Magnitik yozish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Magnitik yozish - tovush (nutq, musiqa) ni magnitli axborot eltuvchi (magnit lenta, magnit disk va boshqalar) ga magnit usulida yozib olish va qayta eshittirish. Tovushni yozib olishda axborot eltuvchi yoki ayrim qismlarining qoldiq magnit holati tovush signallariga monand oʻzgaradi. Tovushni qayta eshittirishda teskari jarayon yuz beradi va shunga muvofiq ravishda tovush signallari hosil boʻladi. Axborot eltuvchining magnitlanish yoʻnalishiga, signallarni yozib olish va kayta eshittirish kanallarida yuz beradigan oʻzgarish turiga hamda magnit kallakka signal tokidan tashqari qoʻshimcha magnitlaydigan oʻzgarmas yoki oʻzgaruvchan tok berilishiga qarab, Magnitik yozishning bir necha usullari qoʻllaniladi. Tovushni yozib olishda diktofon, magnitofon, tasvir va tovushni yozib olishda videomagnitofon va axborotni juda aniq Magnitik yozish da aniq magnitik yozib olish apparatlaridan foydalaniladi.

Magnitik yozishda yozib olish kanali kirishiga (mas, magnitofon kuchaytirgichiga) tushgan elektr signallar kuchaytiriladi va oʻzgartiriladi. Kanalning oxirgi qismi magnit kallak hisoblanadi. Magnit kallakda vujudga keladigan magnit maydon kallak chulgʻamidagi tokka mutanosib boʻladi. Magnit maydon harakatlanib turgan magnit lentaga (yoki magnit diyekka va boshqalar) taʼsir qilib, uning ayrim qismlarini magnitlaydi va magnitli yozuv yoʻlini hosil qiladi (tovush magnit lentaga yozilib qoladi). Magnitli yozuv yoʻli hosil boʻlgan magnit lenta signalogramma deb ataladi. Tovushni qayta eshittirishda signalogramma harakatlanishi mobaynida magnit kallak chulgʻamida yozib olingan tovush signallarini eltuvchi e. yu. k. (elektr yurituvchi kuch) ni paydo qiladi. Tovushni kuchaytirish qurilmasi signallarni kuchaytirib va tovushga aylantirib beradi. Tovush radiokarnaylar orqali eshittiriladi. Tovushni yozib olish jarayoni qancha tez amalga oshirilsa, tovush shuncha sifatli chiqadi: mas, tovush chastotalari 30 Gs — 16 kGs oralikda boʻlgan elektr tebranishlarni magnitofonda yozib olish uchun magnit lentaning harakatlanish tezligi 9,5 sm/s boʻlishi kifoya. Vidiomagnitofonda 10—15 Mgs gacha chastotalar oraligʻidagi signallarni yozib olish uchun magnit lentaning harakatlanish tezligi 50 m/s gacha oshirilishi lozim.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil