Mahmud Nomozov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mahmud Namozovdan yoʻnaltirildi)
Mahmud Nomozov

Maʼlumot
Tavallud topgan sanasi va joyi5-may 1960-yil (1960-05-05) (63 yosh)
Yo'nalishiPop, folk-pop, folklor
KasbiQo’shiqchi
Faoliyat yillari1980—hozirgi vaqt

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mahmud Nomozov 1960-yilning 8-mayida Surxondaryo viloyati Uzun tumanida dunyoga kelgan[1].Shu tumandagi 58-sonli oʻrta maktabda oʻqidi. Ilk musiqiy savodni maktabdagi musiqa toʻgaragida oldi. Oʻquvchilik paytlaridan jamoa xoʻjaligi qoshida ochilgan Rayhonashula va raqs ansamblida yakkaxon xonanda boʻlib ishladi. Musiqaga boʻlgan qiziqishi tufayli 1977-yil maktabni bitirgach,Toshkentdagi Nizomiy nomidagi pedagogika instituti ning musiqa fakultetiga oʻqishga kirdi. Bu dargohni aʼlo baholarga bitirib, oʻzi taʼlim olgan maktabga musiqa oʻqituvchisi boʻlib ishga keldi. Ushbu maktabdagi oʻn ikki yillik pedagogik faoliyati davomida yuzlab shogirdlariga musiqaga muhabbat tuygʻusini singdirdi. Maktabing musiqa toʻgaragi aʼzolari tuman, viloyat va respublika miqyoslaridagi koʻrik-tanlovlarda doimo faxrli oʻrinlarni egallab kelishgan. Mahmud Nomozov oʻzining ilk ijodiy faoliyatini maktab sahnasida qoʻshiqchi sifatida boshlagan boʻlsa-da, keyingi faoliyati davomida, xususan, maktabdagi oʻqituvchilik yillari Surxondaryo viloyatining musiqiy folklorini oʻrganishga katta eʼtibor qaratdi. Taʼkidlash lozimki, oʻzida dostonchilik va terma janrining ming yillik anʼanalarini mujassam qilgan bu musiqiy merosni oʻrganish ishlari oʻtgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida oʻzbek milliy musiqasi taraqqiyotidan chetda qolib kelayotgan edi. Uning bu boʻshliqni toʻldirish, janubiy viloyatlarning baxshichilik anʼanalarini musiqiy madaniyat doirasiga qayta olib kirish borasidagi saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq, 1991-yili uning Baxshiyona qoʻshigʻi dunyo yuzini koʻrdi.Baxshichilik anʼanalari yoʻlida yaratilgan bu qoʻshiq betakror taronasi, zamonaviy musiqa yoʻnalishlariga hamohangligi bilan tezda musiqa ixlosmandlari va mutaxassislar nazariga tushdi. Zamonaviy oʻzbek estrada qoʻshiqchiligining xalq ohanglariga oshno boʻlish jarayoni ayni shu qoʻshiqdan boshlandi, eʼtirof etish mumkin. Ijodiy jarayonga faol aralashish istagi 1994-yili Mahmud Nomozovni poytaxt Toshkentga yetaklab keldi. Oʻzbekiston radiosining Yoshlar kanali da musiqa muharriri boʻlib ishlay boshladi. Bu orada Mahmud Nomozovning qizgʻin ijodiy faoliyati boshlandi. Birin-ketin „Guldona“, „Ohu-vo“, „Oybuloq“, „Gulpari“, „Joʻrajon“, „Oypari“, „Surxon uforisi“, „Ogʻamjon“ kabi qator xalqona qoʻshiqlar dunyo yuzini koʻrdi. Deyarli har yili „Turkiston“, „Istiqlol“ saroylarida yangi koncert dasturlarini muxlislari eʼtiboriga havola qilib kelmoqda. Uning „Ona yurt ohanglari“, „Nigoh“, „Sogʻinch“, „Dil fasli“, „Kuz sonatasi“, „Oypari“, „Yurtim shamoli“, „Gulnorjon“, „Charxpalak“, „Koʻza afsonasi“, „Baxshiyona“ kabi oʻnlab musiqiy albomlari audio va video shaklida oʻn minglab nusxada muxlislar qoʻliga yetib bordi. Hindiston, Janubiy Koreya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Turkiya mamlakatlarida gastrol safarlarida boʻlib, ijodiy uchrashuvlar oʻtkazdi. Mahmud Nomozovning ijodiy va mehnat faoliyati xalqimiz va hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. U 2000-yili Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, 2009-yili Oʻzbekiston xalq artisti, 2010-yili Qoraqalpogʻiston xalq artisti unvonlariga sazovor boʻldi. Ijodiy faoliyati davomida oʻnlab shogirdlar yetishtirdi. Ayni kunlarda Mahmud Nomozov ijodiy faoliyat bilan birga keng jamaochilik ishlarida ham faol ishtirok etmoqda. Oʻzbeknavo estrada birlashmasi qoshidagi Badiiiy kengashi hamda Nihol davlat mukofoti hay’at aʼzosi sifatida oʻzbek musiqasining taraqqiyotiga baholi qudrat hissa qoʻshib kelmoqda.

Filmografiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yil Film nomi Rol
2000 Chimildiq Qoʻshiqchi

Musiqiy albomlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Ona yurt ohanglari“, „Nigoh“, „Sogʻinch“, „Dil fasli“, „Kuz sonatasi“, „Oypari“, „Yurtim shamoli“, „Gulnorjon“, „Charxpalak“, „Koʻza afsonasi“, „Baxshiyona“

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

2008- Yulduzlar shamoli 2015- Baxshiyona

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muzikalnoe obozrenie, 2015-12-08da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2017-02-18

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]