Koʻper Jeyms Fenimor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KOʻPER (Cooper) Jeyms Fenimor (1789.15.9, Berlington, Nyu-York — 1851.14.9, Koʻperstaun) — amerika romantik yozuvchisi. Birinchi romani — "Ehtiyotkorlik" (1820). Amerika inqilobi tarixiga oid "Josus" (1821) tarixiy sarguzasht romani unga katta shuhrat keltirgan. K.ning 32 roman, 10 jilddan ortiq sayohatnomalari hamda bir necha jilddan iborat publitsistik asarlari bor. "Soʻnggi mogikan" (1826), "Choʻl" (1827), "Izqunar" (1840), "Chingachguk — ulkan ilon" (1841) va boshqa romanlarida oq tanlilarga qarshi kurashgan Amerika indeyslarining hayoti, vatanparvarligi tasvirlangan. "Lotsman" (1823), "Boston qamali" (1825) romanlari dengizchilarning sarguzashtlariga bagʻishlangan. Yevropadagi voqealar tasvirlangan tarixiy romanlar turkumi ("Qandingni ur", 1831; "Geydenmauer yoki Benediktliklar", 1832; "Jallod yoki uzumzorlar abbatligi", 1833 va boshqalar) K. ijodida muhim ahamiyat kasb etgan. K. 30-yillarning 2-yarmidan boshlab Amerika hayotidagi illatlarni fosh etuvchi hajviy asarlar yoza boshlagan. "Mo-nikinlar" (1835) romanida maʼrifatparvarlar va J. Svift ijodiga xos ramziylik, majoziylik anʼanalarini davom ettirgan. Amerika adabiyotining rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan K. asarlari jahondagi koʻplab tillarga tarjima qilingan, ular asosida kinofilmlar ishlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Soʻnggi mogikan, T., 1973; Chingachguk - ulkan ilon, T., 1971-1986; Josus, T., 1979; Izkunar, T., 1984.[1]





  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil