Korguz
ᠺᠥᠷᠭᠦᠽ | |
| Xuroson dorugʻachisi | |
|---|---|
|
Mansab davri 1236 – 1242 | |
| Oʻtmishdoshi | Jin Temur |
| Vorisi | Argʻun Aqa |
| Vazir |
Sharafiddin Xorazmiy Asil Rugʻatiy |
| Sohibi devon | Bahouddin Juvayniy |
| Shaxsiy maʼlumotlari | |
| Tavalludi | Barlugʻ, Beshbaliq, Qocho |
| Vafoti |
1242 Qoraqurum, Moʻgʻullar imperiyasi |
Korguz ((1242-yilda vafot etgan) yoki Körgüz) uyg‘ur boʻlib, Moʻgʻullar imperiyasi hukmdori Oʻqtoy hukmronligi davrida Xuroson hokimi boʻlgan[1].
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xitoyning Shinjon hududidagi Beshbaliqdan taxminan 4 parasang uzoqlikda joylashgan Barlugʻ nomli qishloqda tugʻilgan[2]. Uygʻur[3] va ehtimol nestoriy nasroniy boʻlgan[4]. Chunki ismining xitoycha shakli Kuolojisi (xitoycha: 阔里吉思) asosan nasroniy ismi Georgening transkripsiyasi hisoblanadi va qishlogʻida cherkov mavjud boʻlgan[2]. Biroq, Juvayniyga koʻra, buddist boʻlgan[4]. Yoshligida otasidan ayrilganidan soʻng, levirat nikohi urfiga binoan oʻgay onasiga uylanishni soʻrab, Idiqutga murojaat qilgan. Biroq, keyinchalik uni uylantirmoqchi boʻlgan boshqa bir shaxsdan yer uchastkasi evaziga bu niyatidan voz kechgan. Uygʻur yozuvini mustaqil ravishda oʻrgangan, ammo yetim boʻlgani va hokimiyatdagi shaxslar bilan qarindoshlik aloqasi yoʻqligi sababli ijtimoiy mavqe pogʻonalaridan koʻtarila olmagan. Keyinchalik ish izlab Joʻjining oʻrdasiga yoʻl olgan va buning uchun oʻz amakivachchasi Besh Qulachni ot evaziga garovga qoʻygan[2].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Faoliyatini Joʻjining qoʻmondonlaridan biriga choʻponlik qilishdan boshlagan. Keyinchalik kutilmaganda Joʻjining bitikchisi (kotibi) darajasiga koʻtarilgan. Rivoyat qilinishicha, shahzoda Chingizxondan farmon olgan paytda hujjatni oʻqiy oladigan hech kim topilmagach, Korguz oldinga chiqib, farmonni oʻqib bergan. Shundan soʻng Joʻjining farzandlariga ustoz etib tayinlangan[2]. 1233-yilda Urganchga dorugʻachi etib tayinlangan Jin Temur huzuriga Joʻji manfaatlarini ifodalash uchun yuborilgan. Yangi tashkil etilgan Xuroson hududi keyinchalik butun Eronni qamrab oladigan darajada kengaydi. Oʻsha davrdagi boshqa bitikchilar qatoriga Kül Bolad (Oʻqtoyning vakili), Nosal (Botuning vakili), Qizil Buqa (Chigʻatoyning vakili) va Yeke (Sorgʻagʻtani Bekining vakili) kirgan[5]. Yana bir hamkori vazir Sharafiddin Xorazmiy boʻlib, turkiy bitikchi edi[3]. Keyinchalik Bahouddin Juvayniy (Ata Malik va Shamsuddin Juvayniyning otasi) bilan birga Oʻqtoy saroyiga vakil qilib yuborildi. Elchilar Xurosonga qaytgan paytda esa Jin Temur vafot etgan edi.
1235/36-yilda Jin Temurning vorisini tayinlash masalasida moʻgʻul shahzodalari oʻrtasida kurash boshlandi. Lavozim uchun asosiy nomzodlar Jin Temurning oʻgʻli Edgü Temür hamda Körgüz edi[4]. Bu orada vaqtinchalik boshqaruvni Botuning vakili Nosal amalga oshirdi. Nosal oʻsha paytda yuz yoshdan oshgan edi. Körgüz esa turli shahzodalar bilan aloqaga chiqib, ularning qoʻllab-quvvatlashiga erishishga harakat qildi[6]. Oxir-oqibat Körgüz kurashda gʻolib chiqdi. Chunki Chinqay hamda Oʻqtoyning qoʻlloviga sazovor boʻldi[4][7]. Tajribali maʼmur boʻlgan Korguz hududda moliyaviy tizimni isloh qildi, aholini roʻyxatga oldi va bu jarayonda fors amaldorlari bilan hamkorlik qildi. Anʼanaviy qarash tarafdorlari guruhiga Kül Bolat va Nosal boshchilik qilayotgan edi. Körgüzni qoʻllab-quvvatlovchilar qatoriga Bahouddin Juvayniy hamda mahalliy hukmdorlar Isfarayinlik Nizomiddin, obivardlik Ixtiyoriddin, bistomlik Amid ul-Mulk Sharafiddin va boshqalar kirgan.
Keyinchalik Donishmand Hajib Edgü Temürning tashabbusi bilan Körgüz ustidan rasmiy tergov boshladi. Tergov guruhiga moʻgʻul amaldorlari Argʻun Aqa, Shamsiddin Kamargar va Qurbaqa Elchi kiritildi. Körgüz esa oʻz elchilarini xon saroyiga yuborgan edi. Biroq, elchi Banokatda Edgü Temür tarafdorlari tomonidan qoʻlga olinib, kaltaklandi. Xon keyinchalik Körgüzning elchisini ortga qaytarib, uning kaltaklanganidan gʻazablanganini bildirdi va barcha bitikchilarni saroyga chaqirdi. Yoʻl davomida Kül Bolad Buxoroda hashshoshiylar tomonidan oʻldirildi[8]. Oʻqtoy avval raqib tomonlarni yarashtirishga urinib koʻrdi. Biroq, keyinchalik Edgü Temürni aybdor deb topdi[4].
Hukm chiqarilgach, Körgüz 1239-yil noyabr–dekabr oylarida Tusdagi qarorgohiga qaytdi. U yerda shaharni qayta qurish, infratuzilmani yaxshilash va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan rivojlantirish dasturini boshladi. Shuningdek, oʻz oʻgʻillarini Chormaqan yaqinda zabt etgan, biroq uning hokimiyatini tan olmagan hududlarga soliq yigʻuvchilar vazifasini bajarish uchun yubordi.
Qulashi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sobiq hamkori Sharafiddinni lavozimidan chetlatib, vazirlikni Asil ismli misgarga topshirgach, Körgüz saroydagi anʼanaparast guruhning gʻazabiga uchradi. Qoraqurumga yoʻl olayotganida Oʻqtoyning vafoti haqida xabar oldi. Yoʻl davomida Chigʻatoy amirlaridan biri bilan qurultoy masalasida tortishib qoldi. Natijada chigʻatoyzodalar qoʻllab-quvvatlagan yangi muvaqqat podsho Töregene xotun Körgüzni hibsga olish haqida farmon chiqardi. Körgüz Tusda oʻzini mudofaa qilgan boʻlsa-da, oxir-oqibat shahar darvozalarini ochib, oʻzini isyonchi emasligini eʼlon qildi. Sobiq dushmani Nosalning oʻgʻli Tubaday tomonidan qoʻlga olinib, Chigʻatoy saroyiga yuborildi. Saroy esa ishni Töregene hukmiga havola qildi. Bu orada Körgüzning sobiq homiylari, jumladan Chinqay, Töregene hokimiyatga kelgach, saroydan chetga chiqib ketgan edilar. Shu bois uni himoya qiladigan hech kim yoʻq edi. Oxir-oqibat Töregene Fotimaning tavsiyasi bilan Kara-xulaguga topshirdi. Fotima Sharafiddinning homiysi edi. Kara-xulagu Korguz ogʻziga omma oldida tosh tiqdirib, boʻgʻilib oʻlishiga sabab boʻldi[9]. Uning oʻrniga sobiq noib Argʻun Aqa tayinlandi. Juvayniyga koʻra, Körgüz umrining oxirida islom dinini qabul qilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Genghis Khan: his life and legacy; by Paul Ratchnevsky, Thomas Nivison Haining, pg. 204
- 1 2 3 4 Juvayni 1958, s. 489.
- 1 2 Arjomand, Saïd Amir (2019), [ „Ten / The Mongolian Integrative Revolution in Eurasia“], Revolution, University of Chicago Press, 269–310-bet, doi:10.7208/chicago/9780226026848.003.0011, ISBN 978-0-226-02683-1, qaraldi: 2024-01-21
{{citation}}: Check|url=value (yordam) - 1 2 3 4 5 In the service of the Khan: eminent personalities of the early Mongol-Yüan period (1200 - 1300), Nachdruck, Wiesbaden: Harrassowitz, 1993 — 102-104-bet. ISBN 978-3-447-03339-8.
- ↑ Juvayni 1958, s. 483.
- ↑ Juvayni 1958, s. 488.
- ↑ Buell, Paul D. (1994-01-01). Kaplan, Edward H.. ed. [ "Chinqai - Architect of Mongolian Empire"]. East Asian Studies Press Studies on East Asia, Volume 19: 168-186. doi:10.25710/rv6j-wk45. .
- ↑ Juvayni 1958, s. 496.
- ↑ The Secret History of the Mongol Queens, by Jack Weatherford, pg. 96
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Juvayni, Ata Malik. The History of the World-Conqueror. Harvard University Press, 1958.