Malik sanjar qoʻzgʻoloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Malik sanjar qoʻzgʻoloni (1206) —Buxoro xunarmandlari koʻtargan qoʻzgʻolon. Buxoro hokimi sadr Muhammad ibn Axmad ibn Abdulazizning soliq siyosatiga qarshi qaratilgan. Unga qalqon yasovchi hunarmandning oʻgʻli Malik Sanjar boshchilik qilgan. Qoʻzgʻolon Buxoro shahri doirasidan tashqariga chiqmagan va dehqonlar orasiga yoyilmagan. Hunarmandlar sadrni va uning oilasini Buxorodan chikarib yuborganlar, ularning yer-mulklarini tortib olganlar. Sadr oʻzining siyosiy homiysi boʻlgan qoraxitoylar gurxoni oldiga najot soʻrab borgan, ammo undan Buxoroni idora qilish huquqi yozilgan yorliqdan boshqa hech narsa ololmagan. Bu orala Malik Sanjar bir qasr qurdirishga ulgurgan. Juvayniyning bergan maʼlumotiga koʻra, bu qasr keyinchalik "Malik Sanjar qasri" deb atalgan. Malik Sanjar bu qasrdan turib, chamasi shaharning boylari va zodagonlariga qarshi tadbirlarni amalga oshirgan. Xorazmshoh Muhammad Buxorodagi voqealardan xabardor boʻlib, xalq harakatini qurol kuchi bilan bostirishga va shaharni oʻz qoʻliga olishga axd qilgan. 1207 yilda Buxoro ustiga qoʻshin tortib borgan, shaharni bosib olib, xalq tomonidan koʻtarilgan yangi hokimning faoliyatiga chek qoʻygan. Buxoroni Xorazm davlati tarkibiga kiritgan va bu bilan Movarounnahrni Xorazmga qoʻshib olgan. Malik Sanjar Urganchga olib ketilgan va u birmuncha vaqt xorazmshohning saroyida yashagan, tantanali marosimlarda ishtirok etgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil