Kontent qismiga oʻtish

Marianne Hainisch

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Marianne Hainisch

Hainisch, taxminan 1872-yil
Tavalludi
Marianne Perger

1839-yil 25-mart
Vafoti 5-may 1936-yil(1936-05-05)
(97 yoshda)
Vena
Fuqaroligi Avstriya
Kasbi Avstriya ayollar harakati asoschisi
Turmush oʻrtogʻi Michael Hainisch
(1857-yilda turmush qurgan)
Bolalari Michael (1858)
Maria (1860)

Marianne Hainisch, tugʻilgan paytidagi ismi Marianne Perger (1839-yil 25-martda tugʻilgan – 1936-yil 5-mayda vafot etgan) – Avstriya ayollar harakati asoschisi va rahbari. Avstriyaning ikkinchi prezidenti (1920–1928) Michael Hainischning onasi.

Marianne Perger 1839-yilda Avstriyaning Vena shahri yaqinidagi Baden shaharchasida tugʻilgan. Onasi Marianne uni va aka-ukalarini tarbiyalash uchun ustozlar yollagan. Otasi Jozef Perger Hirtenbergdagi zavodlarga egalik qilgan.

1857-yilda Marianne sanoatchi Michael Hainischga (Aue shahridagi yigiruv fabrikasi egasi) turmushga chiqqan. Ularning 1858-yilda tugʻilgan Michael hamda 1860-yilda tugʻilgan Mariya ismli farzandlari boʻlgan[1]. 1868-yilda oila Vena shahriga koʻchib oʻtgan. AQShdagi fuqarolar urushi davrida (1861–1865) biznes inqirozga yuz tutgan, chunki endilikda paxta tolasi Amerika Qoʻshma Shtatlardan olib kelinmas edi.

1860-yillarning oxirida Mariannening hayotida muhim voqea yuz berdi. Uning doʻsti eri kasal boʻlib qolganidan soʻng oilasini boqish uchun ish topishda qiyinchiliklarga duch keldi. Bir qancha urinishlarga qaramay (doʻsti bir necha tillarni bilgan va musiqa sohasida ham iqtidorga ega edi), ayol ish topa olmadi. Ana shunda 30 yoshli Marianne oʻrta tabaqali ayollarning ishga joylashishida taʼlimning katta ahamiyatga ega ekanligini tushunib yetdi[2]. 1870-yilda Marianne (Ayollar taʼlimi toʻgʻrisida) maqola yozdi, biroq ushbu maqola hech qaysi gazeta tomonidan nashr etilmadi. 1870-yil 25-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda u oʻz maqolasini taqdim etdi va Vena shahrida qizlar uchun ham parallel ravishda maktab darslarini tashkil etishni takli qildi. Ushbu fikr gazetalarda keng yoritildi va natijada Birinchi Avstriya Jamgʻarma Banki qizlar uchun maktab barpo etishga 40,000 florin ajratdi.

1888-yilda Hainisch Ayollar taʼlimini kengaytirish ligasini tashkil etdi, ushbu tashkilot ayollarning oliy taʼlim olishiga ruxsat berilishini targʻib qildi. 1902-yilda Marianne Avstriya ayollar tashkilotlari federatsiyasiga asos soldi va 1918-yilga qadar uning raisi sifatida faoliyat yuritdi[ iqtibos keltirish kerak ]. 1906-yil 17-oktabrda u Komitee für Frauenstimmrecht (Ayollar saylov huquqi qoʻmitasi) yigʻilishini oʻtkazdi, ushbu yigʻilishda Carrie Chapman Catt va Aletta Jacobslar soʻzga chiqdi. Ular yaqinda Kopengagenda boʻlib oʻtgan Xalqaro Ayollar Saylov Huquqi ittifoqi konferensiyasida ishtirok etishgan edi. Friederike Zeileis Cattning tarjimoni vazifasini bajardi. Hainisch yigʻilish qatnashchilariga yaqin orada qonun chiqaruvchilarga taqdim etilishi rejalashtirilgan, 30-boʻlim (ayollarga siyosiy vakolatlarni berishni rad etgan huquqiy norma)ni bekor qilish talabi qoʻyilgan ariza minglab kishilar tomonidan imzolanganini bildirdi. 1919-yilda Hainisch Xalqaro ayollar kengashining vitse-prezidenti etib saylandi, ushbu tashkilot 1904-yilda Federatsiya bilan birlashgan edi. Hainisch bu lavozimda 1924-yilga qadar faoliyat olib bordi.

1918-yilning kuzida Marianne Hainisch Fuqarolik-Demokratik partiyasiga qoʻshildi va oradan oʻn bir yil oʻtgach, Avstriya ayollar partiyasining hammuassisiga aylandi. Hainisch Avstriyada 1924-yildan beri nishonlanab kelinadigan onalar kunining tashabbuskori hisoblanadi[3].

Marianne Hainisch 1936-yil 5-mayda vafot etdi[4].

1967-yilda tugʻilgan shahri Badenda Mariannening sharafiga haykal oʻrnatildi[5]. 1989-yilda Avstriya Marianne Hainisch tavalludining 150 yilligi munosabati bilan esdalik markasini chiqardi. 2002-yilda esa uning sharafiga Venada koʻchalardan biriga Marianne-Hainisch-Gasse nomi berildi.

  • On the Education of Women (Ayollar taʼlimi toʻgʻrisida,1870);
  • The Mothers (Onalar, 1913).
  1. Francisca de Haan. Biographical Dictionary of Women's Movements and Feminisms in Central, Eastern, and South Eastern Europe: 19th and 20th Centuries. Central European University Press, 1 January 2006 — 174–6-bet. ISBN 978-963-7326-39-4. 
  2. Francisca de Haan. Biographical Dictionary of Women's Movements and Feminisms in Central, Eastern, and South Eastern Europe: 19th and 20th Centuries. Central European University Press, 1 January 2006 — 174–6-bet. ISBN 978-963-7326-39-4. 
  3. "Marianne Hainisch, 1839-1936". Nonfiction Gallery. 2016-08-22. https://scholarsarchive.byu.edu/sophnf_gallery/2. 
  4. Francisca de Haan. Biographical Dictionary of Women's Movements and Feminisms in Central, Eastern, and South Eastern Europe: 19th and 20th Centuries. Central European University Press, 1 January 2006 — 174–6-bet. ISBN 978-963-7326-39-4. 
  5. Francisca de Haan. Biographical Dictionary of Women's Movements and Feminisms in Central, Eastern, and South Eastern Europe: 19th and 20th Centuries. Central European University Press, 1 January 2006 — 174–6-bet. ISBN 978-963-7326-39-4.