Muhammad Alixon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Madalixondan yoʻnaltirildi)
Muhammad Alixon (Madalixon)
Muhammad Ali
 Qoʻqon xonligi hukmdori
Mansab davri
1822-yil – 1841-yil
Oʻtmishdoshi Umarxon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1806-yil
Qoʻqon, Qoʻqon xonligi
Vafoti 1842-yil
Qoʻqon, Qoʻqon xonligi
Fuqaroligi Qoʻqon xonligi
Turmush oʻrtogʻi Podshohxon oyim
Onasi Nodira
Otasi Umarxon

Muhammad Alixon (Madalixon) (taxminan 1803/06—1842, Qoʻqon) — Minglar oʻzbek sulolasi vakili, Qoʻqon xonligi hukmdori.

Umarxon va Nodiraning oʻgʻli. Otasi Umarxon vafotidan keyin 13 yoshida taxtga oʻtirgan. Hukmronlik davrida xonlik hududini kengaytirishga uringan. Qorategin butunlay, Darvoz, Shugʻnon, Roshan, Vohonfaqat nomigagina zabt etilgan. 1829-yilda Qashqarga yurish qilgan. Uning bu harakatidan foydalangan Qashqar musulmonlari xitoylarga qarshi bosh koʻtargan. Magʻlub boʻlgan uygʻurlardan 70 mingi Muhammad Alixon bilan birga qaytib, Qoʻqon xonligidagi shaharlarga (jumladan, Toshkentga) joylashtirilgan. Muhammad Alixon Qashqarga qilgan qayta-qayta hujumi natijasida Sharqiy Turkiston shaharlaridan boj yigʻish huquqini olgan. Muhammad Alixon hukmronligi davrida sugʻorish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent yaqinida Xonariq qazilgan. Toshkent hokimi Lashkar qushbegi Muhammad Alixonning yaqin maslahatchisi boʻlib qolgan. Rossiya bilan savdo va diplomatik aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. 1828-yilda Qoʻqondan Sankt-Peterburgga elchilar boradi va ular yaxshi kutib olinadi. 1830-yilda Qoʻqonga Rossiya elchisi xorunjiy Potanin keladi.

Muhammad Alixon ichkilikbozlik va axloqsizlikka beriladi. Muhammad Alixonning hukmronlik davrida Qoʻqon-Buxoro munosabatlari keskin yomonlashadi. Ular orasida boʻlib oʻtgan urushlar natijasida Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh Qoʻqon qoʻshinini tor-mor qiladi. Muhammad Alixon oʻzini noiloj amirning noibi deb eʼtirof qiladi. Oradan ikki yil oʻtgach, 1841-yilning oktyabrida Qoʻqonda xon zulmiga qarshi xalq qoʻzgʻoloni koʻtariladi.

Muhammad Alixon 1841-yil noyabrda ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechadi, shunday boʻlsa ham 1842-yilda aprelda Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh Qoʻqonni zabt etdi va Muhammad Alixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodirani qatl ettiradi.

Muhammad Alixon gʻazallar yozgan, uning buyrigʻiga binoan, xattotlar Alisher Navoiy asarlarini miniatyuralar bilan bezatib koʻchirgan, koʻplab tarixiy asarlar fors va arab tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Muhammad Alixon davrida maktab va madrasalar qurilgan, Qoʻqonning eski oʻrdasi taʼmirlangan.[1]

Shaxsan Muhammad Alixon donatorligida Quva, Qoʻqon va Toshkentda uning nomi bilan atalgan madrasalar bunyod etilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • AbdulAziz. „Ziyo istagan qalblar uchun — Muhammad Alixon“. www.ziyouz.com. Retrieved 2017-10-30.
  • Mirzoolim Mushrif, Qoʻqon xonligi tarixi, T., 1995; Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Nabiyev R. N., Iz istorii Kokandskogo xanstva, T., 1973.