Leontyev Vasiliy Vasilyevich

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Leontyev Vasiliy Vasilyevich (1906.5.8, Sankt-Peterburg — 1999.7.2, Nyu-York) — amerikalik rus iqtisodchisi. Leningrad universitetini tugatgan (1925). 1925-1928 yillarda Berlin universitetida oʻqib, 1928 yilda d-rlik ilmiy darajasini oldi. 1931 yilda AQShga koʻchib ketgan. Garvard universiteti (1932—75), NyuYork universiteti (1975 yildan) prof. L. "harajatlar — mahsulot chiqarish" iqtisodiy tahlil usulini yaratdi. Bu usul AQSH iqtisodiyotining tarmoqlararo balansini tuzishda qoʻllanilgan. Uning tadqiqotlarida iqtisodiy tizim ichidagi oʻzaro bogʻlanishlarni oʻrganish asosiy yoʻnalishni tashkil etadi. "Amerika iqtisodiyoti tuzilmasini oʻrganish" (1953), "Harajatlar — mahsulot chiqarish" modelining iktisodiy tahlili" (1966) asarlarida F.Kene va boshqalarning modellarini kengaytirgan holda iqtisodiy tizimning turli qismlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni koʻrsatadigan matematik modellar yaratdi. L. oʻz modelini AQSH iqtisodiyotini tahlil etishda qoʻllab, xalqaro savdo va tabiiy resurslar iqtisodiyoti sohasida muhim natijalarga erishdi. L. usuli mamlakat iqtisodiyotini prognozlash va rejalashtirishda, hukumatlar uchun oʻzlari yuritayotgan investitsiya, soliq, tashqi savdo siyosati, harbiy harajatlar va boshqalarning xalq xoʻjaligiga taʼsirini baholashda muhim dastak boʻlib xizmat qiladi. L. iqtisodiyotda matematik metodlar va modellarni qoʻllash, xalqaro savdo, K.Marks va J.Keyns nazariyalari tahlili, indekslarni tuzish, talab va taklif mexanizmi, iqtisodiy sikllar va boshqa muammolar ustida ham tadqiqotlar olib borgan. Nobel mukofoti laureata (1973). As: Issledovaniye amerikanskoy ekonomiki, M., 1958; Budusheye mirovoy ekonomiki, M., 1979; Ekonomicheskiye esse. Teorii, issledovaniya, fakti, politika, M., 1990.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil