Konʼyunktivit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Konʼyunktivit — konʼyunktivaning yalligʻlanishi. Asosan, infeksiya (streptokokk, pnevmokokk va boshqalar), fizik va kimyoviy moddalar tushishi (mas, qovoklarni hadeb boʻyash — ekzogen omil), umumiy infeksion kasalliklar (qizamiq, skarlatina, allergik yoki meʼda-ichak yoʻli kasalliklari — endogen omil), shuningdek, alkogolizm va boshqa sabab boʻladi.

Oʻtkir va surunkali K. farq qilinadi. Oʻ t k i r K. kelib chiqishiga koʻra infeksion boʻlib, odatda, toʻsatdan boshlanadi. Koʻpincha, ikkala koʻz baravar sanchib ogʻriydi, achishadi, yosh oqadi, qovoq shishadi, ogʻirlashib, yumilib qoladi, bemor yoruqqa qaray olmaydi (qarang Yoruqqa qaray olmaslik); koʻzdan yiring oqa boshlaydi, koʻz yorigʻi torayadi, koʻrish izdan chiqadi va h.k. Baʼzan K. alomatlari roʻyi-rost koʻrinmaydi, grippga oʻxshab kechishi ham mumkin. Koʻpincha mikroblar va viruslar qoʻzgʻatadigan K. yuqumli boʻladi. Shu bois, kasallik alomatlari paydo boʻlganda darhol koʻz vrachiga koʻrinish zarur. Surunkali K. asta-sekin rivojlanadi. Unga turmushda, ish joyida sanitariya-gigiyena sharoitining yomon boʻlishi (chang , tutun, xonaning yaxshi shamollatilmasligi, kimyoviy moddalar hidi), kamqonlik, qandli diabet, moddalar almashinuvining buzilishi, tish, tomoq, burun kasalliklari, koʻzning gipermetropiya yoki astigmatizm tufayli zoʻriqib ishlashi, qovoq va koʻz yoshi yoʻli kasalliklari sabab boʻladi. Bunda bemorning koʻzi achishadi, yosh oqadi, qovogʻi qichishadi, sanchib ogʻriydi, goʻyo koʻziga qum qadalayotgandek boʻladi. K. uzoq choʻziladi, dam bosilib, dam zoʻrayib turadi. Bemor faqat koʻz vrachi buyurgan dorilar bilan davolanishi kerak. K.ning oldini olish uchun shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga qatiy rioya qilish zarur.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil