shahardagi barcha seksiyalarni isyonga daʼvat etishga qaror qildi. Kommuna qoʻl ostiga oʻtgan seksiyalarning qurollangan boʻlinmalariga ratusha (hokimiyat binosi) oldiga toʻplanish buyurildi[57][58]. Parij Milliy Gvardiyasi rahbari Anrio bir necha jandarm bilan hibsga olinganlarni qutqarmoqchi boʻldi, ammo oʻzi ham qamoqqa olindi. Yakobinchilar klubi va seksiyalar majlislar toʻxtovsiz boʻlishini eʼlon qildi. Kommuna va Konvent daʼvatnomalari, buyruqlari, aks buyruqlari shaharning barcha qismlariga tinimsiz yuborilib turdi. Parijdagi 48 ta seksiyadan 27 tasi Kommunadan koʻrsatmalar soʻradi, ammo 13 tasigina milliy gvardiyasini uning ixtiyoriga yubordi, xolos. Kommuna va qoʻmitalar siyosati sabab toʻplanib qolgan noroziliklar oʻz ishini qildi. Mana endi robespierrechilar 10-avgust va 31-may qoʻzgʻolonlarida hal etuvchi rol oʻynagan seksiyalar rahbarlari va faollari yoʻq qilinishi bilan bogʻliq mudhish oqibatlarni oʻz tanasida his qilayotgan edi[59].

Dastlab vaziyat tarozisi pallasi qoʻzgʻolonchilar tarafga ogʻayotganday tuyulgan edi. Inqilobiy Tribunal raisi muovini Koffingal Kommunaga sodiq qoʻshinlar bilan Anrioni qamoqdan ozod qilishga muvaffaq boʻldi. Hibsga olingan deputatlar birin-ketin ozod qilinib, ratushaga toʻplana boshladi. Kommuna qoʻshinlari koʻproq edi[60].

Ayni choqda Konvent kutilmagan isyon sarosimasidan oʻziga keldi. Markaziy va gʻarbiy seksiyalarga deputatlar yuborilib, ulardan Konvent himoyasi uchun Milliy Gvardiyani yuborish soʻraldi. Konvent Tulon qamalida oʻzini koʻrsata olgan Barrasni qoʻshinlariga bosh qoʻmondon etib tayinladi; Barer isyonchilarni qonundan tashqari deb eʼlon qilishni taklif etdi, bu har bir isyonchi taslim boʻlmagan taqdirda sudsiz-tergovsiz, faqat shaxsi aniqlangandan soʻng qatl etilishini anglatar edi[61].

Oʻz navbatida Kommuna ham Konventdagi fitnachilarni, xususan, Kollo, Amar, Burdon, Freron, Talyen, Panis, Karno, Dyubua, Vadye, Javog, dyu Barran, Fushe, Grane va Beylni qamoqqa olish haqida dekret chiqardi. Biroq seksiyalar vaziyat noaniqligidan ikkilanayotgan edi. Ikkala tarafda ham mashhur inqilobchilar borligi bu noaniqlikni yanada mavhumlashtirib qoʻydi. Raqib tomonlar uchun kim koʻproq va tezroq seksiyalarni oʻz tomoniga ogʻdirishi masalasi dolzarb edi. Bu yoʻlda ular hech qanday iflos yoʻldan tap tortmayotgandi. Masalan, Gravilyega yuborilgan Konvent vakili Leonard Burdon seksiyalarga, Robespierre Lyudovik XVI ning qizi bilan yashirin nikoh shartnomasi imzoladi, degan yolgʻon maʼlumotni tarqatdi[62]. Sen-Antuan qoʻrgʻonidagi eng jangovar, inqilobning barcha qoʻzgʻolonlarida yetakchi rol oʻynagan Kenz-Ven seksiyasi yordam soʻrab murojaat qilgan Kommunaga shunday javob yoʻllaydi:

"Antuan atrofida yashovchi fuqarolar oʻziga xos respublika shijoatini hali yoʻqotganicha yoʻq, biroq hozirgi sharoitda Inqilobiy Hukumat respublika dushmanlari doimo qoʻyayotgan tuzoqqa tushib qolmasligi uchun ularga boshqaruv kengashi zarur".

Kechasi soat 2 da (10-termidor) Konventning ikkita biri Barras boshchiligidagi, ikkinchisi Leonard Burdon boshchiligidagi Gravilye seksiyasidan kelgan gvardiyachilardan iborat yirik guruhi ratusha oldidagi maydonga keldi, biroq maydon boʻm-boʻsh edi. Konvent qoʻshinlari Anrioning adyutantidan parolni bilib olib, Kommunachilar yigʻilish qilayotgan zalga bostirib kirdi. Leba oʻz joniga qasd qildi. Ogyusten Robespierre oʻzini oynadan tashlab, oyogʻini sindirib oldi. Falaj Kuton aravasi bilan birga zinapoyadan pastga itarib yuborildi. Jandarm Merda Robespierrega qarata toʻpponchadan oʻq uzdi va iyagini majaqlab tashladi[63][64][65].

Qatl qilinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qonga belangan Robespierre Ijtimoiy Qutqaruv Qoʻmitasiga olib kelindi. U dastroʻmolini jarohatlangan iyagiga bosib, qonni toʻxtatishga harakat qilardi. Jarroh uni koʻrib, jarohatini bogʻlab qoʻydi. Ertalab soat 9 da Robespierre Konsyerjeri qamoqxonasiga oʻtkazildi. Tushga yaqin u Inqilobiy Tribunalga olib kelindi[66][67]. Sud jarayoni apil-tapil oʻtkazildi, endi faqat isyonchilarni qonundan tashqari deb eʼlon qilish va sud ular shaxsini aniqlab tasdiqlassh qolgan edi[68].

10-termidor (28-iyul) soat 16:30 da uchta aravaga ortilgan mahbuslar qatlgohga olib ketildi. Ular Robespierre yashagan Dyuple uyining oldidan ham oʻtdi. Uning uyi eshiklariga qon surkab, ular va derazalar tambalab tashlangan edi. Soat 18:15 da aravalar qatlgoh joylashgan Inqilob maydoniga yetib keldi[69].

Dastlab Kutonning boshi kesildi, keyin Ogyusten Robespierre va Sen-Jyust, keyin Parij meri Flerio-Lesko qatl etildi. Soʻngra Maximilien Robespierre gilotinaga tortildi[70]. Jallod uning yuzidagi bogʻichni yulib oldi va Robespierre ogʻriq zoʻridan qichqirib yubordi. „Bu qichqiriq nafaqat Parijni, balki butun Fransiyani, butun Yevropani larzaga keltirgan va asrlar oshib bizgacha yetib kelgan qichqiriq edi“. Gilyotina tigʻi Robespierreni boshini uzib yubordi. Jallod qarsak chalayotgan olomonga shahar meri Flerio-Lesko, Kuton va Robespierrening boshini koʻrsatdi[71].


Qatl qilinganlar jasadlari Eransidagi (fr. cimetière des Errancis) birodarlik qabristoniga dafn etilib, Maximilien Robespierredan hech qanday iz qolmasligi uchun ustiga ohak sepildi.di[72].

"Ammo u bor, sizlarni ishontirib aytaman, o, toza va taʼsirchan qalblar! U bor. Bu inja, hukmbardor va yengib boʻlmas ehtiros, oliyjanob qalblarning azobi va rohati! Zulmga boʻlgan cheksiz nafrat, mazlumlarga astoydil hamdardlik, vatanga boʻlgan muqaddas muhabbat, insoniyatga boʻlgan eng oliy, eng muqaddas sevgi — bularsiz buyuk inqilob yaqqol jinoyat, yana bir buzmakor jinoyat boʻlib qolishi turgan gap edi; u bor — dunyodagi birinchi Respublikani tashkil qilish kabi oliyjanob, kibrli istak u!"

— Maksimilyen Robespierre Yakobinchilar klubidagi nutqidan, 1794-yil 8-termidor[73].

Xotirasi abadiylashtirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Robespierre hozirgi kungacha jahon tarixidagi eng ziddiyatli shaxslardan biri boʻlib qolmoqda[74][75]. Buyuk Fransuz Inqilobi namoyondalari orasida uning nomi bilan Parijning biror koʻchasi atalmagan, ammo shahar chekkasidagi Sen-San-Deni departamentining Montryoy shaharchasida Robespierre koʻchasi bor[76][77][78]. Shuningdek, metroning 9-liniyasidagi stansiya ham uning nomi bilan ataladi. Robespierrening Parijdagi yagona haykali Panteonda joylashgan. Uni haykaltarosh Fransua-Leon Sikar taroshlagan, haykal dastlab Tyuilri bogʻidan joy olishi kerak boʻlgan. Fransiya poytaxti koʻchalarida Robespierrega haykal qoʻyishga urinishlar hozirgacha muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda[79].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Адо, А. В.. Документы Истории Великой Французской Революции. М.: Издательство Московского университета, 1990. 
  • Жорес, Жан. Социалистическая история Французской революции в 6-х тт. M: Прогресс, 1983. 
  • Жорес, Жан. Социалистическая история Французской революции в 6-х тт. M: Прогресс, 1983. 
  • Захер, Я.. Робеспьер. Л: государственное издательство, 1925. 
  • Туманов, В.А.. Французская Республика. Конституция и законодательные акты. М: Прогресс, 1989. 
  • Левандовский А.П.. Максимилиан Робеспьер. М: Молодая гвардия, 1959. 
  • Лукин, Н.. Максимилиан Робеспьер / Избр.труды в 3-х тт. Т.1.. М: АН СССР, 1960. 
  • Манфред А. З.. Три портрета эпохи Великой французской революции. М: Мысль, 1978. 
  • {{{заглавие}}}.
  • Манфред А.З.. Максимилиан Робеспьер, Избранные произведения. M: Наука, 1965. 
  • Матьез, А.. Французская Революция. Ростов-на-Дону: Феникс, 1995. 
  • Морозова, Е.В.. Робеспьер. М: „Молодая гвардия“, 2016. 
  • Серебрянская, Е.. Об эволюции мировоззрения Робеспьера. Одесса: государственное издательство, 1962. 
  • Собуль, А.. Первая республика (1792—1804 гг.). M: Прогресс, 1974. 
  • Собуль, А.. Робеспьер и народное движение. M: Прогресс, 1960. 
  • Радзинский Э.С.. Берегитесь, боги жаждут!. Москва: АСТ nonfcition, 2015. ISBN 978-5-17-092710-4. 
  • Тэвдой-Бурмули, А.И.. Логика торжествующей добродетели: Робеспьер и идея революционного насилия, М, 2003. 
  • Aulard, François-Alphonse. The French Revolution, a Political History, 1789-1804, in 4 vols.. New York: Charles Scribner's Sons, 1910. 
  • Aulard, François-Alphonse. The French Revolution, a Political History, 1789-1804, in 4 vols.. New York: Charles Scribner's Sons, 1910. 
  • Aulard, François-Alphonse. The French Revolution, a Political History, 1789-1804, in 4 vols.. New York: Charles Scribner's Sons, 1910. 
  • Baczko, Bronislaw. Ending the Terror: The French Revolution after Robespierre. Cambridge: Cambridge University Press, 1994. ISBN 978-052-144105-6. 
  • Bouloiseau, Marc. The Jacobin Republic: 1792-1794. Cambridge: Cambridge University Press, 1983. ISBN 0-521-28918-1. 
  • Bouloiseau, Marc. Robespierre, Paris, 1961. 
  • Buonarroti, Philippe. History of Babeuf’s conspiracy for equality. Cambridge: Cambridge University Press, 1994. ISBN 978-052-144105-6. 
  • Carlyle, Thomas. The French Revolution. Philadelphia: Porter & Coates, 1896. 
  • Dupuy, Roger. La République jacobine. Terreur, guerre et gouvernement révolutionnaire (1792—1794). Paris: Le Seuil, 2005. ISBN 978-22-75-783937-9. 
  • Furet, François. Interpreting the French Revolution. Cambridge: Cambridge University Press, 1990. ISBN 978-1104627737. 
  • Furet, François. The French Revolution: 1770-1814. London: Wiley-Blackwell, 1996. ISBN 0631202994. 
  • Gauthier, Florence. Triomphe et mort du droit naturel en Révolution, 1789-1795-1802. Paris: PUF/ pratiques théoriques, 1992. 
  • Guillemin, Henri. Robespierre, politique et mystique. P.: Le Seuil, 1987. 
  • Greer, Donald. Incidence of the Terror During the French Revolution: A Statistical Interpretation. Peter Smith Pub Inc, 1935. ISBN 978-0-8446-1211-9. 
  • Jordan, David. The King's Trial: Louis XVI vs. the French Revolution. Berkeley: University of California Press, 1981. ISBN 978-0520043992. 
  • Jordan, David. The revolutionary career of Maximilien Robespierre. Chicago: University of Chicago Press, 1989. ISBN 0226410374. 
  • Hamel, Ernest. Histoire de Robespierre, Paris, 1865. 
  • Hampson, Norman. A Social History of the French Revolution. Routledge: University of Toronto Press, 1988. ISBN 0-710-06525-6. 
  • Hardman, John. Robespierre. Harlow, England: Pearson Education Limited, 1999. ISBN 0-582-43755-5. 
  • Las Cases. Journal of the Private life and Conversations of the Emperor Napoleon at Saint Helena, Paris, 1816. 
  • Lefebvre, George. The French Revolution: from its Origins to 1793. New York: Columbia University Press, 1962. ISBN 0-231-08599-0. 
  • Lefebvre, George. The French Revolution: from 1793 to 1799. New York: Columbia University Press, 1963. ISBN 0-231-08599-0. 
  • G. Lenotre. Robespierre et la « Mère de Dieu ». Paris: Perrin, 1926. 
  • Madelin, Louis. The French Revolution. London: William Heinemann Ltd., 1926. 
  • Mathiez, Albert. The French Revolution. New York: Alfred a Knopf, 1927. 
  • Mathiez, Albert. The Fall of Robespierre. New York: Augustus M. Kelley, 1968. 
  • Nabonne, Bernard. La Vie privée de Robespierre. Chicago: Hachette, 1938. 
  • Palmer R. R.. Twelve Who Ruled: The Year of the Terror in the French Revolution. Princeton: Princeton University Press, 2005. 
  • Paris, Auguste. La jeunesse de Robespierre et la convocation des États généraux en Artois. P.: Mm. ve Rousseau-Leroy, 1870. 
  • Proyart, Liévin-Bonaventure. La Vie et les crimes de Robespierre, surnommé Le Tyran; depuis sa naissance jusqu'à sa mort. Par M. Le Blond de Neuvéglise, colonel d'infanterie légère. Augsbourg: Hachette, 1795. 
  • Scurr, Ruth. Fatal Purity: Robespierre and The French Revolution. New York: Henry Holt, 2006. 
  • Soboul, Albert. The French Revolution: 1787-1799. New York: Random House, 1974. ISBN 0-394-47392-2. 
  • Thompson J. M.. The French Revolution. Oxford: Basil Blackwell, 1959. 
  • Thompson J. M.. Robespierre. London: Blackwell Pub, 1936. ISBN 063115504X. 
  • Thompson J. M.. Robespierre. London: Blackwell Pub, 1936. ISBN 063115504X. 
  • Walter, Gérard. Robespierre, I - La vie, II – L’œuvre. P.: Gallimard, 1989. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „French Revolution | History, Summary, Timeline, Causes, & Facts“ (2015-yil 15-iyun). 2020-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-noyabr.
  2. „French Revolution“ (2018-yil 23-sentyabr). 2020-yil 13-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-noyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Gérard Walter 1989.
  4. Walter, Maximilien de Robespierre, pp. 15-17.
  5. Walter, Maximilien de Robespierre, p. 15-17, 629-630 y 668.
  6. Paris, La jeunesse de Robespierre […], pp. 8-16.
  7. Scurr 2006, ss. 22, 35.
  8. Walter, Maximilien de Robespierre, p. 15-17, 629-630 y 668.
  9. Gérard Walter (1989). 29-31
  10. O'Brien, James Bronterre. The Life and Character of Maximilian Robespierre. Proving ... that that Much Calumniated Person was One of the Greatest Men ..., 1837 — 122 bet. 
  11. Jordan, David P.. The Revolutionary Career of Maximilien Robespierre. University of Chicago Press, 15-iyul 1989-yil — 32–33 bet. ISBN 978-0-226-41037-1. 
  12. Mazlish, Bruce. The Revolutionary Ascetic: Evolution of a Political Type (inglizcha). Routledge, 5-iyul 2017-yil — 86 bet. ISBN 978-1-351-47515-0. 
  13. Andress, David. The Oxford Handbook of the French Revolution. OUP Oxford, 22-yanvar 2015-yil. ISBN 978-0-19-100992-1. 
  14. Paris, La jeunesse de Robespierre […], pp. 8-16.
  15. Манфред 1978.
  16. Voir la présentation de la " Réponse de Maximilien de Robespierre, avocat au Parlement et directeur de l’Académie, au discours de Kéralio " par Florence Gauthier, dans les Œuvres de Maximilien Robespierre, tome XI: " Compléments (1784—1794) ", Société des études robespierristes, 2007.
  17. Hervé Leuwers, Robespierre, Paris, Fayard, 2014 ; Hervé Leuwers, " Robespierre, avocats des fermiers Pepin et d’Herlin. Un mémoire judiciaire retrouvé. 1787 ", Revue du Nord, 2013.
  18. Voir Gérard Walter (1989), Charlotte Robespierre, Mémoires, 1834, rééditées en 2006 par le Nouveau Monde Éditions, et Bernard Nabonne (1938) 96.
  19. Voir Charlotte Robespierre, Mémoires, chapitre III. La sœur de Maximilien affirme que l'épouse de Maurice Duplay désirait marier sa fille à l’Incorruptible, mais que cette espérance ne fut jamais concrétisée.
  20. Doyle, William. The French Revolution: A Very Short Introduction. OUP Oxford, 23-avgust 2001-yil. ISBN 978-0-19-157837-3. 
  21. Goodwin, Albert. "Jacques Necker". Encyclopædia Britannica (Online nashri). https://www.britannica.com/biography/Jacques-Necker. <!--->
  22. Forward of History of the French Revolution from 1789 to 1814 by François Mignet (1826)
  23. Gérard Walter (1989). 66-76 et 135
  24. Moore 2007, s. 38.
  25. Alpaugh, M. (12–mart 2009–yil). „The politics of escalation in French Revolutionary protest: political demonstrations, non-violence and violence in the grandes journees of 1789“. French History. 23-jild, № 3. 336–359-bet. doi:10.1093/fh/crp055 — www.academia.edu.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  26. Fehér, Ferenc. The French Revolution and the Birth of Modernity. University of California Press, 1-yanvar 1990-yil — 108–109 bet. ISBN 978-0-520-07120-9. 
  27. „Robespierre, "Speech Denouncing the New Conditions of Eligibility," 22 October 1789 · Liberty, Equality, Fraternity“. chnm.gmu.edu (22-oktabr 1789-yil).
  28. Walter, Maximilien de Robespierre, pp. 15-17.
  29. https://www.lepoint.fr/histoire/la-terreur-1793-1794-05-08-2013-1711400_1615.php
  30. „Les lundis révolutionnaires: 1790“. Lib. française (12-mart 1790-yil).
  31. La Maison de Robespierre, rue de Saintonge, à Paris by Georges Michon. In: Annales Historiques de la Révolution Française (Jan.-Feb. 1924), pp. 64-66
  32. „Charlotte Robespierre's Memoirs“ (24-mart 2007-yil).
  33. Thouret, Jacques Guillaume (12–mart 1883–yil). „Adresse de la commune et de la garde nationale d'Arras, lors de la séance du 11 mai 1790 au soir“. Archives Parlementaires de la Révolution Française. 15-jild, № 1. 488–490-bet — www.persee.fr.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  34. B, Alexandre. Petites et Grandes Révolutions de la Famille de Milly: Recherches sur et autour de Louis-Lézin de Milly de la Croix (1752-1804), Homme de Loi et Franc-Maçon. Alexandre B., 18-iyun 2018-yil. ISBN 9782956328100. 
  35. Aulard, François-Alphonse. La société des Jacobins: Mars à novembre 1794, Recueil de documents pour l'histoire du club des Jacobins de Paris (fransuzcha). Librairie Jouaust, 1897 — 714, 717 bet. OCLC 763671875. 
  36. McPhee, P. (2013). „"My Strength and My Health Are not Great Enough": Political Crises and Medical Crises in the Life of Maximilien Robespierre, 1790–1794“. Annales Historiques de la Révolution Française. 371-jild. 137–152-bet. doi:10.4000/ahrf.12695.
  37. https://www.monde-diplomatique.fr/2018/11/BURLAUD/59211
  38. Hazan, E. (2014) A Peopleʼs History of the French Revolution.
  39. Robespierre: The Voice of Virtue by Otto Scott
  40. „Man of the people“.
  41. „Gueniffey : «Robespierre incarne d'une façon chimiquement pure l'idée de la table rase»“. LEFIGARO (16-iyun 2016-yil).
  42. Tremblay, Jean-Marie „Albert Mathiez (1874–1932), La Révolution française : La chute de la Royauté; La Gironde et la Montagne; La Terreur“. texte (2-fevral 2005-yil). [sayt ishlamaydi]
  43. „THE PUBLIC PROSECUTOR : : OF THE TERROR : : ANTOINE QUENTIN FOUQUIER-TINVILLE TRANSLATED FROM THE FRENCH OF ALPHONSE J. DUNOYER BY A.W. EVANS WITH A PHOTOGRAVURE FRONTISPIECE AND FOURTEEN OTHER ILLUSTRATIONS, p. 118“. 3-dekabr 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9-yanvar 2019-yil.
  44. Aftalion, Florin. The French Revolution: An Economic Interpretation. Cambridge University Press, 22-mart 1990-yil. ISBN 9780521368100. 
  45. Brunel, Françoise. Thermidor: la chute de Robespierre. Editions Complexe, 12-mart 1989-yil. ISBN 9782870272756. 
  46. „The Morning Chronicle (18 August) and Gazette Nationale ou Le Moniteur Universel (29 July)“. 2022-yil 4-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 18-mart.
  47. Korngold, Ralph 1941, p. 365, Robespierre and the Fourth Estate Retrieved 27 July 2014
  48. Ratineau, Fabienne (1992). „Les livres de Robespierre au 9 thermidor“. Annales Historiques de la Révolution Française (fransuzcha). 287-jild, № 287. 131–135-bet. doi:10.3406/ahrf.1992.1479.
  49. Dupuy, Roger. La Garde nationale (Folio Histoire) (French Edition). Editions Gallimard.
  50. Richard T. Bienvenu (1968) The Ninth of Thermidor, p. 212
  51. „Projet de procès-verbal des séances de 9, 10 et 11 thermidor par Charles Duval, p. 34“ (1794).
  52. Shusterman, N. C. (2014). „All of His Power Lies in the Distaff: Robespierre, Women and the French Revolution“. Past & Present. 223-jild, № 1. 129–160-bet. doi:10.1093/pastj/gtu001 — www.academia.edu.
  53. Baczko, Bronislaw. Ending the Terror: The French Revolution After Robespierre. Cambridge University Press, 1994 — 11 bet. ISBN 978-0-521-44105-6. 
  54. Jourdan, Annie (2–may 2016–yil). „Les journées de Prairial an II : le tournant de la Révolution ?“. La Révolution française. Cahiers de l'Institut d'histoire de la Révolution française. № 10. doi:10.4000/lrf.1591 — journals.openedition.org.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  55. Biard, Michel. La liberté ou la mort, mourir en député, 1792–1795. Tallandier, 2015 — 119 bet. ISBN 979-1-02-100844-1. 
  56. „Élisabeth Le Bas's Memoirs (Part III)“ (13-yanvar 2008-yil).
  57. Richard T. Bienvenu (1968) The Ninth of Thermidor, p. 235
  58. „The public prosecutor of the Terror by A.Q. Fouquier-Tinville, p. 117“ (1914).
  59. „Gazette nationale ou le Moniteur universel - Year available1794 - Gallica“. gallica.bnf.fr.
  60. Blanc, Louis Jean Joseph. Histoire de la Révolution française. Libr. Internationale, 1869 — 77 bet. 
  61. Courtois, Edme Bonaventure. Convention nationale. Rapport fait au nom des Comités de salut public et de sûreté générale, sur les événemens du 9 thermidor, an II, 1796. 
  62. Sydenham, Michael J.. Léonard Bourdon: The Career of a Revolutionary, 1754–1807. Wilfrid Laurier Univ. Press, 1 January 2006 — 241 bet. ISBN 978-0-88920-588-8. 
  63. Edme Bonaventure COURTOIS, Rapport fait au nom des comités de Salut public et de Sûreté générale sur les événements du 9 thermidor an II…, Paris, imprimerie nationale, an IV, p. 202
  64. Powell, Burt Eardley. Die Memoiren Von Barras Über Den 9. Thermidor (olmoncha). Fb&c Limited, 2019 — 45, 48–50 bet. ISBN 978-0-484-93446-6. 
  65. L. Blanc (1861) Histoire de la Révolution Française, Vol. 11, p. 270
  66. „La fin tragique de Robespierre et de ses amis le 9 thermidor. – L'ARBR- Les Amis de Robespierre“. www.amis-robespierre.org.
  67. Richard T. Bienvenu (1968) The Ninth of Thermidor, p. 227
  68. „Robespierre overthrown in France“ (2010-yil 7-mart). 2020-yil 13-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-noyabr.
  69. „BBC - History - Historic Figures: Maximilien Robespierre (1758—1794)“ (2007-yil 13-may). 2020-yil 13-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 1-noyabr.
  70. Beyern, B., Guide des tombes d’hommes célèbres, Le Cherche Midi, 2008, 377p, ISBN 978-2-7491-1350-0
  71. Sanson, Henri. Memoirs of the Sansons: From Private Notes and Documents (1688–1847). London: Chatto and Windus, 1876. OCLC 317736774. 
  72. „Maximilien Robespierre | Biography, French Revolution, Reign of Terror, Facts, & Death“ (2016-yil 10-dekabr). 2016-yil 13-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-noyabr.
  73. Sanson, Henri. Memoirs of the Sansons: From Private Notes and Documents (1688–1847). London: Chatto and Windus, 1876. OCLC 317736774. 
  74. Alpaugh, Micah. Non-Violence and the French Revolution: Political Demonstrations in Paris, 1787–1795. Cambridge University Press, 12-mart 2015-yil. ISBN 9781107082793. 
  75. Walter, G. (1961) Robespierre, p. 91-93. In: Robespierre, vol. II. L'œuvre, part III. Gallimard. Most of the arrests came from Bertrand Barère, Lazare Carnot and Pierre Louis Prieur.
  76. Jourdan, Annie (23–iyul 2012–yil). „L'épuisement de Robespierre“. La Vie des idées (fransuzcha). ISSN 2105-3030.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  77. „A. Jourdan (2007) The "Alien Origins" of the French Revolution: American, Scottish, Genevan, and Dutch influences. Proceedings of the Western Society for French History“.
  78. Peter McPhee, „The Robespierre Problem: An Introduction“ H-France Salon Volume 7 (2015), Issue 14, #1 at p. 9.
  79. Furet, 1989, p. 149. In F. Furet & M. Ozouf A Critical Dictionary of the French Revolution