Liza Nakashidze-Bolkvadze
| Liza Nakashidze-Bolkvadze | |
|---|---|
| ელისაბედ [ლიზა] ნაკაშიძე-ბოლქვაძე | |
|
| |
| Tavalludi |
1985-yil avgust |
| Vafoti | 1938-yil 22-fevral |
| Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi, Gruziya Demokratik Respublikasi va SSSR |
| Kasbi | siyosatchi |
Elisabed „Liza“ Nakashidze-Bolkvadze (gruzincha: ელისაბედ [ლიზა] ნაკაშიძე-ბოლქვაძე; 1885-yil avgustda tugʻilgan – 1938-yil 22-fevralda vafot etgan[1]) – Gruziyaning Sotsial-demokratik partiyasi aʼzosi, siyosatchi. 1919-yildan 1921-yilga qadar Gruziya Taʼsis majlisi aʼzosi. 1921-yilda Sovet Ittifoqi Gruziyani egallagan, biroq Elizabed ushbu yangi tuzumga qarshi boʻlganligi sababli muntazam ravishda taʼqib etilgan va Sibirga surgun qilingan va 1937-yilda oʻsha yerda qatl etilgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Liza Nakashidze 1885-yilda Rossiya imperiyasi nazorati ostidagi Gruziyaning Guria mintaqasida zodagon oilada dunyoga kelgan. Keyinchalik Bolkvadze familiyali kishiga turmushga chiqqan va 1904-yilda Sotsial-demokratik partiyasiga qoʻshilgan. Shuningdek, „Guriya Respublikasi“ nomli mahalliy inqilobiy harakatda ham faol ishtirok etgan. 1905-yilgi Rossiya inqilobi davrida Guria ayollarining Sotsial-demokratik guruhiga rahbarlik qilgan. Sotsial-demokratik partiya ichidagi boʻlinishda esa bolsheviklarga qarshi chiqib, mensheviklar tomonini olgan. Nakashidze imperiya politsiyasi tomonidan hibsga olinib, surgun qilingan. 1917-yilgi Fevral inqilobi natijasida Rossiya monarxiyasi agʻdarilganidan soʻng esa yana faol siyosiy hayotga qaytgan. 1917-yil mart oyida Guriyaning Ayollar jamiyati raisi etib saylangan va 1919-yilda mustaqil Gruziya Taʼsis majlisi aʼzoligiga Sotsial-demokratik partiya vakili sifatida saylangan. Shunday qilib, Nakashidze Gruziya tarixida ilk bor umumiy va teng saylov huquqi asosida demokratik tarzda shakllantirilgan parlament, 130 nafar aʼzodan iborat Taʼsis majlisiga saylangan besh nafar ayol deputatdan biri boʻlgan. Taʼsis majlisida Nakashidze mehnat qoʻmitasi aʼzosi boʻlib ishlagan va 1921-yilgi konstitutsiyani ishlab chiqishda ishtirok etgan[2][3].
1921-yilda Gruziya Respublikasi bolsheviklar bosqinidan soʻng qulagach, Nakashidze-Bolkvadze sovet tuzumiga qarshi yerosti harakatida ishtirok etgani sababli hibsga olingan. 1923–1925-yillarda esa Uralga surgun qilingan. 1926-yilda qisqa muddatli amnistiyadan soʻng Tbilisidagi yangi hukumatning ichki savdo agentligida ishlagan, biroq tez orada yana bir necha bor hibsga olinib, surgun qilinishda davom etgan. Oxir-oqibat, 1938-yil fevral oyida Minusinsk shahrida surgunda boʻlgan vaqtida NKVD uchliklari sud hay’ati tomonidan shoshilinch sud qilingan va Yevropadagi gruzin siyosiy muhojirlari bilan aloqada boʻlganlikda va aksilinqilobiy tashkilotni boshqarganlikda ayblangan. Shu yili Nakashidze-Bolkvadze oʻlim jazosiga hukm qilinib, otib oʻldirilgan. Keyinchalik vafotidan soʻng, yaʼni 1956-yilda oqlangan[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Накашидзе-Болквадзе Елизавета Иосифовна (1884)“ (ru). Открытый список. Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.
- ↑ Khvadagiani. „Liza /Elisabed/ Nakashidze-Bolkvadze“. Feminism and Gender Democracy: Women's Museum. Heinrich Böll Stiftung South Caucasus (2014). Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.
- ↑ Ugrekhelidze. „The five women who crafted the Georgian constitution“. JAMnews (2018). Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.
- ↑ Khvadagiani. „Liza /Elisabed/ Nakashidze-Bolkvadze“. Feminism and Gender Democracy: Women's Museum. Heinrich Böll Stiftung South Caucasus (2014). Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.