Koʻmir sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koʻmir sanoati — yoqilgʻi sanoatining asosiy tarmoqlaridan biri. K.s koʻmirni qazib olish (ayrim holdarda boyitish, briketlash) va isteʼmolchilarga yetkazib berish jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Kumir qazib olishning eng afzal va samarali usuli uni ochiq usulda, karyerlardan qazib olish hisoblanadi. Komir konlari chuqurda joylashgan boʻlsa, u yopiq (shaxta) usulida qazib olinadi. Hozirgi paytda koʻmirni tejamli gidravlik usulda qazib olish keng qoʻllanilmoqsa. Koʻp holdarda koʻmir yer tagida toʻgʻridantoʻgʻri gazga aylantirish yoʻli bilan isteʼmolchilarga bevosita quvurlar orqali uzatiladi.

Qadim zamonlarda koʻmir oddiy usulda (Xitoy, Gretsiya) qazib olingan va yoqilgʻi sifatida foydalanilgan. Keng miqyosda foydalanish va Koʻmir sanoatining tarmoq sifatida vujudga kelishi 18-asr ning 2-yarmiga toʻgʻri keladi. Bu paytda qazib olingan koʻmirdan Angliyada choʻyan eritishda foydalana boshlandi. 19-asr dan boshlab koʻmir transport sohasida keng koʻlamda ishlatila boshlandi. 20-asr boshlarida koʻmir insoniyatning yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojining 70% ini qondirgan boʻlsa, hozirgi vaqtda ushbu koʻrsatkich 20—25% dan oshmaydi. Uning oʻrnini tabiiy gaz va neft egʻallamoqda. Jahondagi 60 mamlakatda koʻmir qazib chiqariladi (qarang [[Kumir konlari). Koʻmirning 90% qazib olinadigan davlatda ishlatiladi, uning faqat 10% eksport qilinadi. Koʻp miqdorda koʻmir eksport qiladigan davlatlar qatoriga AQSH, Avstraliya, JAR, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa kiradi. Dunyoda jami qazib olinayotgan 5 mlrd. t koʻmirning 1 mlrd. t dan ortigʻi qoʻngʻir koʻmirdir. Qoʻngʻir koʻmirning yirik konlari Rossiya, Qozogʻiston, Polsha, AQSH (gʻarbiy qismida), Xitoy va boshqa mamlakatlarda joylashgan. Ulkan qoʻngʻir koʻmir konlar: Kansk — Achinsk, Moskva ostonasi, Chelyabinsk (Rossiya), Ekibas-tuz (Qozogʻiston), Yuqori Sileziya (Polsha), Leypsig (Germaniya) va boshqa Bu konlarning har birida 100 mlrd. dan to bir necha trln. tonnagacha koʻmir zahiralari mavjud.

Koʻmir sanoatiga xos muhim xususiyatlardan biri uning metallurgiya va ogir mashinasozlik sanoati tarmoqlari bilan bir hududda joylashishidir. Ana shunday koʻmir-metallurgiya-mashinasozlik markazlari qatoriga Appalachi (AQSH), Rur (Germaniya), Donbass (Ukraina), Koʻzbass (Rossiya), Shim.-Sharqiy Xitoy va boshqa kiradi.

Oʻrta Osiyodagi koʻmir konlarini oʻzlashtirish 19-asrda (1882-yildan boshlab) Belgiya, Fransiya va Angliyaning xususiy kompaniyalari tomonidan boshlangan. Bu yerdarda konlarini ochish ishlari 1882-yilda Fargʻona vodiysida boshlandi. Sulukta, Qizilqiya, Shoʻrob koʻmir konlari Oʻrta Osiyodagi toʻngʻich koʻmir konlaridir. Umuman, Oʻzbekistonda koʻmirni sanoat usulida qazib olish 1930-yillar oxiridan boshlangan.

Bu paytda Angren koʻmir koni, Shargʻun koʻmir koni, Boysun toshkoʻmir koni ochilgan.

1990-yildan keyingi davrda koʻmir qazib chiqarish hajmi respublikada keskin qisqarib, 2001-yilga kelib 2,6 mln. tonnani tashkil qildi. Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi balansi koʻmir hissasi 1,5%ni tashkil etadi (2000). Respublikada koʻmir qazib olish texnologiyasini yanada zamonaviylashtirish dasturi amalga oshirilmoqda (qarang "Koʻmir" aksiyadorlik birlashmasi).

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Tomalak S. M., Ugol Oʻzbekistova, T., 2001.

Nuriddin Musayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil