Kontent qismiga oʻtish

Makan ibn Kaki

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abu Mansur Makan ibn Kaki (940-yil 25-dekabrda vafot etgan) — X asr boshlarida Shimoliy Eronda, ayniqsa, Tabariston va gʻarbiy Xurosonda faoliyat yuritgan daylamiy harbiy sarkarda. Tabariston Alaviylari oʻrtasidagi taxt uchun kurashlarga aralashib, qisqa muddatda Tabariston va Goʻrgon ustidan hukmronlikni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan. Bu yoʻlda Asfar ibn Shiruya hamda Ziyoriylar sulolasiga mansub aka-uka Mardavij va Vushmgir kabi boshqa daylamiy harbiy yetakchilar bilan raqobatlashgan. Makan baʼzan Somoniylarning Xurosondagi hokimlariga qarshi chiqqan, baʼzan esa ularning qoʻllab-quvvatlashiga tayangan. Oxir-oqibat, Somoniylar qoʻshini bilan boʻlgan jangda halok boʻlgan.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Makan otasi singari Tabariston Alaviylari qoʻshinida harbiy amaldor lavozimida xizmat qilgan[1]. Bu sulola Zaydiylar oqimiga mansub Alaviylar tarmogʻi boʻlib, Kaspiy dengizining janubiy sohilidagi Tabaristonda mustaqil amirlik barpo etgan va ayrim davrlarda qoʻshni Daylam, Gilon hamda Gurgon hududlarini ham oʻz tarkibiga qoʻshgan[2] Makan Alaviylar bilan quda-andachilik aloqalarini ham oʻrnatgan edi. Jumladan, imom Hasan ibn Ali al-Utrushning (h.914–917) oʻgʻli Jaʼfar uning kuyovi boʻlgan[1]. Oʻsha davrda Jaʼfar otasi belgilab ketgan voris Abu Muhammad Hasan ibn Qosim (h.917–928), yaʼni Doiy ilal-Haq (Haqiqat daʼvatchisi) nomi bilan tanilgan hukmdorga qarshi murakkab siyosiy kurash olib borgan. 923-yildagina Jaʼfar va uning ukasi Ahmad Doiyni taxtdan agʻdarib, surgun qilishga muvaffaq boʻlgan[3]. Shundan soʻng Makan Alaviylar amirligining eng sharqiy viloyati boʻlgan Goʻrgon hokimi etib tayinlangan. Jaʼfar 924-yilda vafot etgach, taxtni Ahmadning oʻgʻli Abu Ali Muhammadga qoldirgan. Makan ushbu vorisni hokimiyatdan chetlatib, oʻrniga Jaʼfarning oʻgʻli va oʻzining nevarasi Ismoilni oʻtqazgan[1][4]. Biroq Abu Ali Muhammad asirlikdan qochishga muvaffaq boʻlib, daylamiy harbiy sarkarda Asfar ibn Shiruyaning yordami bilan Goʻrgonni nazoratiga olib, Makanni magʻlub etgan hamda oʻz hukmronligini qayta tiklagan[1][4].

Fors X asr oʻrtalarida

Makan magʻlubiyatdan qochib qutulgan va togʻli Sori hududidagi chekka qal’alardan biridan boshpana topdi. 926/927-yilda Abu Ali Muhammad vafot etguniga qadar shu yerda yashirinib yurdi. Soʻngra yana maydonga chiqib, Alaviylar qoʻshinini magʻlub etdi hamda Muhammadning ukasi Abu Jaʼfar Husaynni taxtdan agʻdarib, uni Xurosonga qochishga majbur qildi. Shunga qaramay, Makan amirlikni oʻzi egallamadi, balki surgundagi Doiyni qayta chaqirib keldi[1][4]. 928-yilda Makan va Doiy Somoniylar tayinlagan Ray hokimining taklifiga binoan viloyatni egallab oldilar va Jibal hududi boʻylab Qumgacha yurish qildilar. Biroq bu paytda Goʻrgonni Somoniylar vassali sifatida boshqarayotgan Asfar ularning yoʻqligidan foydalanib, Tabaristonga qaytdi va shaharni oʻz nazorati ostiga oldi. Doiy Asfarga qarshi kurashish uchun ortga qaytdi, ammo poytaxti Omul yaqinida ogʻir yaralanib, halok boʻldi. Shundan keyin Asfar Rayga yurish qilib, Makanni ham magʻlubiyatga uchratdi. Makan esa Daylamga tomon qochib ketdi[1][4].

Abu Jaʼfar Husayn dastlab yana imomlikka tiklandi, biroq koʻp oʻtmay Somoniylar poytaxti Buxoroga olib ketildi. Somoniylar hukmronligi uzoq davom etmadi. 930-yilda Makan yana Tabaristonni egallashga muvaffaq boʻldi, Goʻrgonning katta qismini oʻz nazorati ostiga oldi va hatto gʻarbiy Xurosondagi Nishopurni ham qoʻlga kiritdi. Biroq 931-yilda Nasr II bosimi ostida Nishopurdan voz kechdi[1][5]. Shu bilan birga, Makan ichki qoʻzgʻolonga ham duch keldi. Makan yoʻqligida Tabariston boshqaruviga tayinlangan qarindoshi al-Hasan ibn al-Fayruzan oʻgay ukasi Ismoilni yana imom etib tiklashga urindi. Abu Jaʼfar Husaynning onasi tashabbusi bilan Ismoil zaharlab oʻldirilgani sababli qoʻzgʻolon muvaffaqiyatsizlikka uchradi[6]. Bu orada Asfar Raydagi hokimiyatni sobiq qoʻl ostidagi sarkarda Mardavij boshchiligidagi qoʻzgʻolon natijasida boy berdi va Koʻhistonga qochdi. U yerda koʻp oʻtmay vafot etdi. Somoniylar asirligidan qochishga muvaffaq boʻlgan Abu Jaʼfar Husayn esa oʻz mavqeini tiklash uchun Mardavijdan yordam soʻradi. Mardavij qoʻshin ajratdi, biroq 931-yildagi dastlabki toʻqnashuvda Makan bu qoʻshinlarni magʻlub etdi. Shunga qaramay, Makan Nishopurdan Tabaristonga qaytgach, Mardavij yana hujum boshladi va bu safar Tabaristonni egallashga muvaffaq boʻldi[1][6].

Makan Gilon va Xurosondan yordam olib, oʻz mulklarini qayta tiklashga urindi, biroq muvaffaqiyat qozona olmadi. Shundan soʻng Xurosondagi Somoniylar huzuridan boshpana topdi. Nasr II uni Kirmon hokimi etib tayinladi. Makan amaldagi hokimni magʻlubiyatga uchratib, viloyatni egalladi va 935-yilgacha boshqardi. Oʻsha yili Mardavij oʻzining turk gʻulomlari qoʻlida oʻldirilganidan xabar topdi[1]. Makan darhol Kirmonni tark etib, Nasrdan Goʻrgon hokimligi uchun tayinlovni oldi (Mardavij bu viloyatni 933-yilda tinchlik evaziga Somoniylarga topshirgan edi). Somoniylar qoʻshinlari yordamida Tabaristonni qaytarib olishga harakat qildi. Biroq Mardavijning ukasi va vorisi Vushmgir bu hujumni qaytarishga muvaffaq boʻldi va hatto Goʻrgonni ham egalladi. Gʻarb tomondan Buvayhiylar bosimi kuchaygani sababli Vushmgir murosaga borishga majbur boʻldi. Jumladan, Somoniylar oliy hokimiyatini tan oldi hamda Goʻrgonni Makanga topshirdi[7][8].

Makan va Vushmgir oʻrtasidagi munosabatlar vaqt oʻtishi bilan shu qadar yaxshilandiki, Makan oʻzini Somoniylarga qaramlikdan voz kechish uchun yetarlicha kuchli deb hisobladi. Natijada, 939-yilda Somoniylar qoʻmondoni Abu Ali ibn Muhtaj boshchiligidagi qoʻshin Goʻrgonga yurish qildi. 7 oy davom etgan qamaldan soʻng Makan poytaxtini tashlab, Rayga qochdi. Somoniylar qoʻshini uni taʼqib qilib, 940-yil 25-dekabrda Ray yaqinidagi Isxobod jangida unga yetib oldi. Jang Somoniylar gʻalabasi bilan yakunlandi. Makan jang paytida oʻq yeb halok boʻldi. Shundan soʻng gʻoliblar uning boshini tanasidan judo qilib, Buxoroga Somoniylar hukmdori Nasr huzuriga yubordilar[8][9].

  1. 1 2 3 4 5 6 7 8 9 Nazim (1987), p. 164
  2. cf. Madelung (1975), pp. 206–212
  3. Madelung (1975), pp. 210–211
  4. 1 2 3 4 Madelung (1975), p. 211
  5. Madelung (1975), pp. 211–212
  6. 1 2 Madelung (1975), p. 212
  7. Nazim (1987), pp. 164–165
  8. 1 2 Madelung (1975), p. 213
  9. Nazim (1987), p. 165