Koʻp ukladli iqtisodiyot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Koʻp ukladli iqtisodiyot -turli mulk shakllari va har xil xoʻjalik turlarining yaxlitligidan tashkil topgan iqtisodiy tizim. Xoʻjalik yuritish tarzi va uklad subʼyektlari faoliyatini tashkil etishning oʻziga xos tizimiga ega boʻlgan turli ishlab chiqarish munosabatlarining birgalikda mavjud boʻlishi bilan yakka ukladli iqtisodiyotdan farq qiladi. Har qanday iqtisodiyot koʻp ukladli harakterga ega.

Iqtisodiyot tuzilmalarning oʻzgaruvchanligi ukladlar xususiyatlariga katta taʼsir koʻrsatadi, natijada yangi ukladlar paydo boʻlgach, eskilari sifat jihatidan yangi ukladlarga aylanadi yoki yoʻqolib ketadi. Bu jarayonlar, ayniqsa, bir iqtisodiy tizimdan ikkinchisiga oʻtishda yoki uning oʻzgarishida yaqqol koʻrivadi. Shunga muvofiq \olda ukladlar 2 guruhga boʻlinadi: oʻtmishda ustun boʻlgan ijtimoiy tizimlarning qoldigʻi tarzida mavjud boʻladigan ukladlar; ishlab chiqarish usullari va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardagi oʻzgarishlar natijasida paydo boʻladigan ukladlar. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti davomida turli davrlarda biron-bir uklad hukmron mavqeida turgan. Mas, kapitalizmda, garchi davlat, mayda tovar ishlab chiqarish ukladlari mavjud boʻlsada, kapitalistik uklad hukmron boʻlgan.

SSSR da davlat ukladi hukmron boʻlishiga qaramay (mulkning 90% davlat qoʻlida toʻplangan) mayda tovar, oilaviy va xufiya ukladlar ham mavjud boʻlgan. Hozir jahonda iqtisodiyotga koʻp ukladlilik yangi sifat kasb etmoqda. Koʻp ukladli iqtisodiyot munosabatlaridagi turli "boʻgʻinlar"ning notekis oʻzgarishlari har xil ukladlarni paydo etmoqda. Bunda ukladlarning oʻzaro kurashi, birining ikkinchisi ustidan hukmronligi va zoʻravonligi jarayoni emas, balki ishlab chiqarish jihatidan ham, ijtimoiy-iqtisodiy jihatidan ham ularning birgalikda mavjudligi va oʻzaro hamkorligi vujudga kelmokda (qarang Aralash iqtisodiyot). Ayni paytda samaradorlikdagi oʻzgarishlar nuqtai nazaridan ukladlar oʻrtasida raqobatchilik harakteri kuchayib bormoqda. Rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitlarida amalda hukmron mavqeni egallagan uklad yoʻq. Ukladlar faoliyati va ularning oʻzaro munosabatlarini tartibga solishni davlat oʻz zimmasiga oladi. Davlat qonunlar tizimi orqali mulkchilik shakli, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqa qanday boʻlishidan qatʼi nazar, har bir uklad manfaatlarini himoya qiladi. Hozirgi aralash iqtisodiyot kapitalistik, nokapitalistik va bozor koʻrinishlaridagi xilma-xil ukladlardan iborat. Koʻpgina ukladlar faoliyatini harakatlantiruvchi kuch tadbirkorlik boʻlib, uning turli shakllari aralash iqtisodiyotning koʻp ukladli tarzda rivojlanishi shartsharoiti va asosini tashkil etadi.

Bozor iqtisodiyoti xilma-xil, birbiri bilan erkin raqobatlashadigan xoʻjalik ukladlarini taqozo etadi. Hozirgi zamon bozor iqtisodiyotida mayda tovar, jamoa, xususiy, monopollashmagan kapitalistik, monopolistik, davlat monopolistik, transmilliy ukladlar mavjud. Shuningdek, aralash va oʻtkinchi ukladlar ham bor. Turli mamlakatlarda ukladlar nisbati har xil. Ukladlarning yaxlitligini bozor munosabatlari taʼminlaydi. Ukladlar bir-biriga tovarlar, axborot, tajriba, ish kuchi yetkazib beradi. Ular oʻzaro iqtisodiy aloqalarsiz rivojlana olmaydi, ayni vaqtda ular raqobatda boʻladi.

Bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida Oʻzbekiston iqtisodiyoti ham turli mulkchilik (davlat, jamoa, fuqarolar mulki va xususiy mulk)ka va xoʻjalik shakllariga tayanadi. Oʻzbekistondagi koʻp ukladli iqtisodiyot tarkibida davlat sektori, jamoa-kooperativ sektor, individual sektor, xususiy sektor, aralash sektor va xorijiy sektorlar bor. Davlat sektoriga davlat korxonalari, jamoa sektoriga har xil kooperativlar va shirkat xoʻjaliklari, individual sektorga tomorqa xoʻjaligi, yakka tartibda ishlovchilar, yakka dehqon xoʻjaliklari kiradi. Xususiy sektorga ayrim tadbirkorlarga qarashli, yollanma mehnatga asoslangan va oʻz egasiga fonda beruvchi korxonalar karaydi. Aralash sektor davlat-aksiyadorlik, qoʻshma korxonalar, xorijiy sektor chet mamlakatlarga qarashli boʻlib, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan korxonalarni oʻz ichiga oladi.

Alisher Vahobov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil