Koʻrakoyoqlilar (sut emizuvchilar)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koʻrakoyoqlilar, koʻrakoyoqli sut emizuvchilar (Pinnipedie) — sut emizuvchilar sinfining bir turkumi. Bu turkumga morj, dengiz arslonlari, kulokli tyulen, tojli tyulen, dengiz quyoni, qoʻngʻir tyulen, xoldor tyulen, asl tyulenlar kiradi. K. suvda yashaydi. Juni qisqa. Oyoqlari suvda suzishga moslashib, koʻrak (eshkak)ka aylangan (nomi ham shundan). K. yerda zoʻrgʻa sudralib yuradi. Tishlari, asosan, konus shaklida. Dumi juda qisqa, terisi ostida qalin yogʻ qatlami bor. Bu qatlam hayvonlarni sovuqdan saqlaydi. Ular och qolganda yogʻ qatlam hisobiga yashaydi. Koʻzlari suv ostida koʻrishga moslashgan. Quloq suprasi juda kichkiva yoki boʻlmaydi. Burun teshiklari faqat nafas olganda ochiladi. K. suv yuzasida dam oladi va uxlaydi. Suv tagida uzoq tura oladi. K. suvda oziqlanadi, ozigʻini chaynamay yutadi (mollyuskalarning chigʻanogʻini tishida maydalaydi). K. urchish, tullash, tugʻish va bolasini emizish, dam olish uchun quruqlikka yoki muz ustiga chiqadi. K. eng kichik turining boʻyi 1,3 m (halqa naqshli tyulen yoki nerpa), eng kattasiniki 5,5 m (dengiz fili). K.ning 31 turi maʼlum 3 oilaga: morjlar, quloqli tyulenlar va asl tyulenlarga boʻlinadi. Okean larda, sovuq va oʻrta mintaqadagi dengizlarda, jumladan, Qora dengiz va Kaspiy dengizda uchraydi. Ayrim turlari koʻllar (mas, Ladoga va Baykal)da ham yashaydi. 6 turi va 3 ta kenja turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil