Koka-kola

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"KOKA-KOLA" (ing . kola kukuni) — yaxna ichimliklar ishlab chiqaradigan jahondagi yirik kompaniya. Markaziy boshqaruv idorasi AQShning Atlanta shahrida. Faoliyatini 1893 yildan boshlagan. Asoschisi shotlandiyalik A.Kendtler (ichimlikni 1886 yilda dorishunos Jon Pamberton Atlanta shahrida ixtiro qilgan). "K.-K." tovar belgisi — konturli shisha idish 1916 yil roʻyxatdan oʻtkazilgan (1977 yil bu idish "K.-K." kompaniyasining tovar belgilaridan biri sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazildi).

1920 yilda "K.-K."ni idishga quyib sotish Yevropada birinchi bor Fransiyada amalga oshirildi. 1923 yilda yagona ishlab chiqarish standartlari, kukunni aralashtirish tartibi, shisha idishlarni joylash qoidalari joriy qilindi va ichimlik boshqa mamlakatlarga eksport qilina boshladi. 1958 yildan "Fanta", 1961 yildan "Sprayt" ichimligi ishlab chiqarildi. 1977 yildan ichimlik 2 l li plastik idishlarda savdoga chiqarildi. 1982 yildan "Diet coke" — shakar oʻrniga shirinligi jihatdan uning oʻrnini bosadigan modda ishlatila boshlandi. 1991 yil "K.-K." Moskva shahrida oʻz vakolatxonasini ochdi.

"K.-K." kompaniyasi 200 xildan ortiq ichimlik, mas, "Fanta" ichimligining 70 xilini (limon, mandarin, greyfrut, kivi, qovun, tarvoʻz, mango va boshqa mevalar taʼmi, hidi bilan), 12 turdagi sharbatlar ishlab chiqaradi. Hozirgi davrda "K.-K." tovar belgisi dunyoda eng mashhur tovar belgilaridan hisoblanadi. "K.-K." dunyodagi 200 dan ortiq mamlakatda sotiladi.

1993 yilning okt. oyida Oʻzbekistonda "Koka-Kola Bottlers — Oʻzbekiston LTD" kompaniyasi tashkil qilindi. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish kuvvatlari Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida, Xorazm viloyatida hamda Fargʻona vodiysida joylashtirilgan. Kompaniya "K.-K." yetkazib bergan ichimlik kukunini (kukun retsepti sir saqlanadi) suvga aralashtirib, gazlashtirish, idishlarga quyish va ulgurji sotish bilan shugʻullanadi. Kompaniya "K.-K.", "Fanta", "Sprayt", "Fiyesta" ichimliklarni ishlab chiqaradi.

"Koka-Kola Bottlers — Oʻzbekiston LTD" kompaniyasida 1600 nafar xodim ishlaydi. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati bir yilda 360 mln. dona 1,5 l li pla-stiklarda ichimliklar ishlab chiqarishni taʼminlaydi.

Sadir Salimov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil