Lebaran
Lebaran – Indoneziyada Ramazon hayiti (Eid al-Fitr) va Qurbon hayiti (Eid al-Adha) uchun qoʻllaniladigan ommabop nom boʻlib, mamlakatdagi asosiy islomiy bayramlardan biri hisoblanadi[1]. Indoneziya taqvimiga koʻra, Lebaran bayrami rasmiy ravishda ikki kun davom etadi. Biroq hukumat odatda Lebaran arafasida va undan keyin yana bir necha kunni bank taʼtili sifatida eʼlon qiladi. Koʻplab shaxslar yoki oilalar, ayniqsa musulmonlar, ushbu kunlarda ish joyidan haq toʻlanadigan taʼtil oladi.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Idulfitri“ va „Idul Adha“ atamalari arabcha „Eid al-Fitr“ hamda „Eid al-Adha“ soʻzlarining indonezcha yozilish shaklidir. „Lebaran“ esa ushbu bayramlarni anglatadigan mahalliy nom boʻlib, uning etimologiyasi aniq emas. Ayrim qarashlarga koʻra, u java tilidagi „lebar“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „tugagan“ degan maʼnoni anglatadi[1]. „Lebar“ soʻzi indonez tiliga „-an“ qoʻshimchasi bilan oʻzlashgan va roʻza „yakunlangan“ini bildiruvchi umumiy bayram atamasiga aylangan. Yana bir taxminga koʻra, „lebaran“ sundan tilidagi „lebar“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „moʻl-koʻlchilik“ yoki „koʻplab“ degan maʼnoni anglatadi. Bu talqin bayram chogʻida oila aʼzolari, qarindoshlar, qoʻshnilar va doʻstlar uchun tortiladigan taomlar va noz-neʼmatlarning moʻlligini ifodalaydi. Boshqa bir nazariyada esa „lebaran“ betavi tilidagi „lebar“ soʻziga bogʻlanadi, u „keng“ yoki „kengaymoq“ maʼnosini bildiradi. Shu bois bayram Ramazon roʻzasidan soʻng qalbning kengayishi, bagʻrikenglikning ortishi sifatida talqin etiladi. Madurlar xalqi tilida ham Ramazon roʻzasining yakunlanishini ifodalovchi „lober“ soʻzi mavjud. Shuningdek, „lebaran“ soʻzi „luber“ → „luber-an“ → „lebaran“ shaklida rivojlangan boʻlishi mumkin, bunda u „toshib ketish“ yoki „oqib kelish“ maʼnolarini anglatadi.
„Lebaran“ atamasi odatda Ramazon hayitini ifodalash uchun qoʻllanadi. Biroq kengroq maʼnoda u oʻxshash bayram va tantanalarni ham anglatishi mumkin. Masalan, indonez tilida „lebaran haji“ (soʻzma-soʻz: „Haj lebarani“) iborasi norasmiy ravishda Qurbon hayitini anglatadi. „Lebaran cina“ (soʻzma-soʻz: „xitoy lebarani“) iborasi esa Xitoy Yangi yilini ifodalash uchun ishlatiladi. Ammo Rojdestvo bayrami taomlar moʻlligi jihatidan oʻxshash boʻlsa-da, hech qachon „lebaran“ deb atalmaydi. U odatda „Natal“ yoki „natalan“ nomi bilan yuritiladi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Lebaran soʻzi java tilidan kelib chiqqan boʻlib, Indoneziyalik musulmon olimi Umar Khayamga koʻra, lebaran anʼanasi XV asrda java madaniyati bilan islom dini oʻrtasidagi madaniy uygʻunlashuv (akkulturatsiya) natijasida shakllangan. Java rivoyatlariga koʻra, Idul Fitri munosabati bilan mahalliy lebaran anʼanasi ilk bor XV asrda Javada faoliyat yuritgan Tubanlik Wali Songo aʼzolaridan biri – Sunan Bonang tomonidan yoʻlga qoʻyilgan[2]. U musulmonlarni Ramazon roʻzasini mukammal ado etish uchun bir-biridan kechirim soʻrash va boshqalarning xatolarini afv etishga chaqirgan. Hayit kunida oʻzaro kechirim soʻrash va kechirish anʼanasi indoneziyalik musulmonlar orasida oʻziga xos xususiyat hisoblanadi. Bu odat Yaqin Sharq, Hind yarimoroli yoki boshqa hududlardagi musulmonlar orasida keng tarqalmagan. Dunyoning koʻplab musulmonlari odatda faqat Eid Mubarak („qutlugʻ hayit“) iborasini aytish bilan cheklanadi.
Lebaranga xos yana bir mahalliy anʼana – sungkem marosimidir. Bu java anʼanasi boʻlib, ota-ona, buvi-bobo va yoshi ulugʻlardan duo va kechirim soʻrashni anglatadi. Ota-onalar kursida oʻtiradi, bolalar va yoshlar esa egilib, burun uchini ota-onaning tizzasiga qoʻyilgan qoʻllariga tekkizadi. Bu kamtarlik, sadoqat va kattalarga hurmat ifodasidir[3]. Yana bir muhim anʼana ketupat isteʼmol qilishdir. Lebaran paytida ketupat tayyorlash va uni isteʼmol qilish anʼanasi Javada islomni yoygan Wali Songo aʼzolaridan biri – Sunan Kalijaga tomonidan joriy etilgani aytiladi[4] . Ushbu taom ramziy maʼnoga ega. Java talqiniga koʻra, kupat „ngaku lepat“, yaʼni „xatoni tan olish“ degan maʼnoni bildiradi[2] . Palma barglaridan toʻqilgan oʻram insonning xato va gunohlarini ifodalaydi, ichidagi oq guruchli massa esa Ramazon roʻzasi, ibodat va marosimlardan soʻng poklanish hamda gunohlardan xalos boʻlish ramzi hisoblanadi[4]. Javadan tashqari, Idul Fitri davrida ketupat isteʼmol qilish anʼanasi Indoneziyaning boshqa hududlarida ham uchraydi. U Sumatra, Kalimantan, Sulavesi va Nusa Tenggara orollarida, shuningdek qoʻshni Malayziyada ham keng tarqalgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 Ghazali, Abdul Moqsith „The Mystification of "Mudik Lebaran"“. www.islamlib.com. Jaringan Islam Liberal. 2013-yil 1-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 31-iyul.
- 1 2 Mahfud MD: „Sejarah Lebaran“
- ↑ Ibnu Djarir. „Sejarah Asal Mula Halal Bihalal dan Budaya Sungkem“ (id). Aktual.co (2013-yil 7-avgust). 2013-yil 24-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 9-avgust.
- 1 2 Heriyono. „Idul Fitri, Kenapa Muslim di Indonesia Makan Ketupat?“ (id). Aktual.co (2013-yil 7-avgust). 2013-yil 24-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 9-avgust.