Lub tolalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Lub tolalari — tolali oʻsimliklar (zigʻir, kanop, jut, rami, kendir, nasha oʻsimligi va boshqalar) poyasidan ajratib olinadigan toʻqimachilik tolalari. Bu oʻsimliklar (lub ekinlari) poyalarida kambiy va peritsikl orasida joylashgan toʻqimalar Lub tolalarini tashkil qiladi. Ular usimlik poyasidan biologik va fizik-kimyoviy usullar bilan ajratib olinadi. Buning uchun urugʻlari va barglaridan tozalanib va quritilib, bogʻ-bogʻ qilib tayyorlangan poyalar baklar, tabiiy yoki sunʼiy suv havzalari va hovuzlarda ivitiladi. Poyalarni ivitishda tolalarni bir-biriga va poʻstloqqa yopishtirib turgan pektin moddalari eriydi. Suv havzalari va hovuzlarida sovuq suvda ivitish har xil mikroorganizmlarning faoliyatiga asoslangan (bunda suvning harorati 20—25° dan oshmasligi kerak). Suvning ustidagi poyalarda mogʻor zamburugʻlari, suv ichiga botgan qismlarida anaerob bakteriyalar rivojlanadi. Baklarda poyalar issiq (36—38°) suvda ivitiladi. Bunda avval aerob, soʻngra anaerob bakteriyalarning ish faoliyatidan foydalaniladi. Ivitishning kimyoviy va bugʻlash usullari ham bor. Kimyoviy usulda turli moddalar (tuzlar, kislotalar, ishqorlar) eritmalari qoʻllaniladi. Bugʻlashda poyalar oldin suvda ivitilib, keyin bugʻla-nadi. Ivigan poyalar maxsus tola ajratish mashinalaridan utkaziladi. Ajratib olingan hoʻl tolalar titish-savash mashinalaridan oʻtkazilib tozalanadi, quritish mashinalarida quritiladi, soʻngra yumshatish mashinalaridan oʻtkazilib mayinlashtiriladi va pardozlash sexida pardozlanib, yaltiroq holatga keltiriladi, saralash (sortlarga ajratish) sexida tola rangi, uzunligi, pishikligi va tovlanuvchanligi boʻyicha xillanadi.

Lub tolalarini koʻk lub (floema)dan ham olish mumkin (bunda tola ajratib olish texnologiyasi yuqoridagidan deyarli farq qilmaydi). Lubni titish-yuvish jarayonida chiqqan chiqindilardan kalta Lub tolalari olinadi.

Lub tolalari qanday oʻsimlik poyasidan olinganligiga qarab, ingichka, kayishqoq (zigʻir va rama tolasi), dagʻal (kanop, jut, penka tolasi), qattiq (abaka, yaʼni penkaning bir turi) boʻlishi mumkin. Ulardan kanop, arqon, baliq tutish toʻri, brezent, har xil matolar tayyorlanadi, ular gilam toʻqishda ham ishlatiladi. Oʻzbekistonda, asosan, kanop oʻsimligi ekilganligi uchun kanop zavodlarida kanopdan tolalar olinadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil