Lata mangeshkar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lata mangeshkar (1929.28.9, Hindiston, Madhya Pradesh shtatining Indour shahri) — hind xonandasi. Sangit Natak akademiyasining faxriy d-ri (1989). Nihoyatda jozibali, maftunkor, mayin va keng diapazonli ovoz sohibasi. L.M. 9 yoshidan katta sahnalarda xonanda sifatida tanilgan. 1941 yilLahor shahrida "Art Pikchers" kinostudiyasi tanlovida gʻolib chiqib, kinofilm qoʻshiqlarini ijro eta boshlagan. Jami 1000 ga yaqin (shu jumladan, "Bayju Bavra", "Barsat", "Tojmahal", "Gang daryosi oqqan mamlakatda", "Daydi", "Janob 420", "Yangi Dehli", "Sangam", "Mening ismim masharaboz" va boshqalar) film qoʻshiqlarini katta mahorat, nozik did bilan ijro etgan. Konsert dasturlaridan hind mumtoz (ishqiy "gʻazal", diniy "bqojon" va boshqalar), oʻzga xalq (urdu, panjob, bengal, tamil, telugu va boshqalar)lar va zamonaviy mualliflar qoʻshiqlari oʻrin olgan. Hindistonning eng oliy — "Padma Bhushan", "Dada Sahib Phalke" davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Jahon boʻylab gastrolda boʻlgan (jumladan, Oʻzbekistonda ham, 1968).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil