Kontent qismiga oʻtish

Lakeisha Patterson

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Lakeisha Patterson

Patterson 2016-yilda
Shaxsiy maʼlumotlari
Jinsi ayol
Taxallusi/Laqabi Lucky
Fuqaroligi Avstraliya bayrogʻi Avstraliya
Tavallud sanasi 1999-yil 5-yanvar
Wondonga, Victoria, Avstraliya
Sport
Qaysi sport para suzish
Klubi USC Spartans
Murabbiy(lar)i Casey Atkins

Lakeisha Dawn Patterson (1999-yil 5 yanvarda tugʻilgan) – avstraliyalik para suzuvchi. 2014-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlari va 2015-yilgi IPC suzish boʻyicha jahon chempionatida bir nechta medallarni qoʻlga kiritgan. 2016-yilgi Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan Paralimpiya oʼyinlarida ayollar oʻrtasida S8 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida jahon rekordini oʼrnatgan va Avstraliya terma jamoasi hisobiga musobaqadagi birinchi oltin medalni yozib qoʼygan. 2020-yilgi Tokio Paralimpiyasida ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2024-yilgi Parij Paralimpiyasida esa S9 toifasida ayollar oʻrtasida 400 metrga erkin uslub suzish bahsida kumush medalga sazovor boʻlgan.

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Patterson 1999-yil 5-yanvar kuni Avstraliyaning Victoriya shtatidagi Wodonga shahrida tugʻilgan[1]. Unga erta boshlanadigan Parkinson kasalligi, epilepsiya va chap tomonlama falajlik shaklidagi serebral falajlik tashxisi qoʼyilgan[2][3]. 2020-yilda Patterson Queensland universitetining Kommunikatsiya (raqamli media) yoʻnalishi boʻyicha oʼqishni boshlagan.

Sportchi Queensland shtatining Caboolture shahrida istiqomat qiladi.

Patterson 3 yoshida mushaklardagi qattiqlikni yengish maqsadida reabilitatsiya jarayonining bir qismi sifatida suzishni boshlagan[4]. Sportchi suzish musobaqalarida S9 toifasida ishtirok etadi. Dastlab u Southern Cross suzish klubida (Skaboro) Steve Hadler, shuningdek, Bribie Island suv sporti markazida Suellyn Fraser qoʻl ostida mashgʻulot olib borgan[4].

Patterson Rio Paralimpiyasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida gʻolib chiqqanidan soʻng

2014-yilda Shotlandiyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida u ayollar oʻrtasida S8 toifasida 100 metrga erkin uslubda suzish bahsida bronza medalini qoʻlga kiritgan[2]. 2015-yilda Glazgo shahrida oʻtkazilgan IPC suzish boʻyicha jahon chempionatida u ayollar oʻrtasida 34 ochko toifasida 4 × 100 metrga erkin uslubda estafeta suzish bahslarida oltin medal, S8 toifasida 50 metrga erkin uslubda va 34 ochko toifalarida 4 × 100 metrga kompleks estafeta suzish bahsida kumush medallarni, S8 toifasida 100 metrga erkin uslubda va S8 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahslarida esa bronza medallarni qoʻlga kiritgan[5][6][7]. Shuningdek, ayollar oʻrtasida S8 toifasida 100 metrga chalqancha suzish bahsida 5-oʻrinni egallagan[8].

2016-yil aprel oyida Patterson Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtkazilgan Yozgi Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etuvchi milliy terma jamoaga tanlab olingan[9]. U Rio Paralimpiyasida Avstraliya terma jamoasiga birinchi oltin medalni olib kelgan. Sportchi musobaqada ayollar oʻrtasida S8 toifasida 400 metrga erkin uslub suzish bahsida gʼoliblikni qoʼlga kiritgan. Bu musobaqada u 4:40.33 natija bilan jahon rekordi, Paralimpiya rekordi va Okeaniya rekordini yangilagan, masofani avvalgi jahon rekordidan 0,11 soniyaga tezroq suzib oʼtgan. Ushbu rekordni undan avval sportchining uzoq yillik kumiri amerikalik Jessica Long oʻrnatgan edi, ushbu musobaqada Long ikkinchi oʻrinni egallagan[10][11]. Shuningdek, Patterson ayollar oʻrtasida 34 ochko tasnifi boʼyicha 4 × 100 metrga erkin uslubda estafeta suzish bahsida jamoasi bilan birgalikda oltin medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, S8 toifasida 50 va 100 metrga erkin uslubda hamda 34 ochko toifasida 4 × 100 metrga kompleks estafeta bahslarida 3 ta kumush medalga ega chiqqan[12].

Rio-2016 musobaqalaridagi ishtiroki haqida oʻz fikrini bildirar ekan, Patterson shunday degan: „Agar kimdir bir yil oldin menga shu yerda boʻlasan desa, men buni hazil deb oʻylagan boʻlardim“[13], ammo Jessica Long ustidan gʻalaba qozonib, oʻzining ilk oltin medalini qoʻlga kiritgach, u shunday deydi: „Men hujum qilishim, startni kuchli boshlashim va oxirigacha kurashishim kerakligini bilar edim, u orqamda ekanini ham bilar edim, shuning uchun faqat oldinga intildim“[14].

2019-yilda Londonda boʻlib oʻtgan para suzish boʼyicha jahon chempionatida Patterson ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida oltin medalni qoʻlga kiritgan, qolgan 3 ta bahsda esa medalga ega chiqmagan[15].

2020-yilgi Tokio Paralimpiyasida sportchi faqatgina bitta yoʼnalishda, ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida ishtirok etgan va 4:36.68 natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritgan. Bu natija bilan u Rio-2016 oʼyinlaridagi yutugʻini yana bir bor takrorlagan, faqat bu safar S9 toifasida ishtirok etgan, chunki nisbatan kamroq jismoniy cheklovga ega boʼlgan sportchilar uchun moʻljallangan S9 toifasiga qayta tasniflangan edi[16].

2022-yil Angliyaning Birmingem shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida sportchi ayollar oʻrtasida SM10 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahsida 5-oʻrinni egallagan[17][18]. 2023-yilda Angliyaning Manchester shahrida oʻtkazilgan para suzish boʼyicha jahon chempionatida u ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida oltin medalni qoʻlga kiritgan.

2024-yilgi Parij Paralimpiyasida Patterson ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida kumush medalga sazovor boʻlgan, S9 toifasida 100 metrga erkin uslubda suzish bahsida toʻqqizinchi, SM9 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahsida esa yettinchi oʻrinni egallagan[19].

2015-yilda Sunshine Coast universiteti Paralimpik tayyorgarlik markazida unga Jan Cameron murabbiylik qilgan[1]. 2016-yil boshida u murabbiy Harley Connolly bilan ishlay boshlagan[20]. 2024-yildan esa sportchi USC Spartans jamoasida murabbiy Casey Atkins qoʻl ostida mashgʻulot olib bormoqda[21].

  1. 1,0 1,1 „Lakeisha Patterson“. Swimming Australia website. 2015-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 17-iyul.
  2. 2,0 2,1 „Lakeisha Patterson'“. 2014 Commonwealth Games website. 2021-yil 26-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 17-iyul.
  3. „Story Of The Month: Lakeisha Patterson“. Future State Greats. 2016-yil 29-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 17-iyul.
  4. 4,0 4,1 „Lakeisha Patterson makes a splash with medal haul“. Caboulture News (2013-yil 1-aprel). 2013-yil 11-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 17-iyul.
  5. „Six golds and one world record for Ukraine at Glasgow 2015“. International Paralympic Committee News, 16 July 2015. Qaraldi: 2015-yil 16-iyul.
  6. „Aussies unite for a nail biting bronze medal win in the men's relay“. Swimming Australia News, 18 July 2015. 2015-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 18-iyul.
  7. „Seven golds in seven days for Dias at Glasgow 2015“. International Paralympic Committee News, 19 July 2015. Qaraldi: 2015-yil 19-iyul.
  8. „Lakeisha Patterson results“. Glasgow 2015 IPC Swimming World Championships. Qaraldi: 2015-yil 21-iyul.
  9. „Swimming Australia Paralympic Squad Announcement“. Swimming Australia News, 13 April 2016. 2016-yil 13-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 14-aprel.
  10. „Lakeisha Patterson 2016 Paralympic results“. Rio-2016 Schedule & Results, Results – Women's 400m Freestyle – S8 Final. Qaraldi: 2016-yil 8-sentyabr.
  11. „Lakeisha Patterson claims Australia's first gold medal of Rio Paralympics“. The Guardian (2016-yil 9-sentyabr). Qaraldi: 2016-yil 9-sentyabr.
  12. „Lakeisha Patterson“. Rio Paralympics Official site. 2016-yil 22-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 11-sentyabr.
  13. Spits. „io Paralympics: Swimmer Lakeisha Patterson wins Australia's first gold medal“. SMH Sport. Sydney Morning Herald (2016-yil 9-sentyabr). Qaraldi: 2016-yil 22-oktyabr.
  14. „Rio 2016 Paralympics: Lakeisha Patterson wins gold in world record time, Powell takes silver“. ABC News (2016-yil 8-sentyabr). Qaraldi: 2016-yil 22-oktyabr.
  15. „Lakeisha Patterson“. 2019 World Para Swimming Championships Results. Qaraldi: 2019-yil 14-sentyabr.
  16. „Lakeisha Patterson Results“. Tokyo Paralympics Official Results. 2021-yil 25-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 25-avgust.
  17. „Cole, Patterson And Levy Amongst Stars Of The Pool Ready To Splash And Dash In Birmingham“. Commonwealth Games Australia (2022-yil 5-may). Qaraldi: 2022-yil 6-may.
  18. „2022 Commonwealth Games Results“. Commonwealth Games Australia (2020-yil 16-iyun). Qaraldi: 2022-yil 15-avgust.
  19. „Paralympics Australia Names Swimming Team For Paris 2024 Games“. Paralympics Australia (2024-yil 14-iyun). Qaraldi: 2024-yil 15-iyun.
  20. Grams, Jacob. „Olympics and Paralympics beckon for Moreton products Taylor McKeown, Lakeisha Patterson, Brenden Hall and Blake Cochrane“. Caboolture Shire Herald (2016-yil 17-aprel). Qaraldi: 2016-yil 9-sentyabr.
  21. „2024 Australian Championships - Queenslandresults“. Queensland Swimming. Qaraldi: 2024-yil 15-iyun.