Marie Bouzková
| Marie Bouzková | |
|---|---|
|
Bouzková 2023-yilgi AQSh Ochiq chempionatida | |
| Mamlakat |
|
| Istiqomat joyi | Bredenton, Florida, AQSh |
| Tugʻilishi |
1998-yil 21-iyul Praga, Chexiya |
| Boʻyi | 1,80 sm |
| Professionallik | 2013 |
| Ishlatadigan qoʻli | Oʻng qoʻl |
| Murabbiy | Marc López (2025-yil dekabrdan)[1] |
| Olgan jami pul mukofot(lar)i miqdori | $6 368 548 |
| Yakkalik bahslar | |
| Rekordi | 398–241 |
| Jami titullari | 2 |
| Eng yuqori pozitsiyasi | 24-oʻrin (2022-yil 12-dekabr) |
| Joriy pozitsiyasi | 43-oʻrin (2025-yil 17-noyabr) |
| „Katta dubulgʻa“ turniri yakkalik bahslari natijalari | |
| Australian Open | 2-bosqich (2022, 2026) |
| French Open | 3-bosqich (2024, 2025) |
| Wimbledon | Chorak final (2022) |
| US Open | 3-bosqich (2023) |
| Juftlik bahslari | |
| Rekordi | 115–75 |
| Jami titullari | 6 |
| Eng yuqori pozitsiyasi | 15-oʻrin (2024-yil 6-may) |
| Joriy pozitsiyasi | 126-oʻrin (2025-yil 17-noyabr) |
| „Katta dubulgʻa“ turniri juftlik bahslari natijalari | |
| Australian Open | 2-bosqich (2022, 2023, 2026) |
| French Open | Chorak final (2023) |
| Wimbledon | Yarim final (2023) |
| US Open | Chorak final (2021) |
| „Katta dubulgʻa“ turniri aralash juftlik bahslari natijalari | |
| Wimbledon | 1-bosqich (2021) |
| Soʻnggi marta yangilandi: 2025-yil 20-noyabr. | |
Marie Bouzková (1998-yil 21-iyulda tugʻilgan) — chexiyalik professional tennischi[2]. 2022-yil 12-dekabrda yakkalik bahslarida faoliyatidagi eng yuqori natijani qayd etgan: WTA yakkalik reytingida 24-oʻringa, 2024-yil 6-may kuni juftlik bahslarida 15-oʻringa koʻtarilgan. 2022 va 2025-yilgi Praga Ochiq chempionatida gʻalaba qozonib, yakkalik bahsida ikkita unvonni, WTA turi juftlik bahslarida oltita unvonni qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari, ITF ayollar turnirida yakkalik oʻyinlarida oʻn ikki marta, juftlik oʻyinlarida uch marta chempionlikka ega chiqqan[3].
Bouzková 2014-yilgi oʻsmirlar oʻrtasida AQSh Ochiq chempionati yakkalik bahslari chempionligini qoʻlga kiritgan. Sportchi final bahsida Anxelina Kalininani magʻlub etishga muvaffaq boʻlgan. Bouzková WTA turidagi debyut ishtirokini 2015-yilgi Meksika ochiq chempionatida oʻtkazgan va birinchi davradayoq magʻlub boʻlgan. Tennischi 2019-yilgi Rogers kubogi musobaqasida yarim final bahsiga chiqqan. Aynan shundan keyin sportchi tanila boshlagan. Musobaqada Bouzková Sloane Stephens, Jelena Ostapenko va Simona Halepni magʻlub etib, sobiq birinchi raqamli raketka ustasi Serena Williamsga uch setda imkoniyatni boy bergan, biroq birinchi setni 6–1 hisobida yutishga muvaffaq boʻlgan. Sportchi oʻzining ilk WTA juftlik unvonini yana bir chexiyalik tennischi Lucie Hradecka bilan birga 2021-yilgi Birmingem klassik turnirida qoʻlga kiritgan.
Dastlabki hayoti va kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bouzková 1998-yil 21-iyulda Pragada tugʻilgan. Otasining ismi — Milan, onasining ismi — Kveta. Uning Benjamin Milan ismli ukasi bor. Bouzková tennis oʻynashni ota-onasiga tegishli boʻlgan Pragadagi klubda boshlagan. U oʻn yoshida Floridaga koʻchib oʻtgan. Dastlab ikki yil davomida Bollieteri akademiyasida shugʻullangan, soʻngra yana otasi bilan, 2014-yildan esa Requeni bilan ishlashni davom ettirgan. Marie Serena Williams va Rafael Nadalning oʻyinlarini qoyil qolib tomosha qiladi. Chex tilidan tashqari Bouzková nemis tilida biroz, ingliz va ispan tilida ravon soʻzlasha oladi. Sportchi 2022-yilda Indiana University East oliygohida biznes boshqaruvi yoʻnalishi boʻyicha bakalavr darajasini egallagan, sport marketingi va menejmenti boʻyicha qoʻshimcha mutaxassislikni tamomlagan[4].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]2013–15: ITF turnirlarida ilk unvonlar va WTA turidagi debyut
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bouzková kattalar oʻrtasidagi musobaqalardagi ishtirokini 2013-yil aprel oyida WTA turi doirasidagi Katowice ochiq chempionatida boshlagan. Sportchi saralash bosqichiga yoʻllanma olgan va birinchi davradayoq Katarjina Piterga oʻyinni boy bergan. Ikki oy oʻtib, u ilk bor Zlinda boʻlib oʻtgan sovrin jamgʻarmasi 25 ming dollar boʻlgan ITF ayollar turnirida ishtirok etgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Coaching movements in WTA: Lois Boisson sets her 2026 staff as Nadal’s former coach takes on a fresh challenge“ (2025-yil 1-dekabr).
- ↑ „WTA Profile“. wtatennis.com.
- ↑ „ITF Profile“. itftennis.com.
- ↑ Indiana University East (2022-yil 3-iyun). „IU East, WTA recognize four most recent graduates“. Press-reliz.