Kuyovqoʻrgʻon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kuyovqo'rg'ondan yoʻnaltirildi)

Kuyovqoʻrgʻon — ilk oʻrta asrlarga oid badavlat dehqon qoʻrgʻoni (milodiy 5-asr). Yodgorlik Termizdan 26 km shim.da, Angor tumanida, Zartepadan 300 m sharqda joylashgan. K. 1977-yil Arxeologiya institutining Baqtriya ekspeditsiyasi tomonidan toʻliq ochib oʻrganilgan (Pi-dayev Sh. P.). Qoʻrgʻon 2 qanatli bino boʻlib, kvadrat shakldagi (20x18) pax-sa koʻtarma (platforma) ustiga qurilgan. Binoning ikkala qanatida 5—6 tadan xona mavjud. Bu yerda mehmonxona, yotoqxona va xoʻjalik xonalari boʻlgan. Xoʻjalik xonalari uzun yoʻlaksimon shaklda boʻlib (12,6x2,4 m), ularning tomi ravoqsimon qilib xom gʻishtlardan terib chiqilgan. Qolgan xonalar yassi qilib yopilgan. Bino darvozasi qoʻrgʻonning shim. tomonida joylashgan. K. tarixida 2 meʼmoriy bosqich qayd qilingan. 2-bosqichda bino xonalari tuzilishiga ayrim oʻzgartirishlar kiritilgan. Qurilish materiallari sifatida toʻgʻri toʻrtburchak shakldagi xom gʻishtlardan foydalanilgan. Qoʻrgʻonni oʻrganish davomida turli shakldagi sopol idishlar va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlari topilgan. Togʻ tizmalar orasida loyganchdan ishlangan monumental haykallar alohida oʻrin egallaydi. Haykallarda oqsuyak ayol va erkaklarning obrazlari aks ettirilgan. Haykallarning har biri oʻziga xos koʻrinishga ega. Haykaltarosh yaratilayotgan obrazlarga joʻshqin hayotiylik baxshida etgan. Har bir obraz oʻzining badiiy barkamolligi bilan ajralib turadi. Haykallarda kushon davri haykaltaroshligining anʼanalari oʻz ifodasini topgan. Haykallar qoʻrgʻonning 2-qavatida joylashgan mehmonxonaning 3 devorini bezatib turgan. 4-devor rangli surat bilan naqshlangan. K. haykallari Oʻrta Osiyodagi ilk asrlarga oid hayotiy obrazlarni oʻzida mujassamlashtirgan yagona haykaltaroshlik namunasidir. Haykallar ilk oʻrta asrlardagi Toharistonning boy va yuqori rivojlangan moddiy va maʼnaviy madaniyatidan dalolat beradi. K. ilk oʻrta asrlarga xos boʻlgan qoʻrgʻon meʼmorligining dastlabki koʻrinishidir. Qoʻrgʻon oʻzining ilgʻor meʼmoriy yechimlari bilan ajralib turadi.

Shokirjon Pidayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil