Marafon jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Marafon jangi (miloddan avvalgi 490 yil 13 sentabr) — yunon-fors urushlari davridagi mashhur jang . Attika (Afinadan 40 km shim.-sharqdagi r-n)dagi Marafon tekisligida sodir boʻlgan. Yunon qoʻshini (11 ming jangchi) sarkarda Miltiad qoʻmondonligi ostida Marafon vodiysiga kirish yerida falanga boʻlib saf tortgan, uning kuchaytirilgan oʻng va soʻl qanotlari togʻ va qoyatoshlar bilan mustahkamlangan. Bu yunonlarni forslar otliq qoʻshinining qanot zarbasidan muhofaza etgan. Yunonlar kemalardan tushgan forslarga (taxminan 20 ming jangchi) yopirilib hujum qilishgan, biroq fors piyodakamonchilari qarshi hujumga oʻtib, yunonlar falangasi markazini yorib oʻtganlar. Ayni paytda yunonlarning kuchli, saylanma otryadlari qanotlardagi fors otliq qoʻshini va yengil piyodalarini uloqtirib tashlagan, soʻngra markazdagi fors piyoda qoʻshinini magʻlubiyatga uchratganlar. Yunonlar sohil tomon qochayotgan forslarni taʼqib qilishdan toʻxtab, jangda halok boʻlgan yunonlarni (192 kishi) dafn etishga kirishib ketganlari tufayli, forslar kemalarga oʻtirib qaytib ketganlar. Marafon jangida falanga tarkibida jang qilgan goplitlar oʻzlaridan son jihatdan ustun boʻlsada, tashkiliy jihatdan yaxshi uyushmagan forslar armiyasi ustidan galaba qozongan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil