Aleksey Kozlovskiy

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kozlovskiy Aleksey Fyodorovichdan yoʻnaltirildi)
Aleksey Kozlovskiy
Umumiy maʼlumot
Tavalludi 15-oktyabr 1905-yil
Vafoti 3-yanvar 1977-yil(1977-01-03)
(71 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston SSR
Kasbi bastakor, dirijor, pedagog
Turmush oʻrtogʻi Galina Longinovna Kozlovskaya
Janr oʻzbek milliy musiqasi
anʼanaviy musiqa
Mukofotlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1944)
Oʻzbekiston xalq artisti (1955)

Aleksey Fyodorovich Kozlovskiy (ruscha: Алексе́й Фёдорович Козло́вский) (15-oktyabr 1905-yil, Kiyev — 3-yanvar 1977-yil, Toshkent) — bastakor, dirijor, pedagog. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1944), Oʻzbekiston xalq artisti (1955), professor (1958). Kozlovskiy Oʻzbek va qoraqalpoq milliy kuylarini toʻplagan, oʻz asarlarida Yevropa musiqa anʼanalari bilan oʻzbek milliy ohanglardan foydalangan: „Kompozitorlik mahorati oʻzbek kuylarini teran badiiy ifoda vositalari bilan uygʻunlashtirishda, yetuk opera, balet, simfonik asarlarida Yevropa va Sharq musiqa xususiyatlarini uzviy bogʻlashida namoyon boʻlgan“.[1]

Kozlosvkiyning eng taniqli asari „Ulugʻbek“ operasidir (1942, yangi tahriri — 1958). „Ulugʻbek“ operasining sahnalashtirilishi Oʻzbekiston SSR musiqa tarixida yirik voqea boʻlgan.[2] Shuningdek, u „Tanavor“ baleti (1971), „Davron ota“ (T. Sodiqov bilan, 1941), „Sherali“ (Sergey Vasilenko va Muxtor Ashrafiy bilan, 1942) musiqali dramalari, „Lola“ simfonik syuitasi (1937), vokal-simfonik, kamer-cholgʻu asarlar, oʻzbek xalq cholgʻulari uchun asarlar, qator spektakllarga, „Tohir va Zuhra“ (1945), „Xoʻja Nasriddin“ („Nasriddinning sarguzashtlari“) (1946) badiiy filmlariga musiqalar yozgan. Bundan tashqari, Kozlovskiy Halima Nosirova ijrosida xalq ashulalarini yozib olib, simfonik orkestr uchun qayta ishlagan.

Hayoti va ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aleksey Fyodorovich Kozlovskiy 1905-yil 15-oktyabrda Kiyevda tugʻilgan. 12 yoshida Kiyevdagi milliy konservatoriyada Boleslav Yavorskiydan pianino va bastalash darslarini olgan. Yavorskiy 1919-yil Moskvaga koʻchib ketgan. 1921-yil (ayrim manbalarda 1923-yil) Kozlovskiy ham uning izidan Moskvaga borgan. 1931-yil Moskva konservatoriyasini tugatgan. Konservatoriyada Nikolay Myaskovskiydan kompozitsiya, Sergey Vasilenkodan instrumentovka, Aleksandr Xessindan dirijorlik, Nikolay Jilyayevdan kontrapunkt boʻyicha saboq olgan. Diplom ishi — simfonik orkestr uchun „Qahramonona uvertyura“ (ruscha: Героическая увертюра).

Konservatoriyani tamomlaganidan keyin, 1931-33-yillarda Stanislavskiy nomidagi opera teatrida dirijorlik qilgan. Avangard teatr postanovkalari uchun musiqa bastalay boshalgan. Iosif Stalin rahbarligidagi Katta terror boshlanganidan keyin, uning hamkasblari va doʻstlari birma-bir qoʻlga olingan yoki yoʻqola boshlagan. 1936-yil Kozlovskiyni KGBning Lubyankadagi qarorgohida soʻroq qilishgan. Ammo tergovchilar doʻq-poʻpisalariga qaramasdan, Kozlovskiy hech qanday qogʻozni imzolamagan, hech kim ustidan shikoyat qilmagan. Kozlovskiyning ishini koʻrib chiqqan troyka uni zodagon oʻtmishga egalikda hamda mavjud tuzumga yovuz munosabatda boʻlishda ayblab, Toshkentga uch yilga surgun qilgan va kelajakda Sovet Ittifoqining olti eng muhim shahrida yashashni man etgan.[3] Shu sabab bastakor 1936-yildan Toshkentda yashay boshlagan. Sovet manbalarida ham, mustaqil Oʻzbekistonda chop etilgan manbalarda ham Kozlovskiy Toshkentga shunchaki „taqdir taqozosi“ bilan kelgan, deb yozilgan.[2]

Kozlovskiylar Toshkentga ilk marotaba kelishganida Eski shaharda yashashgan. U yerda Kozlovskiy dutor chalishni bilgan qoʻshni qizlardan oʻzbek xalq ashulalari va kiylarini oʻrgangan. Shuningdek, choyxonalardagi sozandalardan, dorbozlar musiqachilaridan va boshqa ijrochilardan oʻzbek milliy kuy va ashulalarini oʻrganib, qayd eta boshlagan.

Kozlovskiy 1938-41-yillarda Oʻzbek davlat musiqali (keyinchalik Oʻzbek opera va balet) teatrida dirijorlik qilgan. 1949—63-yillarda Oʻzbek davlat filarmoniyasi simfonik orkestrining badiiy rahbari va bosh dirijori lavozimida ishlagan. 1943-yildan (ayrim manbalarda 1944-yildan) Toshkent konservatoriyasida oʻqituvchilik qila boshlagan. 1957-yildan konservatoriyada kompozitsiya va dirijorlik professori. 1949—54-va 1962—72-yillarda kompozitsiya kafedrasi, 1972-79-yillarda esa instrumentovka kafedrasi mudiri boʻlib ishlagan.

Kozlovskiy Halima Nosirova ijrosida xalq ashulalaridan „Figʻon“, „Gul yuz oʻzra“, „Oʻzgancha“ va „Tanavor“ni yozib olib, ularni ayni shu xonanda ovozi va simfonik orkestr uchun „nihoyatda yuqori badiiy saviyada“ qayta ishlagan.[1] „Ulugʻbek“ operasi (1942, yangi tahriri — 1958), „Tanavor“ baleti (1971), „Davron ota“ (T. Sodiqov bilan, 1941), „Sherali“ (Sergey Vasilenko va Muxtor Ashrafiy bilan, 1942) musiqali dramalari, „Lola“ simfonik syuitasi (1937), vokal-simfonik, kamer-cholgʻu asarlar, oʻzbek xalq cholgʻulari uchun asarlar, qator spektakllarga, „Tohir va Zuhra“ (1945), „Xoʻja Nasriddin“ („Nasriddinning sarguzashtlari“) (1946) badiiy filmlariga musiqalar yozgan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Kozlovskiy Moskva va Leningraddan evakuatsiya qilingan koʻplab rassom va musiqachilar, shu jumladan Faina Ranevskaya, Maksimilian Shteinber bilan doʻstlashgan. Kozlovskiy, shuningdek, Toshkentda Anna Axmatova bilan tanishgan, u bilan umirining oxirigacha ijodiy va doʻstona aloqada boʻlgan. Bastakor Axmatova sheʼrlariga bir nechta romans yozgan. Axmatova esa Kozlovskiyga „Oy chiqishi“ (ruscha: Явление луны) sheʼrini (1944) bagʻishlagan.

Kozlovskiy 1977-yil 3-yanvarda 71 yoshda vafot etdi. Toshkentdagi Botkin qabristoniga qoʻyilgan. Kozlovskiyning arxivi Moskvadagi Rossiya milliy musiqa muzeyiga topshirilgan.

Kozlovskiy turmish oʻrtogʻi Galina Kozlovskaya bilan ijodiy hamkorlik qilgan. Kozlovskiylarning farzandi boʻlmagan. Kozlovskaya 1990-yil — vafotidan bir yil oldin turmush oʻrtogʻi hayoti haqida „Bir ajoyib hayotning kunlari va yillari: bastakor Aleksey Kozlovskiy xotiralari“ (ruscha: Дни и годы одной прекрасной жизни: Воспоминания о композиторе Алексее Козловском) memuarini yozib tugatgan.[3] Asar 2015-yil „Shahrizoda. Ming bir xotira“ (ruscha: Шахерезада. Тысяча и одно воспоминание) nomi bilan Moskvada nashr etildi.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Operalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Hamza Hakimzoda Niyoziy“ (ruscha: Хамза Хаким-заде Ниязи) (tugallanmagan, 1938);
  • „Ulugʻbek“ (ruscha: Улугбек) (Toshkent, 1942, 1958-yil qayta ishlangan);
  • „Ona“ (ruscha: Мать) (tugallanmagan, 1942);
  • „Bektoshning jasorati“ (ruscha: Подвиг Бекташа) (1943);
  • „Kamonchi Afdal“ (ruscha: Афдаль-лучник) (1947);

Operettalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Doʻstona togʻ“ (ruscha: Дружная горка) (Москва, 1928);

Musiqiy dramalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baletlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Oktyabrga shon-sharaf“ (ruscha: Слава Октябрю) (Toshkent, 1950);
  • „Tanovar“ (ruscha: Тановар) (Toshkent, 1971);

Poemalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Qizil kazaklar“ (ruscha: Красные казаки) (1939);
  • „Vatan himoyasiga“ (ruscha: На защиту Родины) (soʻzini oʻzi yozgan, 1941);
  • „Jaloliddin“ oratoriyasi (ruscha: Джелал-Эддин) (Chustiy sheʼri, Boris Arapov bilan birga, 1944);
  • „Oqillarga nasihat“ kantatasi (ruscha: Наставление мудрым) (Alisher Navoiy sheʼri, 1948);
  • „Tanovar“ (ruscha: Тановар), „Fugon“ (ruscha: Фугон), „Oʻzgancha“ (ruscha: Узганча), „Gulyuz uzra“ (ruscha: Гюльюз узра) (1938);
  • „Tekenolish“ (ruscha: Текенолиш) (1956);
  • „Nigorim“ (ruscha: Нигорим) (1956);
  • „Mertsul“ (ruscha: Мертсуль) (1962);
  • „Skerso“ (ruscha: Скерцо) (1921);
  • „Katta qahramonlik uverturasi“ (ruscha: Большая героическая увертюра) (1921);
  • „Katta uvertura“ (ruscha: Большая увертюра) (1921);
  • I (xoreografik, 1934);
  • II (1935);
  • „Tanovar“ (ruscha: Тановар) (1951);
  • „Ayniyni oʻqib“ (ruscha: По прочтении Айни) (1952);
  • „Doston“ (ruscha: Дастан) (1954);
  • „Hindcha poema“ (ruscha: Индийская поэма) (1955);
  • „Bayramchilik“ (ruscha: Празднества) (1964);
  • „Poxod marshi“ (ruscha: Походный марш) (1935);
  • „Sauti Sarvinoz“ (ruscha: Саути Сарвиноз) (1958);
  • „Shevchenko xotirasiga kantata“ (ruscha: Кантата памяти Шевченко) (слова Т. Шевченко, 1921);

Syuitalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Kolxozda“ (ruscha: В колхозе) (1931);
  • „Lola“ (ruscha: Лола) (1937);
  • „Fargʻonacha“ (ruscha: Ферганская) (1937);
  • „Togʻli“ („Soʻqmoqlar va yoʻllar boʻylab“) (ruscha: Горная (По тропам и дорогам)), 1948);
  • „Oʻzbek raqs“ (ruscha: Узбекская танцевальная) (1954);
  • „Simfonik raqs“ (ruscha: Симфонический танец) (1938).

Kino uchun musiqa[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • 1945 — „Tohir va Zurha“ (ruscha: Тахир и Зухра)
  • 1946 — „Xoʻja Nasriddin“ („Nasriddinning sarguzashtlari“) (ruscha: Похождения Насреддина)
  • 1947 — „Uyqusiz yoʻl“ (ruscha: Дорога без сна)
  • 1948 — „Fargʻona qizi“ (ruscha: Дочь Ферганы)

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kozlovskiy 1944-yil Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unovoniga sazovor boʻlgan. 1955-yil esa unga Oʻzbekiston SSRdagi eng oliy mukofot — Oʻzbekiston xalq artisti unvoni berilgan. 1959-yil Lenin ordeni bilan taqdirlangan. 1973-yil esa Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2015-yilning 15-oktyabrida Toshkentda Rossiya fan va madaniyat markazida Kozlovskiy tavalludining 110 yilligiga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi.[4]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 "Kozlovkiy, Aleksey Fyodorovich". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. 2006. 
  2. 2,0 2,1 Toshmatov, Ergash. Dirijorlik. Xalq ijodiyoti bakalavriat ta’lim yoʻnalishi talabalari uchun darslik. Toshkent: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008 — 172-198 bet. ISBN 9789943319608. 
  3. 3,0 3,1 Levin, Theodore. The Hundred Thousand Fools of God, The: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York), 2-nashr (inglizcha), Bloomington: Indiana University Press, 1999 — 14-22 bet. ISBN 025321310X. 
  4. „"Ладонью не заслонить солнца": 110 –летие А.Ф. Козловского отметили в Ташкенте“ (ruscha). Kultura (2015-yil 16-oktyabr). Qaraldi: 2019-yil 17-noyabr.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (8 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 26-iyun, 2022-yil(2022-06-26) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.