Kontent qismiga oʻtish

Majd ud-Davla

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Majd ud-Davla
مجد الدوله
Amir
Shahanshoh

Majd ud-Davla tangasi
Saltanat 997—1029
Oʻtmishdoshi Faxr ud-Davla
Davomchisi Mahmud Gʻaznaviy
(Gʻaznaviylar sulolasi)
Tugʻilishi 993
Vafoti 1029-yildan keyin
Gʻazna
Farzandlari Fana Xusrav
Abu Dulaf
Sulola Buvayhiylar
Otasi Faxr ud-Davla
Onasi Sayyida Shirin
Dini Islom (shialik)

Abu Tolib Rustam (forscha: ابو طالب رستم; 997–1029) — 997-yildan 1029-yilgacha Raydagi Buvayhiylar amirligining soʻnggi amiri. Asosan, Majd ud-Davla (مجد الدوله) laqabi bilan tanilgan. Faxr ud-Davlaning (h.976–980, 984–997) toʻngʻich oʻgʻli. Zaif hukmdor boʻlib, hukmronligining katta qismida amalda nomigagina hukmdor edi. Davlatning haqiqiy boshqaruvi esa onasi Sayyida Shirinning qoʻlida boʻlgan.

Majd ad-Davla hukmronligi davrida Buvayhiylarning Markaziy Erondagi mulklari asta-sekin qisqarib borgan. 997-yilda Goʻrgon va Tabariston Ziyoriylar qoʻliga oʻtgan, gʻarbdagi bir qancha shaharlar esa Ozarbayjondagi Saloriylar tomonidan egallab olingan. Davlat ichida ham muammolar mavjud edi. Jumladan, 1016-yilda daylamiy harbiy sarkarda Ibn Fulad boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtarilgan. 1028-yilda Sayyida Shirin vafot etgach, Majd ud-Davla oʻzining daylamiy askarlari tomonidan uyushtirilgan qoʻzgʻolonga duch kelgan. Shu sababli Gʻaznaviylar hukmdori Mahmud Gʻaznaviydan (h.998–1030) yordam soʻragan. Gʻaznaviy 1029-yilda Rayga kelib, Majd ud-Davlani hokimiyatdan agʻdargan va shaharni talon-taroj qilgan. Shu tariqa Raydagi Buvayhiylar hukmronligiga yakun yasalgan.

Majd ud-Davlaning Gʻaznaviylar poytaxti Gʻaznaga yuborilgani va shu shaharda vafot etgani haqida maʼlumotlar mavjud.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Tolib Rustam Buvayhiylar sulolasi vakili boʻlib, ushbu daylamiy oila, asosan, hozirgi Eronning janubiy va gʻarbiy qismlari hamda bugungi Iroqning deyarli butun hududi ustidan hukmronlik qilgan. Buvayhiylar davlati koʻpincha uch mustaqil hududga boʻlingan boʻlib, ular Ray (Jibal), Sheroz (Fors) va Bagʻdod (Iroq) markazlari atrofida shakllangan edi[1][2]. Abu Tolib Rustam 993-yilda tugʻilgan[3]. U Jibal, Tabariston va Goʻrgonni boshqargan Buvayhiy amir Faxr ud-Davla (h.976–980, 984–997)[4] va Tabaristondagi Bovandiylar sulolasiga mansub malika Sayyida Shirinning oʻgʻli edi[5]. Abu Tolib Rustam davlatni boshqarishga munosib boʻlishi uchun har tomonlama chuqur taʼlim olishi kerak edi. Shu sababli unga mashhur hamadonlik fors olimi va tilshunos Ibn Faris (vafoti: 1004-yil) ustozlik qilgan[6].

Taxtga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

997-yilda Faxr ud-Davla oshqozon kasalligidan vafot etgach, uning Jibaldagi mulklari ikki oʻgʻli oʻrtasida taqsimlandi. Poytaxt Ray shahri va uning atrofi Abu Tolib Rustamga berildi, kenja oʻgʻli Shams ud-Davlaga esa Hamadon va Qirmisin shaharlari Mesopotamiya chegaralarigacha boʻlgan hududlar bilan birga tegdi[3][1]. Ularning har ikkalasi ham hali yosh boʻlgani bois onasi Sayyida Shirin tomonidan hokimiyatni birgalikda boshqaruvchi hukmdorlar etib tayinlandi, Sayyida Shirin esa davlat boshqaruvini regent sifatida oʻz qoʻliga oldi[7][8]. Shunga qaramay, Shams ud-Davla Abu Tolib Rustamga boʻysunuvchi hukmdor hisoblangan[9]. Forsni boshqargan Buvayhiylarning katta amiri Samsam ud-Davla (h.983–998) Faxr ud-Davla hukmronligi davrida sadoqat bilan uni oliy amir sifatida tan olgan edi. Shu sababli endilikda Samsam ud-Davla bu xizmati evaziga Majd ud-Davladan oʻziga sadoqat bildirishini talab qilishga haqli edi[10].

Biroq Iroqdagi Buvayhiylar amiri Baho ud-Davla (h.988–1012) va Abbosiylar xalifasi bilan kelishuv Ray saroyi uchun maʼqulroq koʻrindi. Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralarning tafsilotlari maʼlum emas. 998-yilda Baho ud-Davlaning iltimosiga koʻra, xalifa al-Qodir (h.991–1031) Abu Tolib Rustamga Majd ud-Davla va Falak ul-umma unvonini berdi. Eronshunos olim Wilferd Madelungning taʼkidlashicha: „Ushbu xizmati evaziga Baho ud-Davla xalifa al-Qodirning eʼtirofidan tashqari ittifoqchilikka hamda oʻz oliy hukmronligining maʼlum darajada tan olinishiga ham erishgan boʻlishi kerak. Vaholangki, uning nomi oradan yillar oʻtgachgina Majd ud-Davla zarb qildirgan tangalarda paydo boʻlgan“[11].

Oradan koʻp oʻtmay Samsam ud-Davla vafot etgan va 999-yilda Fors Baho ud-Davla nazoratiga oʻtgan. Shu tariqa Baho ud-Davla Buvayhiylar davlatining oliy amiri maqomini egallagan[11].

Hukmronligining boshlanish davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Faxr ud-Davlaning vafotidan soʻng Ziyoriylar hukmdori Qobus (h.977–981, 997–1012) ilgari Buvayhiylar tortib olgan, ammo avval oʻzi boshqargan Tabariston va Goʻrgonni qayta egalladi. Majd ud-Davla Qobusga qarshilik koʻrsata olmagach, Qobus bu ikki viloyatni deyarli hech qanday toʻsiqlarsiz boshqardi[4]. Majd ud-Davla, shuningdek, Ozarbayjondagi Saloriylarga bir qancha gʻarbiy shaharlarni, jumladan, Zanjonni ham boy berdi[12]. Buvayhiylar vassali sifatida Qirmisin atrofida hukmronlik qilgan[13] Hasanvayhiylar hukmdori Badr ibn Hasanvayh (h.979–1013) Majd ud-Davlaga mahalliy boshqaruv ishlarida yordam berish uchun Rayga keldi. Biroq uning yordami rad etildi. Natijada, Badr asta-sekin Raydagi siyosiy ishlardan chetlasha boshladi[14]. Kamida 1003-yilda Sayyida Shirin oʻz amakivachchasi Alauddavla Muhammadni Isfahon hokimi etib tayinlashga muvaffaq boʻldi. Bu esa Kakuyiylar sulolasining shakllanishiga asos edi[9][15].

1005-yilda Majd ud-Davla oʻz aka-ukalari va vassallari ustidan ustunligini koʻrsatib qoʻyish maqsadida 1005-yilda qadimgi forslarning imperatorlik unvoni shahanshoh („shohlar shohi“) rutbasini oldi[16]. Shunga qaramay, Baho ud-Davlaning hukmron mavqeiga qarshi chiqishga urinmadi. 1009/1010-yildan boshlab Majd ud-Davla oʻz tangalarida Baho ud-Davlani rasman oliy amir sifatida tan oldi. Keyinchalik ayrim tangalarda Baho ud-Davla hatto shahanshoh unvoni bilan ham tilga olingan[17]. Baho ud-Davla 1012-yilning dekabr oyida vafot etdi. Uning oʻrniga esa oʻgʻli Abu Shujo Fanno Xusrav (Sulton ud-Davla) taxtga chiqdi va otasining hukmronligiga vorislik qilish daʼvosi bilan shahanshoh unvonini qabul qildi. Biroq Majd ud-Davla Sulton ud-Davlaning bu daʼvosini tan olmadi, chunki amalda Buvayhiylar davlatining oliy amiri endi uning oʻzi boʻlib qolgan edi[18].

Ichki siyosat

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Majd ud-Davlaning ukasi hamda Hamadon va Kirmonshoh hukmdori Shams ud-Davla (h.997–1021) tangasi

1008-yilda Majd ud-Davla oʻz vaziri Abu Ali ibn Ali yordami bilan onasi Sayyida Shirinning regentligidan qutulishga urindi. Biroq Sayyida Shirin Badr ibn Hasanvayhning huzuriga qochib bordi va Shams ud-Davla bilan birgalikda Rayni qamal qildi. Bir necha janglardan soʻng shahar egallandi va Majd ud-Davla asir olindi. Onasi uni Tabarak qal’asiga qamab qoʻydi, Shams ud-Davla esa Rayda hokimiyatni qoʻlga oldi. Oradan bir yil oʻtgach, 1009-yilda Sayyida Shirin Shams ud-Davla bilan kelisha olmay qoldi. Natijada, Majd ud-Davlani ozod qilib, yana Ray taxtiga qaytardi, Shams ud-Davla esa Hamadonga qaytdi. Shunga qaramay, amaldagi hokimiyat hanuz Sayyida Shirinning qoʻlida qolaverdi[1][19]. 1014-yilda Shams ud-Davla Rayga hujum qilgach, Majd ud-Davla va Sayyida Shirin Damovandga qochishga majbur boʻldi. Biroq Shams ud-Davla qoʻshinlari orasida yuz bergan isyon uni Hamadonga qaytishga majbur qildi va Majd ud-Davla hamda Sayyida Shirin yana Rayga qaytdi[19]. Xuddi shu yili mashhur qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino (1037-yilda vafot etgan) Rayga kelib, Majd ud-Davla va Sayyida Shirinning xizmatiga kirgan. Ibn Sino saroy tabibi lavozimida faoliyat yuritib, melanxoliya kasalligidan aziyat chekayotgan Majd ud-Davlani davolagan. Rivoyatlarga koʻra, keyinchalik Ibn Sino Qazvin va Hamadonda Sayyida Shirinning ish yurituvchisi vazifasini ham bajargan. Biroq bu faoliyat tafsilotlari aniq maʼlum emas[20][21]. Soʻngra Ibn Sino Shams ud-Davlaning xizmatiga oʻtgan. Bunga uning raqibi Abulqosim al-Kirmoniy ham Sayyida Shirinning saroyida xizmat qilgani sabab boʻlgan boʻlishi mumkin[22].

1016-yilda Majd ud-Davla va Sayyida Shirin daylamiy harbiy sarkarda Ibn Fuladning Qazvin hokimi etib tayinlanishi haqidagi talabini rad etdi. Natijada, Ibn Fulad Ray atroflariga hujum qila boshladi. Majd ud-Davla Bavandiylar shahzodasi Abu Jaʼfar Muhammad (1028-yilda vafot etgan) yordamida Ibn Fuladni Raydan haydab chiqardi. Ibn Fulad esa Ziyoriylar hukmdori Manuchihr (h.1012–1031) huzuriga qochdi. U yerda Manuchihrga sadoqat bildirish evaziga harbiy yordamga ega boʻldi. Manuchihr bergan 2 000 askar bilan kuchaygan Ibn Fulad Rayni qamal qildi. Natijada, Majd ud-Davla uni Isfahon hokimi etib tayinlashga majbur boʻldi. Shundan keyin Ibn Fulad haqida manbalarda deyarli maʼlumot uchramaydi. Bu holat uning oʻsha paytdagi Isfahon hokimi Alauddavla Muhammadni lavozimidan chetlatishga muvaffaq boʻla olmaganini koʻrsatadi[23].

Majd ud-Davla davlatining zaiflashuvi Alauddavla Muhammadga amalda mustaqil hukmdor sifatida faoliyat yuritish imkonini berdi. Alauddavla oʻz hududlarini kengaytirib, shimoliy va gʻarbiy togʻli viloyatlarni ham egalladi. Bu hududlar oʻsha davrda Annaziylar kabi mustaqil kurd sulolalari tomonidan boshqarilayotgan edi. 1023-yilda Alauddavla Muhammad Hamadonni egallab, Shams ud-Davlaning oʻgʻli va vorisi Samo ud-Davlaning (h.1021–1023) hukmronligiga barham berdi. Majd ud-Davla bu voqealarga aralashishga qodir emas edi. Alauddavla Muhammad amalda mustaqil podshoh va Jibaldagi eng qudratli shaxsga aylangan boʻlsa-da, 1029-yilda Majd ud-Davla hokimiyatdan qulaguniga qadar oʻz tangalarida uni oliy hukmdor sifatida koʻrsatishda davom etgan[15][24]. 1019/1020-yilda Isfahonda Alauddavla Muhammad zarb qildirgan mashhur tangalardan birida Majd ud-Davla shahanshoh („shohlar shohi“) unvoni bilan tilga olingan[25].

Hokimiyatdan qulashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Gʻaznaviylar hukmdori Mahmud Gʻaznaviy (h.998–1030) Majd ud-Davlani hokimiyatdan agʻdarib tashlaganidan keyin zarb qildirgan tanga

1028-yilda Sayyida Shirin vafot etgach, Majd ud-Davlaning siyosiy jihatdan yakkalanib qolishi oqibatlari yaqqol namoyon boʻldi. Tez orada daylamiy askarlar qoʻzgʻoloni boshlandi va ularga qarshi kurashishda Majd ud-Davla Gʻaznaviylar hukmdori Mahmud Gʻaznaviydan (h.998–1030) yordam soʻradi. Mahmud uzoq vaqtdan beri oʻz hokimiyatini gʻarb tomon kengaytirishni istar, biroq Sayyida Shirinning qatʼiy siyosiy mavqei tufayli Rayga hujum qilishdan tiyilib kelgan edi[1][26]. Mahmud Gʻaznaviy Majd ud-Davlaning yordam soʻrovini bahona qilib, 1029-yil mart/aprel oyida Rayni bosib oldi. Majd ud-Davlani hokimiyatdan chetlatib, shaharni talon-toroj qildi. Shu tariqa Raydagi buvayhiylar hukmronligiga barham berdi. Raydagi ulkan kutubxonaning katta qismi yoqib yuborildi, koʻplab shahar aholisi esa bid’atchi va kofir deb ayblanib, toshboʻron qilindi. Mahmud bu qirgʻinni „kofir Botiniylar va buzgʻunchi bid’atchilar“dan tozalash zarurati bilan oqlagan[1][27].

Eronshunos Clifford Edmund Bosworth Majd ud-Davlaning bu qarorini „ahmoqona“ deb baholagan[27]. Arab tarixchisi Ibn al-Asirning (1233-yilda vafot etgan) yozishicha, Ray zabt etilgandan soʻng Mahmud Gʻaznaviy Majd ud-Davlani huzuriga chaqirib, undan: „Forslar tarixini bayon qiluvchi „Shohnoma“ va musulmonlar tarixini oʻz ichiga olgan at-Tabariy tarixini oʻqiganmisan?“ — deb soʻragan. Majd ud-Davla „Ha“, — deb javob bergach, Mahmud unga: „Unda sening xatti-harakating ularni oʻqigan kishining ishiga oʻxshamaydi“, — degan ekan[28][29]. Manbalarga koʻra, Majd ud-Davla Gʻaznaviylar poytaxti Gʻaznaga yuborilgan va oʻsha yerda vafot etgan[1]. Uning oʻgʻillaridan biri Fano Xusrav keyingi yillarda Buvayhiylar hokimiyatini qayta tiklashga urinib koʻrgan, biroq muvaffaqiyatga erisha olmagan[30]. Majd ud-Davlaning, shuningdek, Abu Dulaf ismli yana bir oʻgʻli boʻlgan[31].

X asr oxiridan 1029-yilgacha Ray ilm-fan markazi sifatida ravnaq topdi. Bunga qisman shaharning Buvayhiylar davlatining boshqa qismlaridan mustaqilligini saqlab qolgani hamda sulolaviy nizolarga faqat vaqti-vaqti bilan aralashgani sabab boʻlgan boʻlishi mumkin[1]. Majd ud-Davlaning oʻzi ham ilm-maʼrifatga katta qiziqish bildirgan va ilm ahlini qoʻllab-quvvatlagan[19]. Eronning gʻarbiy hududlarida uzoq vaqt davomida arab adabiyoti ustun mavqega ega boʻlgan. Biroq taxminan X asr oʻrtalaridan boshlab Xurosonda shakllangan fors adabiy harakati gʻarbiy viloyatlarda, jumladan, Majd ud-Davla saroyida ham tobora ommalasha boshlagan[32].

  1. 1 2 3 4 5 6 7 Nagel 1990, ss. 578–586.
  2. Tor 2017, s. 52.
  3. 1 2 Spuler 2014, s. 101.
  4. 1 2 Bosworth 1975, s. 215.
  5. Herzig & Stewart 2011, s. 125.
  6. Bosworth 1975, ss. 295–296.
  7. Spuler 2014, s. 108.
  8. Bosworth 1975, s. 293.
  9. 1 2 Bosworth 1970, s. 74.
  10. Madelung 1969, ss. 174–176.
  11. 1 2 Madelung 1969, s. 176.
  12. Bosworth 1975, s. 294.
  13. Bosworth 1996, s. 158.
  14. Kennedy 2004, s. 244.
  15. 1 2 Bosworth 2010, ss. 359–362.
  16. Madelung 1969, ss. 176–177.
  17. Madelung 1969, s. 177.
  18. Madelung 1969, ss. 177–178.
  19. 1 2 3 Sajjadi, Asatryan & Melvin-Koushki.
  20. Gutas 1987, ss. 67–70.
  21. Adamson 2013, s. 14.
  22. Adamson 2013, s. 18.
  23. Bosworth 1997, ss. 26–27.
  24. Bosworth 1970, ss. 75–76.
  25. Miles 1975, s. 373.
  26. Nashat & Beck 2003, s. 84.
  27. 1 2 Bosworth 1975, s. 177.
  28. Askari 2016, ss. 81–82.
  29. Peacock 2007, s. 12.
  30. Bosworth 1975, ss. 299–300.
  31. Bosworth 1975, s. 285.
  32. Lazard 1975, s. 619.
Oldingisi Rayning buvayhiy amiri
997—1029
Keyingisi