Left 4 Dead

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Left 4 Dead
Fayl:Left4Dead Windows cover.jpg
Ishlab chiqaruvchi Valve South
Nashir etuvchi Valve
Chiqarilgan sana 2008-yil 17-noyabr
Geymdizayner Mike Booth
Ssenariy muallifi Chet Faliszek
Bastakor Mike Morasky
Oʻyin seriyasi Left 4 Dead
Janr Birinchi shaxs otishma
Qoʻrquvda tirik qolish
Platformalar Microsoft Windows
Xbox 360
Mac OS X
Yuritkich Source
Oʻyin rejimlari Yolgʻiz oʻyinchili
Koʻp oʻyinchili
Boshqaruv klaviatura, sichqoncha va geympad
Keyingi soni Left 4 Dead 2


Left 4 Dead — 2008-yilda Valve South tomonidan ishlab chiqarilgan va Valve tomonidan nashr etilgan birinchi shaxs otishma oʻyini. Oʻyin dastlab Microsoft Windows va Xbox 360 uchun 2008-yil noyabr oyida, Mac OS X uchun 2010-yil oktyabr oyida chiqarilgan va Left 4 Dead seriyasining birinchi oʻyini. Oʻyin voqealari Amerika Qoʻshma Shtatlarining Sharqiy qirgʻogʻida zombi epidemiyasi boshlanganidan soʻng, zararlanganlar toʻdasidan tirik qolishga urinayotgan „Tirik qolganlar“ deb nomlanuvchi toʻrtta qahramon atrofida yuz beradi.

Left 4 Dead toʻrtta oʻyin rejimiga ega Valveʼning xususiy Source yuritgichini ishlatadi: jamoadoshlar AI tomonidan boshqariladigan yolgʻiz oʻyinchili rejim, toʻrt oʻyinchili qoʻshma oʻyin kampaniya rejimi, sakkiz oʻyinchili onlayn olishuv rejimi va toʻrtta oʻyinchili tirik qolish rejimi. Barcha rejimlarda „Rejissyor“ deb atalgan sunʼiy ong dinamik kechinma yaratish va qayta oʻynovchanlikni oshirish maqsadida oʻyin tempi va buyumlar joylashuvini nazorat qiladi.

Left 4 Dead chiqarilgandan soʻng sanoat ommaviy axborot vositalari tomonidan yaxshi kutib olindi. Oʻyinning qayta oʻynovchanligi, qoʻshma oʻyinga eʼtibor va kinematik tuygʻu uchun maqtovga sazovor boʻlgan boʻlsa, baʼzilar uning bosqichlarni tanlashdagi cheklovi va hikoyaning yetishmasligini tanqid qilishdi. Oʻyin bir nechta nashriyot mukofotlarini qoʻlga kiritdi, shuningdek, Interaktiv sanʼat va fanlar akademiyasi va Britaniya kino va televideniye sanʼati akademiyasi sharafiga sazovor boʻldi. Team Fortress 2 bilan boʻlganidek, Valve oʻyinni tekin yuklab olinadigan kontentlar bilan taʼminladi. Oʻyinning erishgan muvaffaqiyati 2009-yilda chiqarilgan Left 4 Dead 2 deb nomlangan davomining ishlab chiqarishga olib keldi. 2012-yilda Left 4 Deadʼning barcha kampaniyalari Left 4 Dead 2 ga koʻchirib oʻtkaziladi. Bu esa oʻyinning Windows va Mac versiyalari oʻrtasida platformalararo koʻp oʻyinchili oʻyinni qoʻllab-quvvatladi.

Oʻyinning nomini oʻzbek tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilib boʻlmaydi. Bunga sabab nomdagi toʻrt raqami ingliz tilida talaffuz qilinganda toʻrt (four) yaʼni oʻyindagi oʻyinchilar soni va uchun (for) deyarli bir xil eshitiladi. Shu bois, oʻyin nomini har xil tarjima qilish mumkin. Oʻlishga qoldirilganlar, Oʻlimga tashlangan toʻrtlik va shu kabilar.

Mazmuni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fayl:Left 4 Dead Revised Cast.jpg
„Mehr yoʻq“ kampaniyasi posterida tirik qolganlar — Francis, Bill, Zoey va Louis (chapdan oʻngga)

Pensilvaniyada „Yashil gripp“ taxallusli oʻta yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchi epidemiyasi tarqaladi (kasallik ekstremal tajovuzga, tana hujayralarida mutatsiyaga, yuqori miya funksiyalarining yoʻqolishiga olib keladi, uni yuqtirganlarda esa zombifikatsiya boshlanadi).[1] Yodgorlik devorlari — infeksiyadan oʻlganlarning ismlari — oʻyin voqea-hodisalari 2009-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtganligini koʻrsatadi.[2] Birinchi zararlanishdan ikki hafta oʻtgach, toʻrtta immunitetli tirik qolganlar — Yashil Beret va Vyetnam urushi faxriysi William „Bill“ Overbeck (Jim French tomonidan ovoz berilgan), kollej oʻquvchisi Zoey (Jen Teylor tomonidan ovoz berilgan), mijozlar bilan ishlash boʻyicha okrug menejeri Louis (Earl Aleksandr tomonidan ovoz berilgan) va qonunbuzar bayker Francis (Vins Valenzuela tomonidan ovoz berilgan) — Fairfield shahridan chiqayotib, infeksiya baʼzi zararlanganlarda xavfli mutatsiyalar keltirib chiqarishini bilib oladi.

Zararlanganlarning yangi turlaridan zoʻrgʻa qochib bino tomiga chiqib olishgan tirik qolganlarga „Mercy“ kasalxonasining tomidagi evakuatsiya nuqtasiga yetib borishlari kerakligi oʻsha yerdan uchib oʻtayotgan vertolyot orqali xabar qilinadi. Shahar koʻchalari, metro va kanalizatsiya boʻylab olishuvlardan soʻng, kasalxona tomidan vertolyotda uchuvchi qutqarib oladi (Dennis Bateman tomonidan ovoz berilgan). Birozdan soʻng esa uchuvchi ham zararlanganligi maʼlum boʻladi. Zoey uni oʻldirishga majbur boʻladi, bu esa vertolyotning shahar tashqarisidagi sanoat okrugida qulashiga olib keladi. Zirhli yuk mashinasini topganidan soʻng, guruh undan Riverside shaharchasiga borish uchun foydalanadi. Mahalliy cherkovda paranoyak va aqldan ozgan odamni (Nathan Vetterlein tomonidan ovoz berilgan) uchratgandan soʻng, ular shaharni zararlanganlar bosib olganini bilib olishadi va qutqarilish uchun qayiqxonaga boradilar. Kichik baliq ovlash qayigʻi egasi (Jon Patrik Louri tomonidan ovoz berilgan) kasallik yuqtirilganligi sababli, ular daryoning narigi tomonidagi Newburg shahrida qayiqdan tushirib yuboriladi. Issiqxonada dam olayotgan tirik qolganlarni tepadan oʻtib ketayotgan harbiy C-130 Hercules eʼtiborini tortdi. Tirik qolganlar esa samolyotni shahar aeroportiga borishiga umid bogʻlashdi. AQSh harbiylari kasallikni toʻxtatish uchun aeroportni bombardimon qilgan boʻlsa-da, uchish-qoʻnish yoʻlagi qisman butun qoldi. Bu esa tirik qolganlarga yoqilgʻi toʻplash va kutayotgan C-130 samolyotida qochishga imkon berdi (samolyot uchuvchisiga Gary Schwartz tomonidan ovoz bergan).

Oldingi vertolyot singari, bu samolyot ham halokatga uchraydi va tirik qolganlar Allegheny milliy oʻrmonining chekkasida oʻziga kelishadi. Bir qator poyezd yoʻllaridan soʻng guruh nihoyat ishlayotgan, ammo tashlab ketilgan harbiy evakuatsiya nuqtasiga yetib boradi. Radio orqali harbiy bilan bogʻlanishganidan soʻng (askarga Devid Skalli tomonidan ovoz berilgan), tirik qolganlar harbiy BTR orqali Shimoli-sharqiy xavfsiz hudud boʻlmish Echoʻga borish uchun soʻnggi olishuvni fermada harbiy transportni kutish bilan oʻtkazishadi. Biroq harbiylar tirik qolganlarni qutqarish oʻrniga ularni harbiy qoʻrgʻonda hibsda saqlashadi.[3] U yerda tirik qolganlar immunitetga ega emasliklarini va ular kasallikni asemptomatik tashuvchilari ekanligini bilishadi. Bu payt, zararlanganlar oʻrdasini jalb qilgan holda qoʻrgʻonda qoʻzgʻolon koʻtariladi. Tirik qolganlar esa paytdan foydalanib, poyezdda qochib ketishadi. Ular Florida Keys orollarida uzoq muddatli xavfsizlikda boʻlishlari mumkinligiga ishongan Billning talabiga binoan janubga otlanishadi.

Jorjiya shtatining bandargoh boʻyidagi Rayford shaharchasida tirik qolganlar yelkanli qayiqni topadilar, biroq ochiq suvga yetib borish uchun birinchi navbatda 3 ta generator orqali quvvatlanadigan koʻtarma koʻprikni koʻtarishlari kerak boʻladi. Koʻprik koʻtarilganda, generatorlarning biri eskiligi sababli ishdan chiqadi. Boshqalarning xavfsizligi uchun Bill uni qayta ishga tushirish uchun oʻzini qurbon qiladi. Billning oʻlimidan soʻng zararlanganlar oʻrdasi tarqalishini kutayotgan uchta tirik qolgan oʻyinning ikkinchi qismidagi boshqa tirik qolganlar guruhi bilan uchrashadi. Ular boshqa tirik qolganlar guruhiga koʻtarma koʻprikni qayta tushurishga yordam berishga rozi boʻlishadi. Nick, Coach, Rochelle va Ellisʼdan iborat boshqa tirik qolganlar guruhi mashinasida koʻprikdan oʻtib ketishgan boʻlsa, Louis, Zoey va Francis esa oʻz qayigʻiga oʻtirib, Florida Keys tomon suzib ketishadi.

Geympley[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fayl:Left 4 Dead screenshot.jpg
Left 4 Dead oʻyinida toʻrtta tirik qolgan boshpana/qutqaruv mashinasiga yetib borish uchun yoʻlda toʻqnash keladigan zararlanganlarga qarshi kurashishi kerak.

Left 4 Dead — bu birinchi shaxs otishma oʻyini boʻlib, unda oʻyinchi toʻrtta tirik qolganlardan birini boshqaradi; agar inson oʻyinchilari mavjud boʻlmasa, qolgan tirik qolganlar AI tomonidan boshqariladigan botlar tomonidan toʻldiriladi. Tirik qolganlar zararlanganlar — psixozni keltirib chiqaradigan quturishga oʻxshash virus bilan kasallangan tirik odamlarga qarshi kurashadilar.[4][5] Asosiy maqsad zararlanganlarni yoʻq qilish emas, balki keyingi boshpanaga tirik holda yetib borishdir. Bu har bir oʻyinchining harakatlarini kuzatib boruvchi va unga javoban har xil narsalar qoʻshuvchi yoki olib tashlovchi „AI rejissyor“ning bilan qiyinlashadi. AI rejissyorning asosiy vazifasi doimiy keskinlikni saqlash va oʻyinchilarga har bir oʻyinda yangi kechinmalar berishdir.[6]

Oʻyin otishma janrida boʻlishiga qaramay, u asosan hamkorlik va jamoaviy ishlashga qaratilgan. Shuning uchun boshqa birinchi shaxs otishma oʻyinlarida odatiy boʻlgan baʼzi „realizm“ shartlaridan qochadi. Oʻyinchilar jamoadoshlarining sharpasini devor ortidan rangli yonib turgadigan konturi orqali koʻra olishadi. Bu esa oʻz oʻrnida ularga jipslashgan holda birlashib yurish imkonini beradi. Agar tirik qolgan odamning sogʻligʻi tugasa, ular ishdan chiqishadi (yerga yotib qolishadi) va faqat boshqa tirik qolgan yordam bermaguncha ularni oʻrnidan turgʻizib boʻlmaydi. Biror jamoadoshi yordamida oʻrnidan turganidan keyin sogʻligʻi past holatda oʻynashda davom etishadi. Past sogʻliq oʻyinchi tezligini pasaytirib qoʻyadi. Agar oʻyinchilar ikki marta ishdan chiqib, yana oyoqqa turgandan soʻng sogʻligʻini yaxshilamasa, uchinchi ishdan chiqish oʻlimga olib boradi.

„Kampaniya“ rejimida tirik qolganlardan biri oʻldirilgan boʻlsa, oʻlgan guruh aʼzosi yoʻl-yoʻlakay uchraydigan shkaf yoki kichik xonada qayta tiriladi. Biroq jamoaga qayta qoʻshilishi uchun uni boshqa jamoadoshi oʻsha shkaf yoki xona eshigini ochib yana jamoasi safiga qaytarishi kerak.[7] AI tomonidan boshqariladigan bot tirik qolganlar „qayta tiriltirish shkaflarini“ ocholmaydi, shuning uchun barcha inson oʻyinchilar ishdan chiqishsa, boʻlim qayta boshlanadi. Tirik qolganlar tibbiy toʻplamlar va ogʻriq qoldiruvchilarni boʻlishishi va bir-birlarini davolashlari mumkin. Left 4 Deadʼda doʻstona otish funksiyasi bor. Ushbu funksiya boshqa tirik qolganlar yonida ehtiyotkor boʻlish kerakligini oʻrgatadi.

Tezkor menyu orqali tirik qolganlar ovozli buyruqlar va chaqiruvlar bilan muloqot qilishlari mumkin. Oʻyindagi har bir tirik qolgan qahramon uchun 1000 qatordan ortiq ovozlar yozilgan.[8] Oʻyinchi harakatlari toʻgʻrisidagi qoʻshimcha maʼlumotlar yorugʻlik orqali uzatiladi; Qurolga oʻrnatilgan fonar va tumshuq chaqnashi oʻyinchilarga jamoadoshlari qachon otishyotgani, sovuq qurollardan hujum qilayotgani, qurolini oʻqlayotgani yoki harakatlanayotganini aniqlashga yordam beradi. (Qahramonni boshqarish bilan bogʻliq muammolar va oʻyinchilarning quloqchinlardan foydalanishlarini hisobga olgan holda Left 4 Deadʼning Xbox 360 versiyasida tezkor soʻzlashuvlar funksiyasi yoʻq.)[9]

Kampaniyalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Barcha asl kampaniyalar besh boʻlimga boʻlingan. Boʻlimlar bir-biri bilan boshpanalar orqali bogʻlangan. Boshpanalar — oʻyinchilar jamoadoshlarini davolashlari, qayta qurollanishlari va oʻlgan oʻyinchilar qayta tiriltirishlari mumkin boʻlgan nazorat nuqtasi.[10] Baʼzi boʻlimlar tirik qolganlar yurishda davom etishidan oldin yangi toʻsiqni keltirib chiqaruvchi „kressendo hodisalari“ bilan boʻlinadi. Har bir kampaniyaning soʻnggi boʻlimida oʻyinchilar qutqaruvchilar kelguniga qadar oʻz pozitsiyalarini zararlanganlar hujumidan himoya qilishlari kerak.[6] Toʻrtta kampaniya quyidagilardir: „No Mercy“ (Mehr yoʻq), shahardan boshlanib kasalxona osmonoʻpar binosining tomida tugaydi; „Death Toll“ (Oʻlim jarangi), kichik shahar va qishloq; „Dead Air“ (Oʻlik havo), bombardimon qilingan shahar va aeroport; „Blood Harvest“ (Qonli hosil), oʻrmon va fermer xoʻjaligi.

Ikki boʻlimli DLC kampaniyasi „Crash Course“ (Toʻqnashuvli yoʻnalish) 2009-yil 29-sentyabrda chiqarilgan boʻlib, voqea-hodisalari „No Mercy“ va „Death Toll“ kampaniyalari oʻrtasida boʻlib oʻtadi va sanoat chekkasini sahnalashtiradi. „The Sacrifice“ 2010-yil 5-oktabrda chiqarilgan uch boʻlimli kampaniya boʻlib, Jorjiya shtatidagi sanoat portini sahnalashtiradi. Ushbu yangi boʻlimlarda boshqalardan farqli oʻlaroq har xil oʻrindosh yoʻnalishlar bor, bu esa oʻz oʻrnida bitta chiziq boʻylab yurayotgandek tuygʻuni yoʻqotishga koʻmak beradi.[11] Har bir kampaniya odatda qiyinlik darajasiga qarab 20 daqiqadan 75 daqiqagacha davom etadi. Oʻyinning ikkala platformadagi versiyalari ham „yutuqlar“ tizimini ishlatadi.[12]

Chiqarilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Left 4 Dead 2008-yil 13-noyabrda sotuvga tayyor boʻlgan va Shimoliy Amerikada 2008-yil 18-noyabrda chiqarilgan boʻlsa, 2008-yil 21-noyabrda Yevropada Half-Life nashrining oʻn yilligiga toʻgʻri keldi.[13][14]

Valve 2008-yil dekabr oyida Xbox Live oʻyinchilarining ShK uslubidagi chitlardan foydalanishini toʻxtatish uchun server patchini chiqaradi.[15] Valve vakilining aytishicha, „tuzatish qoʻshma oʻyin va oʻyin rejimlarining koʻp qismini tashkil etuvchi maxsus serverlarda chit ishlatish xatti-harakatlarini toʻxtatish uchun moʻljallangan.“[16]

Eslatmalar[tahrir | manbasini tahrirlash]


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Interview: Valve's Doug Lombardi“. Joystiq (3-iyul 2009-yil). — „The things that are happening, all the shit that is hitting the fan and turning everyone into mutant zombies, has gone much bigger than just Pennsylvania, which is where the original game was loosely set.“. Qaraldi: 14-iyul 2009-yil.
  2. „Valve Has Balls, Play With Them“. Left 4 Dead 411 (22-noyabr 2008-yil). 2009-yil 25-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11-may 2009-yil.
  3. As seen in Left 4 Dead: The Sacrifice.
  4. „Left 4 Dead Afterthoughts from 1UP.com“. 1UP.com. 2012-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-yanvar 2009-yil.
  5. „Left 4 Dead E3 2007 Preshow First Impressions“. GameSpot (11-iyul 2007-yil). Qaraldi: 21-noyabr 2008-yil.
  6. 6,0 6,1 „Left 4 Dead Hands-on Preview – Survivor Side“. Left 4 Dead 411. Qaraldi: 25-oktabr 2008-yil.
  7. „IGN Command Prompt Podcast, Episode 21“. IGN (14-avgust 2008-yil). 2008-yil 17-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  8. „Left 4 Dead Hands-on Preview – Survivor Side“. Left 4 Dead 411. Qaraldi: 25-oktabr 2008-yil.
  9. Gabe Newell. EA E3 Presentation Video. Left 4 Dead 411.
  10. „Left 4 Dead Hands-on Previews“. Shacknews (17-yanvar 2008-yil). 16-iyun 2009-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 25-oktabr 2008-yil.
  11. „GameSpot Video: Left 4 Dead E3 2008 Stage Show Demo“. GameSpot (23-iyul 2008-yil). Qaraldi: 23-iyul 2008-yil.
  12. Chan, Norman. „E3 2008: Left4Dead Interview. New Graphics, Weapons, and Steam Achievement Details“. Maximum PC (21-iyul 2008-yil). Qaraldi: 26-oktabr 2008-yil.
  13. „Left 4 Dead“. Valve. Qaraldi: 25-oktabr 2008-yil.
  14. Faylor. „Left 4 Dead Delayed, Now Due November 18“. Shacknews (25-avgust 2008-yil). Qaraldi: 25-oktabr 2008-yil.
  15. Caoili, Eric. „Valve Patch Nixes Left 4 Dead Cheats“. Gamasutra (11-dekabr 2008-yil). Qaraldi: 5-fevral 2009-yil.
  16. King, Ryan. „Left 4 Dead attacked by hackers“. Official Xbox 360 Magazine (11-dekabr 2008-yil). Qaraldi: 5-fevral 2009-yil.